Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Ikki general urushi: «jahannamga aylangan» davlat haqida
Notinch dunyomizdagi eng xavfli hududlardan biri Sudan. Quyida Sudandagi inqiroz qayerdan boshlangani, hozir nimalar bo‘layotgani haqida imkon qadar qisqa gapirib berishga harakat qilamiz.
Ikkiga bo‘lingan davlat
Uchinchi yilki fuqarolik urushi ichida yashayotgan Sudan amalda ikkiga bo‘lingan. Yo‘q, arablar boshqaruvidagi Sudan va davlat tili ingliz tili bo‘lgan Janubiy Sudanning alohida bo‘linishini aytmayapman, bu endi yangilik emas, Sudan ikkiga bo‘linganiga 15 yil bo‘lyapti. Hozir arablar boshqaruvida qolgan, aholisining deyarli barchasi sunniy musulmonlar bo‘lgan Sudan respublikasi ham amalda ikkiga bo‘lingan: Sudan hukumat kuchlari nazorat qiladigan va «Tezkor harakat kuchlari» deb atalgan isyonchi guruh nazorat qiladigan ikki qismga.
Hozir ana shu ikki guruh urushyapti. Oxirgi vaqtlarda Sudan inqirozi axborot olamida tez-tez tilga olinayotganiga sabab ana shu «Tezkor harakat kuchlari» hukumat kuchlari nazoratidagi Al Fashr shahrini egallab olgani bo‘ldi. Harbiylashgan isyonchi guruh shaharni egallab olganidan keyin yuzlab odamlarni qirib tashlagan. Rasmiy ma’lumotga ko‘ra Saudiya homiylik qiladigan kasalxonaning o‘zida 460 kishi vahshiylarga otib tashlangan.
Tarmoqda bu guruh a’zolari odamlarni azoblab o‘ldirayotgani, «Kechirim so‘rasang, omon qolasan», deb aldab otib tashlagani, mashinada bosib o‘ldirayotgani aks etgan dahshatli videolar tarqaldi. Ishoning, oxirgi yillarda sudanliklar xuddi G‘azodagidek dahshatli kun kechirmoqda. Farqi shundaki G‘azoda 1 milliondan, Sudanda 50 milliondan ortiq odam yashaydi. 2023 yildan buyon davom etayotgan to‘qnashuvlarda kamida 40 ming tinch aholi vakili halok bo‘lgan, 15 millionga yaqin odam o‘z uyini tashlab qochishga majbur bo‘lgan.
Nimadan boshlandi?
Hammasi 2018 yil mamlakatdagi iqtisodiy ahvolga qarshi namoyishlardan boshlanadi. Fuqarolar mamlakatni 30 yildan buyon boshqarib kelayotgan Umar al Bashir iste’fosini talab qila boshladi. Namoyishlardan to‘rt oy o‘tib mamlakatda harbiy to‘ntarish bo‘ladi, prezident Umar al Bashir hibsga olinadi. Yangi rahbar armiya generali Abdul Fattoh al Burhon bo‘ladi. Yil oxirida Burhon yana bir harbiy to‘ntarish qilib Sudanni to‘liq harbiylar boshqaruvidagi davlatga aylantiradi.
Ana shunda Sudan hukumati chinakam jahannam tomon yirik qadam qo‘yadi. Axir harbiy boshqaruvdagi davlatning kelajagi nima bo‘lishini tarix ko‘p marta ko‘rsatgan. Davlatni siyosatchilar emas, harbiylar boshqarsa, birinchi muammo hukumat talashish bo‘ladi. Buni bilish uchun daho bo‘lish shart emas. Hukumatni qo‘lga olgan general Burhon va uning o‘rinbosari, eski vazifasi namoyishlarni tinchitish bo‘lgan «Tezkor harakat kuchlari» yetakchisi general Muhammad Hamdan Dagalo o‘rtasida kelishmovchilik boshlanadi.
Dagalo boshchiligidagi kuchlar Sudan qurolli kuchlari tarkibiga kirishdan bosh tortgach, ikki tomon o‘rtasida urush boshlanadi. Dagaloning «Tezkor harakat kuchlari» xuddi Prigojinning «Vagner»i kabi butun boshli armiya, ular hatto o‘zlari nazorat qiladigan hududlardan erkaklarga chaqiruv e’lon qilib, safini kengaytirib olgan. Aytgancha, Prigojin ham Sudanda faoliyat yuritgan, o‘zi uning Afrikada bormagan joyi qolmagan.
Hukumat kuchlariga bo‘ysunmagan Dagalo kuchlarining katta miqdorda quroli bor edi, oqibatda Sudandagi yirik shaharlar uchun qonli urushlar boshlanadi. Hammasining sababi bitta — hukumat talashish! Dahshat, shunday emasmi? Shunchaki ikki general kim mamlakat xavfsizlik kuchlarini boshqarishi borasida kelisha olmagani uchun o‘n minglab tinch aholi o‘lib ketdi, millionlab odamlar vatanini tashlab qochishga majbur bo‘ldi.
Tashqi aralashuv
Sudanda vaziyat shundog‘am chalkashib ketgani yetmaganday boshqa davlatlar ham urushga aralashadi. Liviyalik harbiy Xalifa Xaftar «Tezkor harakat kuchlari»ni qo‘llaydi, ularga qurol ham yuboradi. Misr esa hukumat kuchlarini qo‘llaydi, Misr razvedkasi Sudan hukumat kuchlariga tezkor razvedka ma’lumotlari yetkazib turadi, yirik nashrlar Misr aviatsiyasi «Tezkor qarshilik kuchlari» pozitsiyalariga zarba bergani haqida yozadi.
Bu mojaroda Misr o‘z manfaatlari uchun harakat qilishini tushunish mumkin. Chunki Misrning xonumoni, bor-u yo‘g‘ini belgilab beradigan Nil daryosi aynan qo‘shni Sudandan oqib keladi. O‘zi Efiopiya Nil yo‘liga damba qurib vaziyatni og‘irlashtirib yuborgan, Sudandagi isyonchilar ham daryo yo‘liga to‘siq qo‘ysa, Misrning ahvoli og‘irlashadi.
2023 yil aprelda «Tezkor harakat kuchlari» 200 ga yaqin misrlik harbiyni asir oladi. Keyinroq ular qo‘yib yuboriladi. Mojaroga Ukraina ham aralashib qoladi, axir Sudanda Afrikada oltin to‘plab, Ukrainaga qarshi urush uchun yuborib yurgan vagnerchilar bor edi. Sudan hukumati vagnerchilarga qarshi kurashda yordam so‘rab Ukrainaga murojaat qiladi, Kiyev kamida 100 kishidan iborat razvedka guruhini yuboradi. Ular asosan dron yordamida vagnerchilar bilan urushadi.
Qanday chora bor?
Shu kunlarda «Tezkor harakat kuchlari» AQSh va arab davlatlarining taklifini qabul qilib, humanitar sulhga rozi bo‘ldi. Hozircha Sudan hukumat kuchlari taklifga javob bermadi, lekin ular ham rozi bo‘lishsa kerak. Sudan mudofaa vaziri Trampga minnatdorlik bildirish asnosida «mamlakat isyonchilar bilan urushga tayyorlanishga haqliligini» aytdi. Hukumat kuchlari «Tezkor harakat kuchlari» tarqatib yuborilib, harakat boshliqlari, xususan, general Dagalo javobgarlikka tortilsagina sulhga rozi bo‘lmoqchi.
Hozir mamlakatdagi vaziyat shunchalik og‘irki, hech kimda urushadigan kuch qolmagan. Sudanda hayot to‘xtab qolgan hisob, ishlab chiqarish, qishloq xo‘jaligi qotib qolgan, odamlarning asosiy muammosi bolasining qornini to‘yg‘izish. Tabiiyki bunday sharoitda iqtisod ham qulaydi, qurol-yarog‘ sotib olish imkonsiz. Lekin ikki tomonda ikki armiya tinmay urushmoqda. To‘g‘ri, tushundingiz ularga qurol berib turishibdi.
Hozir Tramp boshchiligida bo‘ladimi, arab davlatlar boshchiligidagi Sudandagi harbiy harakatlarni har qanday yo‘l bilan to‘xtatish zarur, chunki urushdan tinch aholi, ayollar, bolalar, qariyalar jabr ko‘rmoqda. Aftidan, bu urushni to‘xtatish tashqi aralashuvsiz imkonsiz. Shu sabab davlatlar diplomatik va boshqa yo‘llar bilan hukumat talashayotgan kuchlar o‘rtasidagi urushni to‘xtatishi kerak.
Keyin esa, hammasi tinchiganidan keyin, aslo mamlakatni boshqarishni harbiylarga topshirish kerak emas. Aynan harbiy diktatura boshqaruviga o‘tish Sudanni dunyoda yashash eng og‘ir davlatga aylantirdi. Atrofdagi davlatlar ham «manfaat, manfaat» demay Sudandagi vaziyat tinchishiga yordam berishi kerak, urushni gijgijlashi emas. Sudanda eng birinchi sudanliklar manfaati bo‘lishi kerak!
O‘tkir Jalolxonov tayyorladi
Tasvirchi va montaj ustasi — Faxriddin Hotamov
Mavzuga oid
14:10 / 26.11.2025
Urush va OAV: haqiqat qayerda?
16:04 / 04.11.2025
Sudan inqirozi: Misr, BAA, Saudiya va Rossiya manfaati to‘qnashyaptimi?
16:32 / 31.10.2025
Sudanda dahshatli qirg‘in: isyonchilar shifoxonadagi 460 kishini otib tashlagan
13:57 / 28.10.2025