Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
London sanksiyalar sharoitida RFdan aviatsiya texnikasi xaridini tekshirmoqda
Buyuk Britaniya hukumati ma’lumotlariga ko‘ra, yilning birinchi yarmida mamlakatga Rossiyadan yetkazib berishlarning deyarli yarmi aviatsiya texnikasiga to‘g‘ri kelgan. Hozircha rasmiylar bu xaridlar sanksiyalar rejimi doirasida ruxsat etilgani yoki etilmaganini ayta olmayapti.
Foto: Tom Nicholson/REUTERS
Buyuk Britaniya hukumati Moskvaga nisbatan joriy etilgan sanksiyalar buzilgan-buzilmaganini, ya’ni rus aviatsiya texnikasini sotib olish bilan bog‘liq holatni aniqlashga urinyapti. Bu haqda The Observer gazetasi 9 noyabr kuni xabar berdi.
Nashr keltirgan Tijorat va biznes bo‘yicha vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yil yanvar–iyun oylarida Rossiyadan Buyuk Britaniyaga 80 mln funt sterling (taxminan 91 mln yevro) qiymatida tovar kiritilgan — bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 21,2 foizga ko‘p. Shu summaning deyarli yarmi — 36,3 mln funt sterling (41,3 mln yevro) — aviatsiya texnikasi ulushiga to‘g‘ri keladi. Bu aniq qaysi turdagi texnika ekani ochiqlanmagan.
Britaniyalik rasmiylar kim xarid amalga oshirgani va u mamlakatning sanksiyalar rejimiga muvofiq bo‘lgani yoki bo‘lmagani haqida ma’lumot bera olmadi. Mazkur rejim aviatsiya mahsulotlari va texnologiyalarini, shuningdek, Rossiyaga “sezilarli daromad keltiradigan” har qanday boshqa tovarlarni sotib olishni taqiqlaydi.
Buyuk Britaniya hukumati vakili cheklov choralariga rioya qilmaslik yirik jarimalar va hatto jinoiy ta’qibga olib kelishi mumkin bo‘lgan huquqbuzarlik ekanini eslatdi. “Britaniya kompaniyalari tomonidan talablarga rioya etilmagani to‘g‘risidagi xabarlarni juda jiddiy qabul qilamiz. Har qanday kompaniya savdo sanksiyalarini buzgan bo‘lishi mumkin, deb hisoblagan fuqarolarni bu haqda hukumatga xabar berishga chaqiramiz”, — dedi u.
The Observer ta’kidlashicha, bu — Ukrainadagi urush munosabati bilan sanksiyalar joriy etilganidan beri Rossiyadan Buyuk Britaniyaga aviatsiya texnikasi importi bo‘yicha birinchi ehtimoliy holat.