O‘zbekiston | 16:02 / 10.11.2025
6297
2 daqiqa o‘qiladi

Prezident tibbiyot xodimlariga qo‘shimcha rag‘batlar e’lon qildi

Endilikda davlat tibbiyot muassasalari xodimlariga Tibbiyot va farmatsevtika xodimlari kuni munosabati bilan yil sayin pul mukofoti beriladi. Yangilik joriy etgan shifokor - 21 mln so‘m, 15 yillik staj - sanatoriyga bepul yo‘llanma va farzandi kontraktiga 30 foiz chegirma, 500 nafar yetakchiga ipotekaning 25 foiz kompensatsiyasi kabi rag‘batlar kiritildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident tibbiyot sohasi xodimlarini moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirishga qaratilgan qator choralarni ma’lum qildi.

Asosiy rag‘batlar:

Yillik pul mukofoti: har yili «Tibbiyot va farmatsevtika xodimlari kuni» doirasida davlat tibbiyot muassasalaridagi barcha xodimlar rag‘batlantiriladi.

Innovatsiya uchun mukofot: tumanda yangi davolash usulini joriy etgan shifokorlarga — 21 mln so‘m.

Uzoq yillik mehnat uchun imtiyozlar:

  • davlat tibbiyot muassasasida 15 yil ishlagan xodimlarga sanatoriyga bepul yo‘llanma;
  • farzandi davlat OTMga o‘qishga kirsa, bir yillik kontrakt summasiga 30 foiz chegirma;
  • har yili alohida natija ko‘rsatgan 500 nafar xodimga ipoteka krediti boshlang‘ich badalining 25 foizi davlat tomonidan kompensatsiya qilinadi.

Yuqori texnologiyali yordam: 3 yil va undan ortiq stajga ega xodimlarga zarurat tug‘ilganda yilda bir marta yuqori texnologiyali ixtisoslashgan tibbiy yordam bepul ko‘rsatiladi.

Ilmiy faoliyat: xalqaro indeksatsiyalangan jurnallarda ilmiy maqola chop etishga sarflangan xarajatlar to‘liq qoplanadi.

Kutilishicha, ushbu choralar tibbiyot xodimlarining mehnat unumdorligini oshirish, klinik amaliyotga innovatsiyalarni joriy etish va kadrlar barqarorligini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Mavzuga oid