O‘zbekiston | 14:57 / 10.11.2025
1177
2 daqiqa o‘qiladi

Qalqonsimon bez kasalliklari bir qator hududlarda balandligicha qolyapti

Endokrin kasalliklar dorilari uchun har yili 100 mlrd so‘m ajratilayotganiga qaramay, Qoraqalpog‘iston, Samarqand, Surxondaryo va Jizzaxda qalqonsimon bez bilan bog‘liq kasalliklar ko‘rsatkichlari pasaymagani tanqid qilindi. Mas’ul markaz profilaktikani tizimli yo‘lga qo‘ymagani qayd etildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Sog‘liqni saqlash sohasidagi muhokamada endokrin yo‘nalishdagi muammolarga alohida to‘xtalib o‘tildi. Ma’lum qilinishicha, endokrin kasalliklar dorilari uchun budjetdan har yili 100 milliard so‘m mablag‘ ajratiladi. Shunga qaramasdan, Qoraqalpog‘iston, Samarqand, Surxondaryo va Jizzax viloyatlarida qalqonsimon bez kasalliklari ko‘rsatkichlari yuqoriligicha qolmoqda.

Endokrinologiya markazi so‘nggi bir yilda xizmatlar narxini 35 foizga oshirgani, ammo kasalliklarning oldini olish va aholi orasida maqsadli profilaktika ishlari yetarli darajada tashkil etilmagani tanqid qilindi. Mutasaddilarga hududlar kesimida xavf guruhlarini aniqlash, birlamchi bo‘g‘inda skrining va axborot-tushuntirish kampaniyalarini kuchaytirish, shifokorlar uchun klinik protokollar bo‘yicha amaliy o‘quvlarni yo‘lga qo‘yish vazifalari yuklatildi.

Shuningdek, xususiy sektorda yuqori texnologiyali xizmatlar ustuvorligi qayd etilar ekan, davlat muassasalarida ham resurs va imkoniyatlardan samarali foydalanish, natija ko‘rsatkichlarini joriy etish zarurligi ta’kidlandi.

Mavzuga oid