Jamiyat | 10:47 / 10.11.2025
2791
3 daqiqa o‘qiladi

Sirdaryoda narkolaboratoriya fosh etildi

Guliston shahrida narkolaboratoriya aniqlanib, u yerdan qariyb 4,4 kg mefedron sintetik giyohvand vositasi topildi. Narkolaboratoriyada MDH davlatlari bo‘ylab sintetik narkotiklar sotish bilan shug‘ullanuvchi jinoiy guruh yetkazib bergan xomashyodan giyohvand vositalari tayyorlangan. 

Foto: DXX

Sirdaryoda narkolaboratoriya, Namanganda esa narkosavdogarlar faoliyatiga chek qo‘yildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Guliston shahrida yashovchi 30 yoshli  shaxs va uning 29 yoshli turmush o‘rtog‘i 1995 yilda tug‘ilgan fuqaro bilan kelishgan holda, uning xonadonida sintetik narkotik moddalar tayyorlab, “zakladka” tarzida mijozlarga yetkazib berish bilan shug‘ullanishgan. Ushbu narkolaboratoriyadan 4 kg 373 gr mefedron sintetik giyohvand vositasi, elektron tarozi, mikser, protivogaz, zip-paket va qadoqlashda ishlatiladigan boshqa buyumlar ashyoviy dalil sifatida olingan.

Og‘ufurushlar bu yerda MDH davlatlari bo‘ylab internet tarmog‘ida sintetik narkotiklar sotish bilan shug‘ullanuvchi jinoiy guruh tomonidan xorijdan yuborilgan xomashyolardan foydalanib, giyohvand vositalari tayyorlashgan.

Hozirda mazkur 3 nafar fuqaroga nisbatan Jinoyat kodeksining 273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Davlat xavfsizlik xizmatining Namangan viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Chegara qo‘shinlari, viloyat Ichki ishlar boshqarmasi hamda Bojxona boshqarmasi bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazilgan. Unda Uchqo‘rg‘on tumanida yashovchi 50 yoshli shaxs “o‘zbek-qirg‘iz” davlat chegarasining Uychi tumani Yangiyer mahallasi hududidan o‘tuvchi qismi orqali Qirg‘izistondan O‘zbekistonga qonunga xilof ravishda kirib kelgan vaqtida to‘xtatib qolingan.

Ushbu shaxs tekshirilganida uning yonida bo‘lgan sumka ichida 9 kg 702 gr gashish moddasi borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan. Hozirda unga nisbatan Jinoyat kodeksining 223-moddasi 1-qismi va 246-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan.

Yana bir holatda esa Namangan shahrida yashovchi, 1990 yilda tug‘ilgan fuqaro Qirg‘izistondan aylanma yo‘llar orqali Yangiqo‘rg‘on tumani hududiga kontrabanda qilingan, taxminiy qiymati 3,2 mlrd so‘mdan ortiq bo‘lgan 24 122 dona “Regapen” va 4880 dona “Tropikamid” kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari, 45 turdagi jami 61 287 dona kontrafakt dorilarni qabul qilib olib, ketmoqchi bo‘lgan vaqtida ushlangan.

Shundan so‘ng, ushbu dori vositalarini buyurtma qilgan shaxslar va kurerlarni aniqlash yuzasidan tezkor tadbir davom ettirilgan. Natijada Namangan shahri va Kosonsoy tumanida yashovchi 5 nafar fuqaro aniqlanib, ular xaqiqatan ham kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari va kontrafakt dorilarni Toshkent shahri hamda Farg‘ona vodiysi viloyatlarida sotish bilan shug‘ullanishlari ma’lum bo‘lgan.

Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan ham jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid