Jahon | 15:38 / 10.11.2025
2067
2 daqiqa o‘qiladi

Tramp AQSh fuqarolariga 2000 dollar “dividend” va’da qildi

AQSh prezidenti Donald Tramp mamlakat bojlaridan tushadigan daromadlardan fuqarolarning har biriga kamida 2000 dollar miqdorida “dividend” to‘lashni xohlashini ma’lum qildi. Tegishli yozuvni Oq uy rahbari 9 noyabr kuni Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida joylashtirdi.

Foto: Jonathan Ernst/REUTERS

“Bojlarga qarshi bo‘lgan odamlar — ahmoqlar! Hozir biz dunyodagi eng boy va hurmatli mamlakatmiz, deyarli nol inflatsiya va fond bozorida rekord ko‘rsatkichlar bilan”, — deb ta’kidlaydi Tramp.

“Biz trillionlab dollar olyapmiz va tez orada 37 trln dollarlik ulkan qarzimizni to‘lashni boshlaymiz. AQShda rekord darajadagi investitsiyalar amalga oshirilmoqda, har yerda zavod-fabrikalar qurilyapti. Har bir fuqaroga kamida 2000 dollar miqdorida dividend to‘lanadi (yuqori daromadli shaxslar istisno etiladi)”, — deyiladi xabarda.

Dpa agentligi qayd etishicha, Amerika rahbari bir necha oy avval ham AQSh fuqarolariga to‘lovlar g‘oyasini ommaviy ravishda aytgan, ammo hozirgacha bu chorani amalga oshirish bo‘yicha aniq qadamlarni belgilamagan.

Shu bilan birga, agentlik yozishicha, yaqinda Zohran Mamdaniy Nyu-York meri etib saylangandan so‘ng va butun mamlakat bo‘ylab demokratlarning boshqa ishonchli g‘alabalaridan keyin, Tramp tarafdorlari orasidan u doimiy saylovchilariga — prezidentlik kampaniyasi vaqtida yashash qiymati pasayishini va’da qilgan aholi qatlamiga yetarlicha e’tibor qaratmayapti, degan da’volar yangrayapti.

Tramp o‘z postida “deyarli nol inflatsiya” haqida gapirgan bo‘lsa-da, bu ko‘rsatkich 3 foiz darajasida saqlanib turibdi, deb yozadi dpa. Shuningdek, Nyu-York va boshqa yirik shaharlarda uy-joy ijarasi yuqori bo‘lib qolmoqda.

So‘nggi paytlarda sun’iy intellektga aloqador kompaniyalarga kiritilayotgan investitsiyalar bilan bog‘liq fond bozorida “pufak” yuzaga kelishi mumkinligi haqida ogohlantirishlar ham eshitilmoqda. AQShda aholining ko‘p qismi pensiya ta’minotiga bog‘langan ushbu kompaniyalar aksiyalariga egalik qiladi, deb yozadi agentlik.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid