Jahon | 12:08 / 10.11.2025
1061
4 daqiqa o‘qiladi

YeI va Lotin Amerikasi birgalikda jinoyatchilikka qarshi kurashadi

Yevropa Ittifoqi (YeI) va Lotin Amerikasi hamda Karib havzasi davlatlari hamjamiyati (CELAC) sammiti Kolumbiyada ochildi. Uning asosiy mavzulari - iqtisodiyot, uyushgan jinoyatchilik, korrupsiya, giyohvand moddalar va odam savdosiga qarshi kurash.

Foto: X / infopresidencia

Yevropa Ittifoqi va Lotin Amerikasi hamda Karib havzasi davlatlari hamjamiyati (CELAC) sammiti 9 noyabr kuni Kolumbiyaning Santa-Marta shahrida boshlandi. Tadbirning maqsadi — tomonlar o‘rtasidagi sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash. Kun tartibiga, boshqa narsalar qatorida, iqtisodiy masalalar, uyushgan jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurash, giyohvand moddalar va odam savdosiga barham berish masalalari kiritilgan.

Dpa agentligi xabariga ko‘ra, sammitda “xavfsizlik bo‘yicha ittifoq” tuzish rejalashtirilmoqda. Uning doirasida a’zo davlatlar politsiyasi, adliya organlari va bojxona tizimlari o‘z faoliyatini yaqin hamkorlikda muvofiqlashtiradi.

Xususan, tergov ishlarini o‘tkazishda idoralar o‘rtasida hamkorlik qilish, moliyaviy oqimlar ustidan nazoratni kuchaytirish, shuningdek, chet eldagi noqonuniy aktivlarni qaytarish mexanizmlarini joriy etish to‘g‘risida so‘z bormoqda. Bundan tashqari, YeI va CELAC a’zolari jinoiy ta’qib va axborot almashinuvi sohasida hamkorlikni kengaytiradi, kontrabanda tarmoqlari, odam savdosi va ekologik jinoyatchilikka qarshi kurashni kuchaytiradi.

Sammitga kelgan YeIning tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Kaya Kallas bildirishicha, dengiz yo‘llarini himoya qilish bo‘yicha YeI dasturini ham kengaytirish rejalashtirilgan. Bu axborot almashinuvini yaxshilashga va dengizdagi jinoyatchilikka qarshi kurashishga yordam beradi, deya ta’kidladi u.

Shu bilan birga, YeI–CELAC sammiti AQSh bilan Lotin Amerikasidagi ayrim mamlakatlar o‘rtasida o‘sib borayotgan taranglik soyasida o‘tmoqda. AQShning mintaqada ehtimoliy giyohvand moddalar savdogarlariga bir necha bor zarba bergani, shuningdek, Karib dengiziga harbiy kemalar yuborgani ortidan kuzatuvchilar harbiy to‘qnashuv ehtimolidan xavotirda. Kaya Kallasning ta’kidlashicha, “kuch ishlatish faqat ikkita asos bilan oqlanishi mumkin: yoki qonuniy o‘zini himoya qilish maqsadida, yoki BMT Xavfsizlik Kengashi rezolyutsiyasiga binoan”.

AQSh prezidenti Donald Tramp Venesuela rahbari Nikolas Maduroni giyohvand savdosini nazorat qilayotganlikda ayblamoqda. Shu bilan birga, Kolumbiya prezidenti Gustavo Petroni AQSh rahbari “giyohvand moddalar savdosi oqsoqoli” deb atadi. Ilgari Petro AQSh tomonidan Karib dengizi orqali giyohvand moddalarni AQShga tashish bilan shug‘ullanadi, deb hisoblangan qayiqlarga qarshi amalga oshirilgan harakatlarni “suddan tashqari jazolash” deb baholagan edi.

YeI–CELAC sammitiga o‘nga yaqin mamlakatlar davlat yoki hukumat rahbarlarini yubordi. Ular orasida Ispaniya bosh vaziri Pedro Sanches, Braziliya prezidenti Luis Inasiu Lula da Silva va Yevropa Kengashi raisi Antoniu Koshta bor. Germaniya nomidan tashqi ishlar vaziri Yoxann Vadeful ishtirok etmoqda.

Vadeful sammitga jo‘nab ketishdan oldin, GFR Lotin Amerikasi va Karib havzasi mamlakatlari bilan birgalikda mintaqada tinchlik va xavfsizlikni ta’minlash uchun sa’y-harakat ko‘rsatishga tayyor ekanini bildirdi: “yoki uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash, Haitidagi inqiroz sharoitida qo‘llab-quvvatlash, yoki Kolumbiyadagi tinchlik jarayoniga qadar — qaysi masala bo‘lmasin”.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid