Texnologiya | 14:44 / 11.11.2025
2233
2 daqiqa o‘qiladi

Beekeeb Toucan: klaviatura va sichqonchani birlashtirgan noodatiy gadjet

Amerikalik Beekeeb kompaniyasi safarda ham qulay ishlashni yoqtiradigan foydalanuvchilar uchun yangi Toucan klaviaturasini taqdim etdi. Ushbu ixcham qurilma bitta korpusda bo‘lingan ergonomik klaviatura va dumaloq sensorli panelni birlashtiradi. Eng muhimi - u oddiy mexanik klaviaturalardan bir necha baravar yengil va osongina sumkaga joylashadi.

Toucan ikkita mustaqil qismdan iborat bo‘lib, har birida 21 tadan tugma joylashgan. O‘ng tomonda 40 millimetrli dumaloq tachpad mavjud va u sichqoncha o‘rnini to‘liq bosadi.

Klaviatura ZMK ochiq kodli dasturiy ta’minoti asosida ishlaydi — u klaviatura faol bo‘lmaganida uyqu rejimiga o‘tadi va tegish bilan darhol ishga tushadi. Shu tufayli 1500 mA·soat sig‘imli batareya bilan 4000 soatgacha, ya’ni deyarli yarim yil ishlash imkonini beradi.

Tugmalar ustunlari vertikal joylashgan, bu esa uzoq yozish paytida bilakdagi bosimni kamaytiradi. Korpus alyuminiy plastinka va 3D-printerda tayyorlangan plastmassadan yasalgan bo‘lib, bu qurilmani bir vaqtning o‘zida mustaxkam va yengil qiladi.

Toucan’da Kailh Choc V1 past profilli mexanik tugmalar ishlatiladi — foydalanuvchi ularni bosish hissiga qarab tanlashi mumkin.

Qurilma uch xil shaklda taqdim etilgan: o‘zingiz yig‘ish imkonini beruvchi DIY-to‘plam — 189 dollar, tayyor, lekin tugmasiz va klavish qopqoqsiz versiya — 298 dollar, to‘liq o‘rnatilgan va ishlatishga tayyor komplekti esa 352 dollar turadi.

Texnologiyalar tez o‘zgarayotgan bugungi kunda eng so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘lish muhim. Raqamli dunyoda adashib qolmaslik va shunday yangiliklarni birinchilardan bilish uchun KUN.UZ Texnologiya Telegram sahifasini kuzatib boring.

Аббос Юсуфжонов
Tayyorlagan Аббос Юсуфжонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid