Jahon | 15:51 / 11.11.2025
3217
2 daqiqa o‘qiladi

Belarus Litva raqamiga ega yuk mashinalarining Yevropaga o‘tishini yopdi

Belarus vaqtincha o‘z nazorat-o‘tkazish punktlari orqali Litva raqamiga ega yuk avtomobillari harakatini to‘xtatdi. Belarus TIV mamlakatda 1100 dan ortiq mashina qolib ketganini xabar qildi.

Foto: Belarus Chegara qo‘mitasi

Belarus Chegara qo‘mitasi tarqatgan bildiruvga ko‘ra, 10 noyabr kuni soat 9:00 dan e’tiboran, Litva raqamiga ega yuk mashinalarining Belarus o‘tkazish punktlari orqali harakati vaqtincha to‘xtatildi — bu haqda idoraning Telegram-kanalida xabar qilindi.

Chegarachilarning aytishicha, bu choralar «yuk tashuvchilarni turar joy maydonlari bo‘ylab tashkil etilgan holda qayta taqsimlash maqsadida» qabul qilingan. «Belarus Respublikasining Chegara xizmati vaziyatni monitoring qilmoqda va uning o‘zgarishiga doimo tayyor», — deyiladi bayonotda.

Shu kuni Belarus tashqi ishlar vazirligi saytida ham xabar e’lon qilindi: unda mamlakat hududida «Litva tashuvchilariga tegishli 1100 dan ziyod yuk transport vositalari to‘planib qolgani» va «Belarus tomoni ularni "Kotlovka" nuqtasi atrofidagi maxsus jihozlangan turar joylarga ko‘chirish to‘g‘risida qaror qabul qilgani» aytilgan.

TIV, shuningdek, gumanitar sabablardan yuk avtomobillari haydovchilariga Belarusni tark etish imkoni berilganini qo‘shimcha qildi. Diplomatlar ayni vaziyat uchun aybni «bir tomonlama tarzda» Belaruc-Litva chegarasidagi o‘tkazish punktlarini yopgan Litva tomoniga yukladi.

7 noyabr kuni Litva bosh vaziri maslahatchisi Ignas Dobrovolskas jurnalistlarga Vilnyus Belarusda qolib ketgan yuk mashinalarini mamlakatga kiritishga tayyor ekanini aytdi, deb xabar beradi LRT.lt portali. «Biz yuk mashinalarining yurtimizga qaytishini istaymiz, ammo chegara yopiqligicha qolmoqda. Biz faqat o‘z yuk mashinalarimiz qaytishi uchun evakuatsion koridor haqida gapiryapmiz — ushbu taklif Belarusga yetkazilgan, shunday qilib transport vositalarimizni qaytarishimiz mumkin», — dedi u va «jarayonni Belarus tomoni to‘sib qo‘yganini» qo‘shimcha qildi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid