Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Tramp Oq uyda Suriyaning vaqtinchalik prezidentini qabul qildi
Suriya AQSh boshchiligidagi IShIDga qarshi koalitsiyaga qo‘shildi. Avvalroq Donald Tramp va Ahmad ash-Shar’aning Vashingtondagi uchrashuvidan keyin shunday qaror kutilayotgan edi.
Foto: SANA/AFP
AQSh prezidenti Donald Tramp 10 noyabr kuni Oq uyda Suriyaning vaqtinchalik prezidenti Ahmad ash-Shar’a bilan uchrashdi. Xuddi shu kuni Suriya o‘tish davri hukumatining axborot vaziri Hamza Mustafo X ijtimoiy tarmog‘ida Damashq AQSh boshchiligidagi xalqaro koalitsiyaga, ya’ni terrorchi IShID guruhiga qarshi kurash koalitsiyasiga qo‘shilganini yozdi va shu orqali “terrorizmga qarshi kurash va mintaqaviy barqarorlikni qo‘llab-quvvatlashda o‘z hamkorlik rolini mustahkamlaganini” ta’kidladi.
Vazirning aniqlashtirishicha, mazkur kelishuv “siyosiy tusga ega bo‘lib, harbiy tarkibiy qismga ega emas”. Dpa agentligi qayd etishicha, Suriyaning AQSh boshchiligidagi IShIDga qarshi koalitsiyaga qo‘shilishi mamlakat vaqtinchalik prezidenti Ahmad ash-Shar’aning Vashingtonga safari munosabati bilan kutilgan edi.
2014 yilda IShID terrorchilari Suriya va qo‘shni Iroqda katta hududlarni egallagan edi. Bugunga kelib u harbiy jihatdan mag‘lub etilgan, deb hisoblanadi, ammo taxminan 2500 nafar jangari hali ham Iroq va Suriyada yashirinib, teraktlar uyushtirishi mumkinligi bildiriladi.
2024 yil oxirida o‘sha paytdagi prezident Bashar Asadni ag‘dargan Ahmad ash-Shar’a avvalgi faoliyati davrida Abu Muhammad al-Jo‘loniy nomi bilan tanilgan. U shu nom bilan 2003 yilda AQSh boshchiligidagi xalqaro terrorizmga qarshi koalitsiya kuchlariga qarshi kurashishni boshlagan. 2006 yilda u amerikalik harbiylar tomonidan qo‘lga olinib, Iroq qamoqxonalarida besh yil o‘tirgan.
2011 yilda ozod etilgandan so‘ng ash-Shar’a “Jabhat an-Nusra” — “Al-Qoida”ning Suriya bo‘limini tuzib, boshqardi. 2017 yilda “Jabhat an-Nusra” “Hay’at Tahrir ash-Shom” deb qayta tashkil etilgan. Yangi tuzilmaning asosiy maqsadi Asadni ag‘darish bo‘lgan.
10 noyabr kuni Fox News telekanali efirida ash-Shar’a “Al-Qoida” bilan hamkorligi “o‘tmishga oid ish” ekanini, Tramp bilan uchrashuvda bu masala muhokama qilinmaganini aytdi.
Ahmad ash-Shar’a Suriya mustaqillikka erishgan 1946 yildan buyon AQSh prezidenti tomonidan Oq uyda qabul qilingan ilk suriyalik davlat rahbari bo‘ldi.
Uchrashuvdan so‘ng Donald Tramp ash-Shar’ani “qudratli lider” deb atadi. Oq uy rahbarining fikricha, ash-Shar’a Suriyani “juda muvaffaqiyatli” mamlakatga aylantira oladi. Shu bilan birga, AQSh Davlat departamenti Suriyaga nisbatan sanksiyalarni amal qilmaslik muddati 180 kunga uzaytirilganini ma’lum qildi.
Mavzuga oid
22:40 / 11.03.2026
Mantiqsiz urush. Uni boshlaganlar qanday tugatishni bilmayapti
21:04 / 11.03.2026
Eron urushi: Trampning MAGA’chilar bilan orasi buzildi
20:44 / 11.03.2026
Tramp Eronda zarbalar uchun nishonlar «deyarli qolmaganini» aytdi
15:26 / 11.03.2026