Jahon | 08:37 / 12.11.2025
5608
2 daqiqa o‘qiladi

To‘qayev: Rossiya va Qozog‘iston o‘rtasida jiddiy muammolar mavjud emas

Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev Kremlda Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan norasmiy muzokaralarda aytishicha, Rossiya va Qozog‘iston o‘rtasida hech qanday jiddiy muammolar mavjud emas, barcha masalalar operativ hal etiladi.

Foto: Grigoriy Sysoyev / RIA Novosti

«Ikki taraflama hamkorlikka kelsak, u strategik sheriklik, ittifoqchilik munosabatlari xarakteriga ega. Biz birgalikda ishlamaydigan biror-bir soha yo‘q. Davlatlarimiz o‘rtasida hech qanday jiddiy muammolar mavjud emas», — dedi To‘qayev.

Uning ta’kidlashicha, muammolar paydo bo‘lsa — bu tabiiy hol — ular avvalo davlat rahbarlari va hukumatlar sa’y-harakatlari bilan bartaraf etiladi.

Shuningdek, u «iliq qabul» uchun samimiy minnatdorlik bildirdi. «Ko‘rganlarim, his etganlarim menga juda katta taassurot qoldirdi, xursand qildi va men bu yerda, Rossiya poytaxtida qabulning butun iliqligini his etdim», — dedi To‘qayev protokol qismi haqida so‘zlarkan.

Putin: «Bugun biz norasmiy muhitda o‘tirib, maxsus ahamiyatga ega barcha masalalar yuzasidan suhbatlashish imkoniyatiga egamiz, ertaga esa hamkasblar bilan birga ikki tomonlama munosabatlar kun tartibi bo‘ylab to‘liq muhokama o‘tkazib, albatta, istiqbolga nazar tashlaymiz. Umuman olganda, joriy yilni juda yaxshi yakunlashimizga ishonaman. Yaqin kelajak va undan biroz uzoqroq o‘rta muddatli istiqbolga mo‘ljallangan rejalarni ham belgilaymiz», — dedi.

To‘qayev 11 noyabr kuni davlat tashrify bilan Rossiyaga keldi; kechqurun ikki yetakchi Kremlda norasmiy suhbatlashdi. Rasmiy dastur 12 noyabrdan boshlanadi: tomonlar tor va kengaytirilgan tarkibda muzokara o‘tkazadi, ikki lider Rossiya va Qozog‘istonning 21-forumi yalpi majlisida videokonferensiya tarzida ishtirok etadi, OAV uchun bayonot beradi va hujjatlar imzolaydi. Shuningdek, Rossiya prezidenti nomidan davlat qabuli ham o‘tkaziladi.

Mavzuga oid