O‘zbekiston | 14:43 / 12.11.2025
3326
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchi ayollari muloqoti boshlandi

2025 yil 12 noyabr kuni Toshkentda Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchi ayollari muloqotining majlisi o‘z ishini boshladi. Tadbirda Ozarboyjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston parlament rahbarlari hamda xalqaro tashkilotlar, fuqarolik jamiyati vakillari ishtirok etmoqda.

Foto: Senat matbuot xizmati

Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva majlisni ochib, ayollarning ijtimoiy-siyosiy hayotdagi faolligini oshirish, davlat boshqaruvidagi o‘rnini mustahkamlashga qaratilgan ishlarga to‘xtalib o‘tdi. Uning ta’kidlashicha, mintaqada ayollar roli oshishi tinchlik, barqarorlik va iqtisodiy o‘sish kafolatlaridan biridir.

Yig‘ilish Pekin deklaratsiyasi va Harakatlar platformasi qabul qilinganining 30 yilligi munosabati bilan mazkur xalqaro hujjatlarda belgilangan ustuvor maqsadlarni mintaqaviy hamkorlik orqali amalga oshirishga yo‘naltirilgan. Ushbu hujjatlar ayollarning siyosiy ishtirokidan tortib gender zo‘ravonlikka qarshi kurash, ta’lim, sog‘liqni saqlashga teng huquqli kirish va ekologik hamda iqlim siyosatdagi ishtirok kabi 12 ta yo‘nalishni qamrab oladi.

Majlis doirasida 5 ta sessiya o‘tkazilib, quyidagi mavzular muhokama etilmoqda:

  • qaror qabul qilish jarayonlarida ayollar ishtiroki;
  • ayollar tadbirkorligi — iqtisodiy o‘sish va ijtimoiy barqarorlik manbai;
  • ta’lim va reproduktiv salomatlik siyosati;
  • innovatsiyalar, OAV va iqlim siyosatidan ayollar ishtiroki;
  • xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlikka qarshi kurash va huquqiy himoya.

Yakunda parlamentlararo tashabbuslar bo‘yicha yakuniy hujjat, mintaqaviy hamkorlikning yo‘l xaritasi, yillik monitoring va tajriba almashish tizimini joriy etish rejalashtirilgan.

Mavzuga oid