Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Tramp amerikaliklarga 2 000 dollardan pul tarqatmoqchi
Shu kunlarda Amerika prezidenti Tramp mamlakat aholisiga kamida 2000 dollardan pul tarqatilishi haqida gapirib qoldi. U bojlardan tushadigan pulni konvertga solib, amerikaliklarga tarqatmoqchi.
«Hamma dividend oladi»
Dividend degan so‘zni eshitgan bo‘lsangiz kerak. Sodda qilib aytganda, korxona aksionerlari yil yakunida bo‘lib oladigan foyda taqsimoti dividend deyiladi. Dividendni oddiy odamlar olmaydi. Lekin Tramp serdaromad aholi qatlamidan boshqa barcha oddiy amerikaliklarni import bojlaridan tushadigan foydaga sherik qilib, ularga dividend to‘lamoqchi.
«Tariflarga qarshi odamlar – AHMOQLAR. Biz hozir dunyodagi eng boy va hurmat qilinadigan davlatmiz. Inflatsiya deyarli nolga teng, fond bozorida rekordlar. Biz trillion dollarlab foyda olamiz va tez orada 37 trillion dollarga yetgan davlat qarzini to‘lashni boshlaymiz. AQShga rekord miqdorda investitsiya kiritilmoqda, hamma yerda zavod, fabrikalar qurilyapti. Daromadi yuqori odamlardan tashqari hammaga 2000 dollardan kam bo‘lmagan dividend to‘lanadi», deb yozdi Tramp.
Albatta, Tramp odatdagiday bo‘rttirdi: Amerikada inflatsiya nolga teng emas, fond bozoridagi rekordlar faqat raqamlarda, aslida u aytganchalik dahshatli o‘sish bo‘lganga o‘xshamayapti. Lekin Tramp amerikaliklarga pul tarqatish masalasini ko‘targanining o‘zi juda qiziq.
AQSh moliya vaziri Skott Bessentning aytishicha, Tramp va’da qilgan dividend aynan naqd pul ko‘rinishida bo‘lmasligi ham mumkin. «Bu haqda hozircha prezident bilan gaplashganim yo‘q. 2000 dollar dividend turli ko‘rinishda bo‘lishi mumkin: masalan, soliqlarni kamaytirish ko‘rinishida, prezident bu masalani ko‘rib chiqayotgandi. Balki choy-chaqa uchun soliq bekor qilinar, balki ijtimoiy ta’minot ko‘rinishida yordam berilar, balki avtokredit uchun to‘lab berilar. Soliq qonunchiligida buning yo‘llari ko‘p», degan Amerika bosh moliyachisi.
Lekin Tramp qandaydir soliq imtiyozi emas, aynan konvertga pul solib, amerikaliklarga tarqatishga havasmand ko‘rinadi, har holda uning postidan shunday xulosaga kelish mumkin. Bunaqasi Amerikada bo‘lib turadi, koronavirus pandemiyasi vaqtida hukumat odamlarga konvertga solib pul tarqatgan.
Kattalar kimgadir yordam berishni istasang, unga shunchaki pul ber, degan bo‘lishsa, bekorga aytishmagan – butun boshli Amerikada ham oddiy aholiga yordam berishning bundan yaxshi yo‘lini o‘ylab topishmagan.
Demokratlar g‘alabasi fonida
Aytgancha, amerikalik iqtisodchilar hisob-kitobiga ko‘ra, Tramp va’da qilayotgan dividendlar mamlakat g‘aznasiga 600 milliard dollarga tushadi, lekin u joriy qilgan bojlar bir yilda faqat 300 milliard dollar keltirishi mumkin. Ya’ni aholiga pul tarqatish boj keltirayotgan daromaddan ikki baravar qimmatga tushadi. Lekin bu Trampni xavotirga solayotgani yo‘q.
Budjetdan olib odamlarga tarqatsa, nima qilibdi? Amerikaliklar pulini yostig‘ining tagiga solib yig‘ib qo‘ymaydi, ko‘chaga chiqib nimadir sotib oladi, pul aylanib yana davlatga qaytib boradi. Qaytaga mingta sohani jonlantirgani qoladi.
Gap Amerika odamlarga dividendni qanday to‘lashida ham emas aslida. Muhimi, Tramp o‘zi joriy qilgan bojlardan kelayotgan milliardlab dollar pulga amerikaliklarni ham sherik deb hisoblashida. Bu davlatda pul ko‘p, ish ko‘p, mehnat qilgan yaxshi pul topishini u yerda ishlab boyigan yurtdoshlarimiz hayot tarzidan bilish mumkin. Shunday bo‘lsa-da, Tramp odamlarga konvertga solib pul tarqatishga havasmand. To‘g‘ri-da, Amerikaning arablardan qayeri kam?
O‘tkir Jalolxonov tayyorladi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Faxriddin Hotamov.
Mavzuga oid
14:35
AQSh «Lukoyl»ga joriy etilgan ayrim sanksiyalarni vaqtincha bekor qildi
09:40
NYT OAV uchun joriy etilgan cheklovlar sabab Pentagonni sudga berdi
09:00
NATO Shimoliy Yevropa mudofaasi bo‘yicha shtabni AQShga ko‘chiradi
08:40