Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
AQSh Vengriyada “Rosatom” qurayotgan AESni sanksiyalardan chiqardi
Vashington “Rosatom” Vengriyadagi “Paksh” atom elektr stansiyasining ikkinchi navbatini qurishi uchun shart-sharoit yaratishni istaydi, dedi AQSh davlat kotibi Rubio. Uning ta’kidicha, loyiha yakunlanishi lozim, shunda Vengriya energiya jihatdan mustaqil bo‘ladi.
Qo‘shma Shtatlar Rossiyaning “Rosatom” davlat konserni tomonidan Vengriyadagi “Paksh” AESda yangi bloklar qurilishini sanksiyalar doirasidan chiqardi. Bu haqda AQSh davlat kotibi Marko Rubio Kanadada 12 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan “yettilik” (G7) tashqi ishlar vazirlari uchrashuvidan so‘ng ma’lum qildi.
“U (‘Paksh’ AESning ikkinchi navbati) allaqachon qurilmoqda va ularga (vengerlarga) uni tugatish kerak. Loyiha rus kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan va amalga oshirilayotgani uchun, biz ular bu ishni yakunlashini istaymiz”, — dedi Rubio. Unga ko‘ra, bu Vengriyaning energetik mustaqilligi uchun zarur.
Rossiya ishtirokida “Paksh” AESni kengaytirishga qaratilgan loyihaga qarshi sanksiyalar 2024 yil noyabrda demokrat Jo Bayden boshchiligidagi oldingi AQSh ma’muriyati tomonidan joriy etilgan edi. 29 iyun kuni Vengriya tashqi ishlar vaziri Peter Siyyarto respublikachi Donald Trampning yangi ma’muriyati bu cheklovlarni bekor qilganini aytdi.
11 sentabr kuni Lyuksemburgdagi Yevropa Ittifoqi sudi Rossiya bilan hamkorlikda “Paksh” AESda yangi bloklar qurilishiga Vengriyaning moliyaviy hissasini Yevrokomissiya tomonidan ma’qullanishini bekor qildi. Sudning ta’kidlashicha, Budapeshtning “Rosatom” konserni tarkibidagi korxona bilan tanlovsiz to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnoma tuzishini ma’qullash uchun Yevrokomissiyada yetarli asoslar bo‘lmagan.
Rossiya va Vengriya 2014 yilda “Paksh” AESda 5- va 6-sonli yangi energiya bloklarini (“Paksh-2”) qurish bo‘yicha hujjatlarni imzolagan. Loyiha umumiy qiymati 12,5 mlrd yevro deb baholangan. 2022 yil avgustida Vengriya atom energetikasi bo‘yicha boshqarmasi “Rosatom”ga bloklarni barpo etishga litsenziya bergan. 2023 yil may oyida Yevrokomissiya stansiya qurilishi va loyihani moliyalashtirishga doir kelishuvlarga tuzatishlarni ma’qullagan.
O‘sha yil noyabrida Vengriya hukumati va Rossiya davlat korporatsiyasi ishlar jadvalini imzolagani ma’lum bo‘ldi. Ikkita yangi blokni tarmoqqa ulash 2030-yillar boshiga mo‘ljallangan.
Siyyartoning aytishicha, ushbu loyiha bo‘yicha Rossiya va Vengriya o‘rtasidagi hisob-kitoblar 2024 yil noyabrda AQSh sanksiyalariga tushgan Rossiya Gazprombanki orqali amalga oshirilgan. Dekabrda Bryussel Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga gaz yetkazib berish hisob-kitoblarida muhim rol o‘ynaydigan Gazprombankka nisbatan sanksiyalarni yumshatishni Vashingtondan so‘rayotgani ma’lum bo‘ldi.