Moliya | 15:41 / 13.11.2025
7331
15 daqiqa o‘qiladi

Kulrang maosh: pullaringiz qay tarzda yo‘qolmoqda

Siz yangi ishga joylashdingiz. Oylik beriladigan kuni hisobchi sizga naqd pul solingan konvertni uzatdi. Hammasi risoladagidek: pul qo‘lingizda, bemalol sarflashingiz mumkin. Lekin oradan bir necha oy o‘tgach, nimadir noto‘g‘ri ekanini seza boshlaysiz.

Foto: Freepik

Quyida biz nima uchun kulrang maosh ko‘proq mablag‘ ishlashga yordam bermasligi, aksincha – sizni pulingiz, huquqlaringiz va kelajakka ishonchingizdan mahrum qilishi haqida so‘zlab beramiz.

Maqola informatsion tusga ega bo‘lib, yuridik maslahat hisoblanmaydi. Bahsli holatlarda malakali yuristga murojaat qilish tavsiya etiladi.

Kulrang maosh nima va bu qanday ishlaydi

Kulrang maosh – bu kompaniyaning sizga rasman minimum (odatda 1–2 million so‘m) oylik maosh to‘lab, qolgan qismini konvertga solib qo‘lingizga naqd pulda berishi. Ish haqi vedomostida boshqa summa ko‘rsatiladi, qo‘lingizga esa boshqa summa tegadi.

Mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori davlat tomonidan belgilab qo‘yilgan. Bu miqdor hozirda oyiga 1 mln 271 ming so‘mga teng. Ayrim ish beruvchilar hujjatlarda ana shu minimal miqdorni ko‘rsatadi va shu summadan 12% daromad solig‘ini ushlab qolib, 25%ga yaqin ijtimoiy soliqni to‘laydi (Soliq qodeksining 258-moddasi). Qolgan qismini esa soliqlarsiz, ushlamalarsiz – naqd pulda olasiz.

Bu nega xavfli

Ish beruvchi rasmiy daromaddan 12% daromad solig‘ini ushlab qolishi va uni davlat budjetiga o‘tkazishi shart. Bundan tashqari, kompaniya ish haqi jamg‘armasidan 25%ga yaqin ijtimoiy badal to‘laydi – aynan shu badallar sizning pensiya stajingiz va nafaqa olish huquqingizni shakllantiradi.

Maoshning bir qismi konvertda berilganida esa, bu pullardan badal to‘lanmaydi. Demak, pensiya staji oshmaydi, mehnat ta’tili va kasallik varaqasi bo‘yicha to‘lovlar hisoblanmaydi, kredit, viza yoki subsidiya rasmiylashtirishda daromadni tasdiqlashning esa iloji bo‘lmaydi.

Misol: Sizga 5 million so‘m va’da qilishdi. Shartnomada 1,5 million so‘m ko‘rsatilgan. Ish beruvchi ushbu summadan soliq to‘laydi. Qolgan 3,5 million so‘m esa konvertda beriladi – u rasman mavjud bo‘lmaydi.

Qog‘ozda hammasi qonuniydek ko‘rinadi, amalda esa bu sizning hisobingizga soliqlardan bo‘yin tovlashning klassik sxemasi.

Kulrang maosh pullaringizni qanday “yeydi”

Ta’til puli: bir ta’tilda 3,3 million so‘m minus

Ta’tilga chiqmoqchi bo‘lganingizda, sizni noxush syurpriz kutadi.

Ta’til puli qanday hisoblanadi

Qonunga ko‘ra, ta’til puli o‘rtacha maosh bo‘yicha hisoblanadi (Mehnat kodeksining 257-moddasi). Ish beruvchi tomonidan oxirgi 12 oy davomida rasman to‘langan barcha daromadlar hisobga olinadi.

Formula oddiy (MK 257-modda, 8-qism):

  • Kunlik o‘rtacha maosh = oylik o‘rtacha maosh / 25,3
  • Ta’til puli = kunlik o‘rtacha maosh × ta’til davridagi ish kunlari soni

Faqat hujjatda ko‘rsatilgan mablag‘ hisobga olinadi. Konvertdagi pullar hech qayerda qayd etilmagan – demak, ular hisobga olinmaydi.

Misol: 5 mln so‘m maoshga bir yil ishladingiz, lekin bu vaqtda rasmiy maoshingiz 1,5 mln so‘m bo‘lgan. Endi, 28 kunga ta’tilga chiqyapsiz.

Bu holatda qo‘lingizga tegadigan summa: 1 500 000 / 25,3 × 24 = 1 423 000 so‘m

Agar hammasi rasmiy bo‘lganida, bu summa quyidagicha bo‘lardi: 5 000 000 / 25,3 × 24 ish kuni (6 kunlik ish haftasida) = 4 743 000 so‘m

Bu holatda siz 3,3 million so‘m yo‘qotasiz.

To‘g‘ri, ayrim ish beruvchilar ta’til pulining kulrang qismini to‘lab berishadi, lekin bu kafolatlanmagan.

Nima qilish mumkin

Rahbariyat bilan kelishishga urinib ko‘ring. Lekin sizga rad javobi berilishi yoki pul to‘liq miqdorda berilmasligiga tayyor turing.

Bemorlik: har safar kasal bo‘lganingizda bir milliondan yo‘qotasiz

Agar og‘rib qolib kasallik ta’tiliga chiqsangiz, sizga vaqtincha mehnatga layoqatsizlik to‘lovi berilishi kerak (MK 286-modda). Uning miqdori mehnat stajiga bog‘liq (Vazirlar Mahkamasining 31.05.2024 yildagi 314-sonli Qaroriga 1-ilova):

Muammo: to‘lov rasmiy maosh bo‘yicha hisoblanadi.

Misol

Gripp bo‘lib qoldingiz. Shifokor 10 kun davolanishni buyurdi (1-10 fevral). Stajingiz 9 yil — o‘rtacha maoshning 80% miqdori berilishi kerak.

Rasmiy maosh — 1,5 mln so‘m. Real maosh — 5 mln so‘m.

Olishni mo‘ljallayapsiz: 5 000 000 / 25,3 × 8 ish kuni (6 kunlik ish haftasida) × 80% = 1 264 800 so‘m

Aslida olasiz: 1 500 000 / 25,3 × 8 × 80% = 379 400 so‘m

Yo‘qotasiz: 885 400 so‘mbir marta kasal bo‘lganingizda.

“Dekret puli” bilan ham xuddi shunday. Homiladorlik va tug‘ruq nafaqalari rasmiy maosh bo‘yicha hisoblanadi. Ikki yoshgacha bo‘lgan farzand parvarishi uchun nafaqa ham xuddi shu sxema bo‘yicha hisoblanadi.

Nima qilish mumkin

Hamkasblaringizdan kasallik uchun to‘lov qanday to‘lanishini so‘rang. Barchasini ish beruvchi bilan avvaldan muhokama qilib oling. Ehtimol, kompaniya tafovutni norasmiy ravishda to‘lashi mumkin, lekin ko‘pincha bunday bo‘lmaydi.

Ishdan bo‘shatilish: 10,5 million so‘m yo‘qotasiz

Agar kompaniyada shtat qisqarsa, sizga ishdan bo‘shatish nafaqasi to‘lanishi kerak (MK 173-modda). Uning miqdori ish stajiga bog‘liq:

Qo‘shimcha to‘lovlar

Ishdan bo‘shatilgandan keyin ish topolmasangiz, sizga nafaqa to‘lanadi (MK 100-modda):

●    Ikkinchi oy uchun – yana bir oylik o‘rtacha maosh (agar ishga joylashmasangiz)

●    Uchinchi oy uchun – yana bir oylik o‘rtacha maosh (agar bandlik markazida ro‘yxatda tursangiz)

Faqat bu to‘lovlar rasmiy ish haqi bo‘yicha hisoblanadi.

Misol: Siz 8 yil ishladingiz. Rasmiy maoshingiz — 1,5 mln so‘m, real maosh — 5 mln so‘m. Ishdan bo‘shatilganingizda olishni mo‘ljallayapsiz:

●    Ishdan bo‘shatish nafaqasi: 5 000 000 × 100% = 5 000 000 so‘m

●    Ikkinchi oy uchun: yana 5 000 000 so‘m

●    Uchinchi oy uchun (bandlik markazi yo‘llanmasi bo‘yicha): yana 5 000 000 so‘m

●    Jami: 15 000 000 so‘m

Lekin sizga to‘lashadi:

●    Ishdan bo‘shatish nafaqasi: 1 500 000 × 100% = 1 500 000 so‘m

●    Ikkinchi oy uchun: 1 500 000 so‘m

●    Uchinchi oy uchun: 1 500 000 so‘m

●    Jami: 4 500 000 so‘m

Yo‘qotasiz: 10,5 million so‘m

Undan ham yomoni: «o‘z arizasiga ko‘ra» ishdan bo‘shash

Ish beruvchi sizni «o‘z xohishingiz bilan ishdan bo‘shatish haqida» ariza yozishga majbur qilishi mumkin. Bu holda sizga hech qanday pul to‘lanmaydi.

Kulrang maosh beradigan kompaniyalarda bunday holatlar tez-tez uchraydi. Siz ariza yozasiz  va hech narsasiz qolasiz.

Pensiya: umringiz oxirigacha har oy 2,1 million so‘m minus

Sizning bo‘lajak pensiyangiz ish beruvchi sizning maoshingizdan to‘laydigan ijtimoiy ajratmalardan shakllanadi.

Ish beruvchi qancha to‘laydi:

●       Ijtimoiy soliq: mehnatga haq to‘lash fondining 12%i. Bu pullar ijtimoiy jamg‘armaga tushadi va pensiyangizni shakllantiradi.

●       Sug‘urta badallari: 7%. Maoshingizdan ushlab qolinadi va bo‘lajak pensiyangizga yo‘naltiriladi.

●       Jamg‘arib boriladigan pensiya: 0,1%. Bu sizning shaxsiy pensiya hisobvarag‘ingiz, unda yig‘ilgan pullar pensiyaga chiqqan vaqtingizda biryo‘la to‘lab beriladi.

Barcha badallar faqat rasmiy maoshdan hisoblanadi. Konvertdagi pullar hech qayerda hisobga olinmaydi.

Pensiya qanday hisoblanadi

“Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi qonunga asosan, pensiya miqdori – ish staji va badallar to‘langan o‘rtacha maoshga bog‘liq.

  • Bazaviy pensiya = o‘rtacha maosh × 55%
  • Staj uchun ustama = o‘rtacha maosh × 1% × (ortiqcha ish stajining har bir to‘liq yili)
  • Yakuniy pensiya = bazaviy pensiya + staj uchun ustama

Misol: Siz 30 yil ishladingiz. Bu davr mobaynidagi rasmiy maoshingiz – 1,5 mln so‘m. Real maoshingiz – 5 mln so‘m.

Hisobingiz bo‘yicha pensiya:

●    Bazaviy: 5 000 000 × 55% = 2 750 000 so‘m

●    Staj uchun ustama: 5 000 000 × 1% × 5 yil = 250 000 so‘m (erkaklar uchun minimal staj — 25 yil, sizda 30 yil, demak +5 yil)

Kutyapsiz: oyiga 3 000 000 so‘m  

Aslida olasiz:

●    Bazaviy: 1 500 000 × 55% = 825 000 so‘m

●    Ustama: 1 500 000 × 1% × 5 = 75 000 so‘m

Jami olasiz: oyiga 900 000 so‘m  

Tafovut: har oy 2,1 million so‘m – umringiz oxirigacha.

Bu nimani anglatadi

Agar pensiyaga chiqqaningizdan so‘ng 20 yil hayot kechirsangiz, siz yo‘qotasiz:

2 100 000 × 12 oy × 20 yil = 504 000 000 so‘m

500 million so‘mdan ortiq – ish beruvchi badallarni faqat rasmiy maoshingizdan to‘lagani uchun.

Yakuniy hisob: hayotingiz davomida qancha yo‘qotasiz

30 yil davomida kulrang maoshga ishlagan erkak misolida ko‘rib chiqamiz (rasmiy 1,5 mln, haqiqiy 5 mln):

Salkam 650 million so‘m – 30 yil ishlagandan so‘ng.

Bular faqat to‘g‘ridan to‘g‘ri moliyaviy yo‘qotishlar. Bunga kirmaydi:

●    ipoteka olish imkoniyatidan mahrum bo‘lish;

●    vizalar bilan bog‘liq qiyinchiliklar;

●    ijtimoiy kafolatlarning yo‘qligi.

Yuridik xatarlar: kim va nima uchun javob beradi

Kim ko‘proq javobgar

Rasman, ish beruvchi soliq agenti hisoblanadi: daromad solig‘ini aynan u ushlab qolishi kerak (Soliq kodeksining 23-moddasi). Ammo qonun bo‘yicha ishchi soliq to‘lovchi hisoblanadi. Agar soliq to‘lanmasa, har ikki tomon javobgar bo‘ladi. Xususan, xodim qonun buzilishiga rozi bo‘ladi.

Qonunchilik asoslari:

●    Soliq kodeksining 23-moddasi: zimmasiga soliqlarni hisoblab chiqarish, soliq to‘lovchidan ushlab qolish va budjet tizimiga o‘tkazish majburiyati yuklatilgan shaxslar soliq agentlari deb e’tirof etiladi.

●    Soliq kodeksining 346-moddasi: soliq summasi to‘lov manbaida ushlab qolinmagan taqdirda, soliq agenti soliqning ushlab qolinmagan summasini va u bilan bog‘liq penya summasini qonun hujjatlariga muvofiq budjetga kiritishi shart.

Agar nizo yuzaga kelsa (masalan, ishdan bo‘shatish nafaqasi to‘lanmasa), sizga pul to‘lashlari kerakligini isbotlashingiz juda qiyin bo‘ladi, chunki maosh hujjatlarda aks etmagan.

Agar ish beruvchiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilsa, sizni ham bu sxemaga aloqadorlik bo‘yicha tekshirishlari mumkin. Nazariy jihatdan, xodim ham Jinoyat kodeksining 184-moddasi bo‘yicha javobgarlikka tortilishi mumkin.

Ish beruvchi esa, Jinoyat kodeksining 184-moddasi – soliqlar yoki yig‘imlarni to‘lashdan bo‘yin tovlashda ayblanishi mumkin. Birinchi qoidabuzarlik uchun BHMning 150 baravarigacha jarima yoki 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlanadi. Takroran yoki ko‘p va juda miqdorlarda sodir etilganda, jazo og‘irlashib boradi.

Odatda, rahbarlar, bosh buxgalterlar va biznes egalari javobgarlikka tortiladi (Oliy sud Plenumining 2013 yil 31 maydagi 81-sonli qarori).

Agar kulrang maosh olayotgan bo‘lsangiz, nima qilishingiz kerak

1. Ish beruvchi bilan gaplashing

Barchasini rasman hujjatlashtirishini so‘rang. Sizga u yoki bu ehtiyojlaringiz yoki shunchaki xotirjamlik uchun “oq” maosh kerakligini ayting. Ayrim kompaniyalar qimmatli xodim bilan kelishib ishlaydi.

2. Agar ish beruvchi rad etsa – boshqa ish qidirishni boshlang

Ayniqsa, quyidagilarni rejalashtirgan bo‘lsangiz:

●    xonadon yoki mashina sotib olish;

●    farzandli bo‘lish (dekret puli);

●    pensiyaga chiqish.

3. O‘zingizni yuridik tarafdan himoya qiling

Agar ish beruvchi sizni kulrang maoshga ishlashga majburlasa, shikoyat qiling. Bu sizning bunday sxemada o‘z xohishingiz bilan ishtirok etmaganingizni isbotlaydi.

1. Soliq qo‘mitasiga murojaat qiling
Arizani my.soliq.uz saytida shaxsiy kabinet orqali berish mumkin.

2. Davlat mehnat inspeksiyasiga shikoyat qiling
Buni dmi.mehnat.uz orqali onlayn yoki 1176 telefon raqami yoxud  @mehnathuquqbot  Telegram-boti orqali amalga oshirish mumkin.

3. Barcha dalillarni saqlab qo‘ying
Yozishmalar, to‘lov qaydnomalari, ish grafigi haqidagi ma’lumotlarni saqlab qo‘ying. Agar ish tekshiruvgacha yetib borsa, bu hujjatlar sizning bunday sxemada o‘z xohishingiz bilan ishtirok etmaganingizni isbotlaydi.

Agar yangi ish qidirayotgan bo‘lsangiz:

Mehnat shartnomasini diqqat bilan o‘qib chiqing. Oylik maosh to‘liq ko‘rsatilgan bo‘lishi kerak. Agar shartnomada boshqa summa, suhbat vaqtida boshqa summa aytilsa – bu qizil chiroq degani.

Bo‘lajak hamkasblaringiz bilan gaplashing. Agar imkon bo‘lsa kompaniyadagi xodimlardan maosh qanday to‘lanishini so‘rang.

Kompaniya nufuzi haqida ma’lumot oling. Ish qidirish saytlaridagi izohlarni o‘qing. Agar maoshlar to‘lovi borasida ko‘plab salbiy fikrlar bildirilgan bo‘lsa — bu ishga kirmaslik uchun yetarlicha sabab.

Tayyorlagan:  Kun.uz Admin

Mavzuga oid