Jahon | 19:21 / 13.11.2025
4226
1 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘istonda yo‘lda qolib ketgan avtobusdan 36 nafar o‘zbekistonlik qutqarildi

Barcha yo‘lovchilar shoshilinch ravishda yaqin atrofdagi isitish punktiga evakuatsiya qilinib, issiq ovqat bilan ta’minlandi.

Foto: Qozog‘iston FVV

Chet ellik yo‘lovchilarni olib ketayotgan avtobus Qozog‘istonning Pavlodar viloyati May tumani Qoraterek qishlog‘idan 20 kilometr uzoqlikda buzilib, yo‘lda qoldi. Qutqaruvchilar politsiya xodimlari bilan birgalikda avtobusdan 36 kishini, jumladan, 13 nafar bolani evakuatsiya qildi.

— Barcha yo‘lovchilar Semey shahridan Chimkentga tranzit yo‘lovchi sifatida kelgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari edi. Yomg‘irli va past haroratli sharoitlarda barcha yo‘lovchilar shoshilinch ravishda yaqin atrofdagi isitish punktiga olib ketildi va issiq ovqat bilan ta’minlandi, deb xabar berdi viloyat favqulodda vaziyatlar departamenti.

Ta’kidlanishicha, avtobus aholi punktiga evakuator bilan olib ketilgan. Qutqaruvchilarning tezkor harakatlari tufayli yo‘lovchilarning hech biriga tibbiy yordam kerak bo‘lmagan.

Mavzuga oid