Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Isroillik ko‘chmanchilar G‘arbiy Sohildagi masjidning bir qismini yoqib yubordi
Isroillik radikal ko‘chmanchilar bosib olingan G‘arbiy Sohildagi Hoja Hamida masjidining bir qismiga o‘t qo‘ydi. Natijada muqaddas kitoblar va bir nechta gilam yonib ketgan. Isroil armiyasi Bosh shtabi boshlig‘i ko‘chmanchilarning zo‘ravonligini kamdan kam uchraydigan tarzda qoraladi. BMTga ko‘ra, G‘arbiy Sohildagi zo‘ravonliklar soni va shiddati keskin oshib bormoqda.
Foto: AP
2023 yil oktyabrda boshlangan Hamas-Isroil urushi ortidan G‘arbiy Sohilda ko‘chmanchilar zo‘ravonligi kuchaymoqda. Natijada o‘n minglab falastinliklar uylarini tashlab ko‘chishga majbur bo‘lmoqda.
13 noyabr kuni isroillik radikal ko‘chmanchilar bosib olingan G‘arbiy Sohildagi Hoja Hamida masjidini yoqib yubordi. New York Times'ning yozishicha, hujum – AQSh va Isroil harbiy rasmiylarining hududda zo‘ravonlik kuchayishi borasidagi xavotiri ortayotgan paytga to‘g‘ri keldi.
Payshanba kuni tong saharda sodir bo‘lgan voqea G‘arbiy Sohilning shimolidagi Deir Istiya qishlog‘ida yuz berdi. Hujum chog‘ida masjid bo‘sh bo‘lgan va hech kim jabrlanmagan.
Falastin ma’muriyati rasmiysi Ali Diabning aytishicha, yong‘in oqibatida masjiddagi muqaddas Qur’oni Karim kitoblarining bir qismi yongan. Bino devorlari qorayib ketgan va gilamlar ham yoqib yuborilgan. Ko‘chmanchilar masjidning tashqi devorlariga haqoratli so‘zlarni ham yozib ketgan.
«Bu harakatlar qo‘rqinchli. Agar masjidda odamlar bo‘lganida-chi? Biz fojia bilan yuzma-yuz kelishimiz mumkin edi», deydi falastinlik rasmiy.
«Bu ekstremistik guruhlar hayotimizni vayron qilmoqda. Har kuni o‘zimizni ko‘proq qo‘rquvda his qilyapmiz», deya masjid imomi Ahmad Salemning so‘zlarini keltirmoqda nashr.
BMT, AQSh va hatto Isroil ham «norozi»
Isroil armiyasi Bosh shtabi boshlig‘i, general-leytenant Eyol Zamir shu hafta isroillik ko‘chmanchilar zo‘ravonligini kamdan-kam uchraydigan tarzda qoraladi.
Isroil harbiylarining bayonotida xuddi shu hududda masjidga qarshi qasddan o‘t qo‘yilganiga ishora qilingan, lekin buni kim qilgani aytilmadi. Harbiylar har qanday zo‘ravonlikni qoralashlarini bayon qilib, «hududda xavfsizlik va tartibni ta’minlash uchun harakatni davom ettirishlarini» ma’lum qildi.
Tramp ma’muriyati ham hujumlar borasida xavotir bildirdi. «G‘arbiy Sohildagi voqealar kengayib, G‘azoda qilayotgan ishlarimizni izdan chiqarishi mumkin degan tashvish bor,» dedi AQSh davlat kotibi Marko Rubio.
BMTning Quddusdagi gumanitar masalalar idorasi G‘arbiy Sohilda «falastinliklarga qarshi ko‘chmanchilar zo‘ravonliklari soni va shiddati keskin oshgani» haqida ogohlantirdi. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, oktabr oyida ko‘chmanchilarning 264 ta hujumi oqibatida falastinliklar jarohatlangan yoki mulkiy zararga duchor bo‘lgan. Bu deyarli yigirma yil ichida zo‘ravonliklarning eng yuqori oylik ko‘rsatkichi.
Falastin Vaqf va diniy ishlar vazirligi hodisani bosib olingan hududdagi muqaddas joylarga bo‘layotgan «vahshiylik»ni yoritib beruvchi «mudhish jinoyat» deb atadi.
BMT bosh kotibi Antonio Guterreshning matbuot kotibi hujumdan «chuqur tashvishga» tushganini bildirdi. «Ibodat maskanlariga bunday hujumlarni mutlaqo qabul qilib bo‘lmaydi,» dedi Stefan Dyujarrik Nyu-Yorkdagi BMT shtab-kvartirasida o‘tkazilgan brifingda.
«Biz G‘arbiy Sohilda isroillik ko‘chmanchilarning falastinliklar va ularning mulkiga qilayotgan hujumlarini qoralab kelganmiz va bundan keyin ham qoralaymiz,» deya Dyujarrikning so‘zlarini keltirmoqda Al-Jazeera.
«Okkupatsion kuch sifatida Isroil tinch aholini himoya qilish va ushbu hujumlar uchun mas’ul bo‘lgan shaxslar javobgarlikka tortilishini ta’minlash majburiyatiga ega», dedi BMT rasmiysi.
Harbiylar ko‘chmanchilarni hibsga ololmayapti
NYT’ning yozishicha, hujumlar Isroil armiyasi ichidagi norozilikni ham yuzaga chiqardi. Ba’zi qo‘mondonlar isroillik ko‘chmanchi radikallarga qarshi keskinroq choralarni qo‘llash uchun hukumatdan ruxsat kerakligini aytmoqda. Chunki o‘ng qanot hukumati tarkibidagi ko‘chmanchilar yetakchilar kuch idoralarining hibsga olishda foydalangan ayrim vakolatlarini qisqartirdi.
Yaqinda isroillik harbiy qo‘mondonlar mudofaa vazirining G‘arbiy Sohilda ko‘chmanchilar uchun ma’muriy qamoq buyruqlarini tasdiqlashni to‘xtatish qaroriga norozilik bildirishgan. Bu hududda — ma’muriy qamoq xavfsizlik uchun tahdid deb topilgan shaxslarni ayblovsiz ushlab turishga ruxsat beradi. Lekin bu turdagi jazo hanuz falastinliklarga nisbatan qo‘llanmoqda.
Katsdan avvalgi vazir Yoav Gallant esa yahudiy ko‘chmanchilar tomonidan hujumlarning oldini olish maqsadida bunday buyruqlardan ko‘p foydalangan edi.
Isroillik rasmiylarga ko‘ra, bir nechta qo‘mondon yaqinda general Zamirdan zo‘ravon ko‘chmanchilarga nisbatan ma’muriy qamoq buyruqlarini qayta joriy qilishni hukumatdan so‘rashni iltimos qilgan.
Bugungi kunda G‘arbiy Sohilda yashayotgan qariyb uch million falastinlik Isroil harbiy boshqaruvi ostida yashamoqda. Bu tizim ularga adolatli huquqiy kafolatlarni deyarli bermaydi.
Falastinlik va isroillik inson huquqlari tashkilotlarining aytishicha, Isroil hukumati odatda ko‘chmanchilar hujumlariga ko‘z yumadi. To‘qnashuvlarni tarqatayotgan isroillik askar va politsiyachilar ko‘pincha hujumchilarning o‘zini hibsga olmasdan ketadi yoki faqat falastinliklarni ushlaydi.
Juda kam holatlarda isroillik zo‘ravonlar ayblanadi, ushlanganlarning esa yanada ozrog‘i sudda aybdor deb topiladi.
Bir necha kun oldin G‘arbiy Sohildagi Nablus shahri yaqinida o‘nlab niqobli ko‘chmanchilar falastinliklarga hujum qilib, avtomobillarni yoqib yuborgan edi.
Undan oldinroq esa ko‘chmanchilar zaytun terayotgan dehqonlar va ularni kuzatib turgan xorijiy jurnalistlarga hujum qilgandi.
Mavzuga oid
15:51 / 02.12.2025
Netanyahu qanday ayblovlar uchun afv so‘ramoqda va buning imkoni bormi?
13:59 / 02.12.2025
“Netanyahu uchun qulay siyosiy fon yaratilyapti” - Farhod Karimov
18:14 / 30.11.2025
Netanyahu Isroil prezidentidan korrupsiya ishi bo‘yicha afv so‘radi
16:52 / 29.11.2025