Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Malida jangarilar tiktokchi qizni qatl etdi. Mamlakat poytaxti xavf ostida
U yerda ko‘p yillardan buyon urush ketmoqda, vaziyatga Fransiya, BMT va Rossiya aralashgan – ammo hech kim uni to‘xtata olmayapti.
Foto: Francis Kokoroko / Reuters / Scanpix / LETA
Malida «Jamoat nusrat al-islom val-muslimin» (JNIM, «Islom va musulmonlarni qo‘llab-quvvatlash guruhi») a’zolari mashhur tiktokchi, Mali armiyasini jangarilarga qarshi kurashda qo‘llab-quvvatlab keluvchi Mariyam Sisseni o‘g‘irlab ketdi va namoyishkorona qatl etdi.
Qurollangan odamlar guruhi uni 7 noyabr kuni Eshel qishlog‘i bozori hududida qo‘lga olishgan, u bu vaqtda navbatdagi rolikni suratga olayotgan edi. Keyingi kuni kechqurun esa uni Niger daryosi sohilidagi Tonka shahri markaziy maydoniga olib kelishgan va odamlar ko‘z o‘ngida otib tashlashgan.
Sissega oldindan tahdidlar bo‘lib kelgan. Guruh qotillik uchun javobgarlikni rasman o‘z zimmasiga olmadi, ammo uning ushbu jinoyatga aloqadorligiga hech qanday shubha yo‘q. JNIM Tonka shahri va uning atrofidagi hududlarda faol harakatlanadi. Mali armiyasining bu yerga eng yaqin bazasi esa 30 kilometr masofada joylashgan. Harbiylar shaharga yetib kelganida jangarilar allaqachon Sisseni o‘ldirgan va yashiringandi.

Mariyam Sisse o‘z tiktok sahifasida Mali shahri shimoliy qismida, daryo bo‘yida joylashgan ona shahri Tonkaning kundalik turmush tarzini tasvirlab kelardi. Bu mintaqada o‘n yildan oshiq vaqtdan buyon hukumat kuchlari hamda JNIM guruhi jangarilari o‘rtasida urush ketmoqda – bu «Al-Qoida» va IShIDning mahalliy bo‘limi hisoblanadi.
O‘tgan yillar mobaynida Malidagi urushga Fransiya va BMT tinchlikparvar kuchlari aralashgan, ammo ulardan hech biri jangarilar bosqinini to‘xtata olmagan. 2020 yilda Malida hokimiyat harbiy to‘ntarish orqali Assimi Goita boshchiligidagi xunta qo‘liga o‘tdi. Yangi hukumat g‘arb (birinchi navbatda, fransuzlar) bilan hamkorlik qilishdan voz kechdi va Rossiya bilan iqtisodiy-harbiy aloqalarni yo‘lga qo‘ya boshladi. Ma’lum muddat jangarilarga qarshi harbiy harakatlarda «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi ham ishtirok etdi. Ammo 2025 yil iyunda vagnerchilar «asosiy vazifa bajarilgani – barcha regional markazlar qonuniy hukumat nazoratiga qaytgani»ni ro‘kach qilgan holda mamlakatni tark etdi.
Sentyabr oyiga kelib esa JNIM jangarilari Malini qo‘shni davlatlar – Kot-dʼIvuar, Mavritaniya va Senegal bilan bog‘lovchi muhim transport yo‘nalishlari ustidan nazoratni qo‘lga oldi. Ular benzin tashuvchi mashinalarni egallab olishdi va yoqib yuborishdi, natijada mamlakatda kollaps yuzaga keldi: yoqilg‘i yetishmovchiligi tufayli transport harakati deyarli to‘liq to‘xtadi, o‘quv muassasalari yopildi, mahsulotlar narxlari osmonga ko‘tarildi, elektr yo‘qligi tufayli shifoxonalar faoliyatida muammolar yuzaga keldi. Mali poytaxti Bamako esa amalda qamal holatida qoldi. Shahar yiqilishi deyarli muqarrar – bu ro‘y beradigan bo‘lsa, Mali «Al-Qoida» (JNIM o‘zini ushbu guruhning Malidagi filiali deb atagan) nazorati ostiga o‘tgan ilk davlatga aylanadi.
Issouf Sanogo / AFP / Scanpix / LETA
AQSh, Fransiya, Germaniya va Italiya allaqachon o‘z fuqarolarini Malini zudlik bilan tark etishga chaqirib, rasmiya tavsiyanomalar chiqargan, ulardan mamlakatdan havo orqali chiqib ketish so‘ralmoqda: fuqarolar Bamako atrofidagi yo‘llarda harakatlanish o‘ta xavfli ekanidan ogohlantirilgan.
So‘nggi haftaning o‘zida Malida besh nafar hindistonlik va uch nafar misrlik o‘g‘irlab ketilgan. Ikkinchi holatda JNIM besh million dollar miqdorda tovon puli talab qilgan.
Mamlakatda hokimiyatni kuch bilan egallab olgan va Rossiya yordamida jangarilarni yengishni va’da qilgan Mali armiyasi esa bugungi kunda faqat bir necha yirik shaharni qiyinchilik bilan ushlab turibdi. Hukumat harbiylari benzin tashuvchi mashinalarni qo‘riqlab bormoqda, ammo jangarilar baribir yoqilg‘i tashuviga to‘sqinlik qilmoqda.
JNIM a’zolari soni olti-yetti ming kishiga baholanadi, shunday ekan, guruh amalda Malining shimoliy va markaziy qismlaridagi katta hududlarni uzoq vaqt davomida ushlab tura olmaydi, ayni vaqtda ular bu hududlardan hukumat armiyasini quvib chiqargan. Natijada Malining katta qismida anarxiya hukm surmoqda: hech bir guruhda mustahkam hokimiyat o‘rnatish uchun yetarli kuch mavjud emas.
Michele Cattani / AFP / Scanpix / LETA
Malida 2012 yildan buyon davom etayotgan fuqarolik urushlari natijasida o‘n minglab kishilar halok bo‘lgani aytiladi – bu borada aniq ma’lumot yo‘q. 600 mingga yaqin kishi boshpanadan mahrum bo‘lgan. Mamlakat aholisi 25 million kishi atrofida – va ularning barchasi doimiy inqiroz va doimiy halokat xavfi ostida yashaydi.
Mavzuga oid
11:39 / 01.12.2025
AQSh va Suriya qo‘shma operatsiyasi: IShID qurol omborlariga zarbalar berildi
21:18 / 04.11.2025
Dubay amirining qarindoshi 50 mln yevro evaziga tutqunlikdan ozod qilindi
10:00 / 10.10.2025
Germaniya sudi IShID jangarisini Tojikistonga deportatsiya qilishga ruxsat berdi
09:30 / 24.07.2025