Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
O‘zbekistonda ko‘rish bo‘yicha nogironligi bo‘lgan shaxslar umumiy soni aytildi
Ijtimoiy himoya milliy agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yil 1 noyabr holatiga ko‘ra O‘zbekistonda ko‘zi ojizligi bo‘yicha nogironligi bo‘lgan 25 558 nafar shaxs ro‘yxatga olingan. Ko‘rish imkoniyati cheklangan fuqarolar uchun to‘siqsiz muhit yaratish, ta’lim, tibbiy va ijtimoiy reabilitatsiya bilan ta’minlash ishlari davom etmoqda.
Foto: Getty images
Har yili 13 noyabr kuni dunyo miqyosida Butunjahon ko‘zi ojizlar huquqlarini himoya qilish kuni nishonlanadi. Ushbu sana munosabati bilan Ijtimoiy himoya milliy agentligi mamlakatda ko‘rishida nuqsoni bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi.
Rasmiy raqamlarga ko‘ra, 2025 yil 1 noyabr holatiga respublika bo‘yicha ko‘zi ojiz nogironligi bo‘lgan shaxslar umumiy soni 25 558 nafarni tashkil qiladi.
Ko‘rish imkoniyati cheklangan fuqarolar uchun infratuzilmani moslashtirish, ularning jamoat hayotida to‘laqonli ishtirokini ta’minlash maqsadida bir qator chora-tadbirlar amalga oshirilgan.
Jumladan:
- 340 ta ijtimoiy, aholiga xizmat ko‘rsatish va tijorat obektlarida to‘siqsiz muhit yaratildi, taktil qoplamalar o‘rnatildi;
- barcha hududlarda 18 ta gavjum chorrahada va qo‘shimcha 753 ta svetoforda ovozli signal qurilmalari joriy etildi;
- respublika bo‘ylab ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi 3 171 nafar o‘quvchi 17 ta maxsus maktabda ta’lim olmoqda.
2025 yilning o‘tgan 10 oyi davomida ko‘z bo‘yicha jami 7 756 nafar muhtoj shaxs quyidagi reabilitatsiya vositalari bilan imtiyozli ta’minlangan:
- ko‘z olmasi protezi – 115 ta;
- ko‘zi ojizlar hassasi – 4 835 ta;
- Brayl alifbosi – 101 ta;
- Brayl alifbosi uchun yozuv moslamasi – 111 ta;
- ovozli tonometr – 3 588 ta;
- ovozli termometr – 3 243 ta;
- ovozli glyukometr – 162 ta.
Shuningdek, ko‘z bo‘yicha nogironligi bo‘lgan 13 472 nafar fuqaro adaptiv sportning shaxmat, shashka, golbol, 5x5 futbol va boshqa turlari bilan muntazam shug‘ullanmoqda.
Tashkilot va mutaxassislar ta’kidlashicha, to‘siqlar, avvalo, jismoniy emas, balki jamiyatning munosabati va yondashuvida namoyon bo‘ladi. Inklyuziv jamiyat barpo etish, ko‘rish imkoniyati cheklangan insonlar hayoti uchun barobar sharoit yaratish – barcha uchun umumiy vazifadir.
Mavzuga oid
18:20 / 04.11.2025
“Qaytib olarkan, nega berdi?” Surxondaryoda nogironligi bor shaxslarga “sovg‘a” deb berilgan uylar tortib olinish arafasida
11:58 / 24.09.2025
Nogironlikni belgilash bo‘yicha yangi elektron tizim joriy etilyapti
10:22 / 24.09.2025
“O‘rnatilganidan beri ishlaganini ko‘rmadik” – metrolarda elektron ko‘taruvchi qurilmalar nega ishlamayapti?
07:30 / 17.11.2020