Jahon | 09:52 / 14.11.2025
16180
2 daqiqa o‘qiladi

Tailandda «jahon darajasidagi rus hakeri» qo‘lga olindi

Tailand kiberpolitsiyasi Yevropa va AQSh davlat tizimlariga hujum qilishda ayblanayotgan 35 yoshli rossiyalikni qo‘lga oldi. AQSh rasmiylari uning ekstraditsiyasiga erishmoqchi.

Foto: TCSD / sayt FBR

Tailandda AQSh talabi asosida AQSh va Yevropa davlat muassasalari tizimlariga kiberhujumlarda gumonlanayotgan Rossiya fuqarosi qo‘lga olindi. Tailand hokimiyat idoralari xabar berishicha, gap «35 yoshli jahon darajasidagi haker» haqida ketmoqda va uni AQShga ekstraditsiya qilishga hozirlashmoqda. Rossiyaning Pxuketdagi Bosh konsuli Yegor Ivanov ma’lum qilishicha, Moskva tomoni ushlangan shaxsga konsullik ko‘magiga ruxsat olishga intilayapti.

Tailand kiberpolitsiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, rossiyalik 6 noyabr kuni FTB agentlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan maxsus operatsiya chog‘ida Pxuket orolida qo‘lga olingan. U 30 oktyabr kuni mamlakatga kirib kelgan va Talang tumanidagi mehmonxonada joylashgan. Tintuv vaqtida undan noutbuklar, mobil telefonlar va kriptohamyonlar musodara qilingan. Rossiyalikka tegishli kriptohisoblarda 14 million batdan (taxminan 432 ming AQSh dollari) ortiq mablag‘ muzlatib qo‘yilgan. Tergovga ko‘ra, bu mablag‘lar kiberfiribgarlik bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.

Ayblanuvchining ismi rasman ochiqlanmagan. Biroq «Vot tak» nashri qayd etishicha, FTB bazasida kiberjinoyatlar uchun qidirilayotgan 35 yoshli faqat bir rossiyalik mavjud — bu Murmansk viloyatida tug‘ilgan, Rossiya Bosh razvedka boshqarmasining (GRU) 26165-harbiy qismiga biriktirilgan katta leytenant Aleksey Lukashev.

OAV ma’lumotlariga ko‘ra, 26165-harbiy qism huzurida Rossiya harbiy razvedkasi xizmatchisidan iborat Fancy Bears yoki APT28 deb ataluvchi hakerlik guruhi faoliyat yuritadi.

FTB hujjatlariga muvofiq, Lukashev 2016 yildagi AQSh prezidentlik sayloviga aralashuv va Demokratik partiya serverlariga buzib kirish ishi bo‘yicha ayblanuvchilardan biri hisoblanadi. Uning ismi ushbu ishdagi 12 nafar ayblanuvchi orasida keltirilgan. Fancy Bear guruhi Hillari Klinton shtabi elektron pochtasi va Fransiya prezidenti Emmanuel Makronning yozishmalari buzib kirilishi yuzasidan olib borilgan tergovlarda ham tilga olingan.

Mavzuga oid