Ta’lim | 15:45 / 15.11.2025
1615
3 daqiqa o‘qiladi

Maktab va OTMda inson huquqlari ta’limini kengaytirish rejalashtirilmoqda

“O‘zbekistonda inson huquqlari sohasidagi jahon ta’lim dasturining beshinchi bosqichini amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi hukumat qarori loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi. Hujjatda umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, professional va oliy ta’lim tizimida inson huquqlari ta’limini kengaytirishga qaratilgan bir qator tashabbuslar nazarda tutilgan.

Loyihada inson huquqlari bo‘yicha ta’limni barcha darajada kuchaytirishga qaratilgan qator tashabbuslar nazarda tutilgan.

Har yili dekabr oyida “Inson huquqlari haftaligi” o‘tkaziladi. Uning doirasida barcha umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, professional va oliy ta’lim muassasalarida “Yangi O‘zbekiston va inson huquqlari” festivali (ochiq eshiklar kuni) tashkil etiladi.

2026 yil iyundan boshlab “Bolalar va yoshlar uchun inson huquqlari ta’limi: gender tengligi, iqlim o‘zgarishi va raqamli inklyuziya” nomli milliy innovatsion tashabbuslar tanlovi yo‘lga qo‘yiladi. Tanlov uchun maxsus nizom ishlab chiqiladi va u har yili muntazam o‘tkazib boriladi.

2026 yil dekabrdan inson huquqlari ta’limi bilan bog‘liq dolzarb masalalarga bag‘ishlangan ilmiy-tadqiqot loyihalari tanlovi e’lon qilinadi. Bu doirada ilmiy mavzular shakllantiriladi, ekspertizadan o‘tkaziladi va davlat ilmiy dasturlari doirasida moliyalashtiriladi.

2026 yil yanvardan umumiy o‘rta va o‘rta maxsus ta’lim muassasalarida “Ombudsman soati” joriy etish rejalashtirilgan.

2026–2029 yillar davomida maktablarda o‘tkaziladigan “Kelajak soati” darslari mazmuniga inson huquqlari mavzulari kiritiladi. O‘quvchilar o‘rtasida “Mening huquqlarim” mavzusida insho, rasm va videoroliklar tanlovlari o‘tkaziladi.

Professional va oliy ta’lim muassasalarida “Inson huquqlari”, “Ayollar huquqlari”, “Bola huquqlari” fanlarining o‘qitilishi muttasil monitoring qilib boriladi.

2026 yil sentabrdan boshlab “Mening raqamli huquqlarim” mavzusida respublika bo‘ylab interfaol treninglar, debatlar, Digital Righs Week tadbirlari va #MyDigitalRighs heshtegi ostida kampaniyalar o‘tkazish taklif etilmoqda.

Loyihaning amalga oshirilishi maktab va OTMda inson huquqlari bo‘yicha bilimlar darajasini oshirish, yoshlar o‘rtasida huquqiy madaniyatni shakllantirish, shuningdek, raqamli zamonda shaxsiy va raqamli huquqlar to‘g‘risida xabardorlikni kuchaytirishga xizmat qilishi ta’kidlanmoqda.

Mavzuga oid