Ayollar dunyosi | 18:57 / 15.11.2025
1740
4 daqiqa o‘qiladi

O‘smir qizlar tarbiyasi: jamiyat e’tiboridan chetda qolmasligi kerak bo‘lgan omillar

O‘smirlik – qiz bola hayotida eng nozik va eng ta’sirchan bosqich. Bu davrda uning ichki dunyosi tez o‘zgaradi, hissiyotlari o‘tkirlashadi, o‘zini anglash kuchayadi va atrofdagilarning har bir munosabati uning kelajakdagi xulq-atvoriga katta ta’sir ko‘rsatadi. Bunday paytda e’tiborsizlik, qo‘pol tanqid yoki qo‘llab-quvvatlash yetishmasligi uning o‘z-o‘ziga ishonchini yo‘qotishi, noto‘g‘ri qarorlar qabul qilishiga zamin yaratishi mumkin.

Foto: iStock

Farzand uchun ilk tarbiya manbai – oiladagi muhit hisobalanadi. Psixologlar ta’kidlashicha, qiz bolaning shaxsiy identifikatsiyasi birinchi navbatda ona va ota bilan munosabat asosida shakllanadi. 12–17 yosh orasida qizlarda o‘zini anglash jarayoni tezlashadi. Bu vaqtda ular tashqi ko‘rinish, qomat va atrofdagilar munosabatiga sezgir bo‘lishadi. Shunday sharoitda ota-onalarning mehr va qo‘llab-quvvatlashi qiz bolaning o‘z-o‘ziga ishonchini shakllantiradi. Oiladagi nosog‘lomlik, janjallar, qo‘pol muomala yoki e’tiborsizlik uning ruhiyatida chuqur iz qoldiradi. Aksincha, ishonchli va tinch muhitda o‘sgan qizlarda o‘z-o‘ziga ishonch yuqori bo‘ladi.

Oxirgi yillarda ijtimoiy tarmoqlar o‘smir qizlar qarorlariga eng katta ta’sir ko‘rsatuvchi omilga aylandi. Internetdagi ideallashtirilgan obrazlar, tanasiga nisbatan norozilik, layk va kommentariylarga bog‘liqlik – bularning barchasi ruhiy bosimni kuchaytiradi. Ba’zan esa noqonuniy kontent, yoshlar bilan yozishmalar, firibgarlik yoki xatarli chellenjlar katta muammoga aylanib bormoqda. Telefon va internet ko‘rinmas, lekin kuchli ta’sir qiluvchi manba ekanligini unutmagan holda qizlaringizni bu omillardan qanday foydalanishini nazorat qiling.

Bugungi kun ota-onalari bolani nafaqat internetdagi xavflar balki, uning atrofida yuz berayotgan voqea-hodisalardan ham nazorat qilish va kerak bo‘lsa himoyalashni bilishi kerak. Chunki bolaning ko‘p vaqti maktabda o‘tadi. O‘qituvchi va sinf muhiti ham qiz bolaning o‘zini anglash jarayonida muhim o‘rin tutadi. Ba’zi o‘qituvchilarning qo‘pol munosabati, sinfdoshlar bosimi, bulling holatlari o‘smir qizlarni yopiq, ishonchsiz va ruhan zaif qilib qo‘yadi. Maktablarda psixolog xizmatlarining zaifligi esa muammoni chuqurlashtirmoqda. Agar qizingiz nimadandir norozi, kayfiyatsiz va ishtahasiz bo‘lsa albatta u bilan dildan, ehtiyotkorona suhbatlashish lozim. Mutaxassislar ta’kidlagan yana bir muhim jihat — o‘smir qizni “eshitish”. Ko‘p hollarda ular o‘z fikri, hissi yoki qo‘rquvlarini aytishdan uyaladi. Oilada ochiq muloqot muhiti mavjud bo‘lsa, qiz bola muammolarini to‘g‘ri yo‘nalishda hal qilish imkoniga ega bo‘ladi

E’tiborsizlik oqibati: erta nikoh va noto‘g‘ri qarorlar

Jamiyatda hali-hamon uchraydigan erta turmushga chiqarish holatlari ko‘pincha o‘smir qizning o‘ziga emas, uning atrofiga quloq solish natijasida sodir bo‘ladi. Bu esa kelajakda ta’limdan uzilish, iqtisodiy qiyinchiliklar va ruhiy travmalarga olib kelishi mumkin.

Mutaxassislar bir qator muhim tavsiyalarni keltiradi:

  • qiz bilan muloqot – nazorat emas, ishonch asosida bo‘lishi kerak;
  • ota-ona uning ichki dunyosiga aralashishdan emas, qiziqishlarini qo‘llab-quvvatlashdan boshlashi lozim;
  • internetdan to‘g‘ri foydalanish bo‘yicha oilaviy qoidalar kerak;
  • maktab psixologlari faqat qog‘ozda emas, amalda ishlashi zarur;
  • qizlar uchun xavfsiz muhit yaratish – jamiyatning umumiy burchi.

Mavzuga oid