Jahon | 11:22 / 15.11.2025
2811
3 daqiqa o‘qiladi

Tramp BBC'dan 5 mlrd dollargacha to‘lov undirishni rejalashtirmoqda

AQSh prezidenti o‘z nutqi montaji atrofidagi mojaro sababli BBC’ga nisbatan 1 milliarddan 5 milliard dollargacha kompensatsiya talab qilib sudga murojaat qilish niyati borligini ma’lum qildi. Bundan oldin mediakorporatsiya Trampdan uzr so‘ragan, lekin to‘lov to‘lashdan bosh tortgan edi.

Foto: Jack Taylor/REUTERS

AQSh prezidenti Donald Tramp 14 noyabr kuni o‘z nutqi fragmentlari Panorama dasturida montaj qilingani bilan bog‘liq mojaro uchun Britaniya mediakorporatsiyasi BBC’ni, uzr so‘ralganiga qaramay, sudga berishini ma’lum qildi. Avvalroq BBC Trampdan uning nutqi qanday ko‘rsatilgani uchun rasmiy ravishda uzr so‘ragan, biroq kompensatsiya to‘lashni rad etgan edi.

«Biz ularni bir milliarddan besh milliard dollargacha bo‘lgan summaga sudga berishni rejalashtiryapmiz, ehtimol, kelasi hafta. O‘ylashimcha, men buni qilishimga to‘g‘ri keladi. Ular hatto o‘zlari ham firibgarlikni tan oldi», — dedi AQSh prezidenti Air Force One samolyoti bortida jurnalistlar bilan suhbat davomida.

Tramp, shuningdek, bu masalani Britaniya bosh vaziri Kir Starmer bilan muhokama qilmaganini, lekin u bilan mustahkam munosabatlarga ega ekanini aytdi va dam olish kunlari unga qo‘ng‘iroq qilishni rejalashtirayotganini qo‘shimcha qildi. Reuters agentligi qayd etishicha, u Starmer uning o‘zi bilan bog‘lanishga uringani va sodir bo‘lgan voqealardan «juda qattiq noqulay holatga tushgani»ni aytgan.

BBCda «Tramp: ikkinchi shans?» nomli hujjatli film AQShdagi 2024 yil prezidentlik saylovlari oldidan efirga uzatilgan bo‘lib, unda 2021 yil 6 yanvar kuni aytilgan Tramp nutqining uch qismi birlashtirib montaj qilingan. Bunday montaj 2020 yilgi prezidentlik saylovlari natijalarini tasdiqlash kuni uning tarafdorlari Kapitoliyga hujum qilgan paytda u zo‘ravonlikka chaqirgan, degan taassurotni uyg‘otgan.

Oq uy BBC’ni «feyk yangiliklar» tarqatishda aybladi, Tramp advokatlari esa korporatsiya filmda aytilganlarni rad etmasa, uzr so‘ramasa va kompensatsiya to‘lamasa, BBC’ga nisbatan 1 milliard dollarlik da’vo qo‘zg‘atish bilan tahdid qilgan. Mojaro fonida BBC bosh direktori Tim Deyvi va BBC News yangiliklar bo‘limi rahbari Debora Terness iste’fo berdi.

BBC Kengashi raisi Samir Shox Oq uyga yo‘llagan shaxsiy xatda u ham, mediakorporatsiya ham Trampning Kapitoliyga hujum kuni aytgan nutqining qanday montaj qilinganidan afsusdaligini bildirgan. Korporatsiya, shuningdek, mazkur dasturni qaytadan namoyish qilmasligi haqida ham ma’lum qildi.

Mavzuga oid