Iqtisodiyot | 01:01 / 16.11.2025
7518
3 daqiqa o‘qiladi

Surxondaryodagi 38,5 mlrd so‘mlik davlat xaridida qonunbuzilishi aniqlandi

Davlat xaridi bo‘yicha tenderda ikki MChJ tanlov g‘olibi va zaxiradagi g‘olib deb topilgan. Tenderning yana bir ishtirokchisi esa soxta ma’lumot asosida tenderdan chetlashtirilgan.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan “SurxondaryoqurilishInvest” DM buyurtmasi asosida o‘tkazilgan davlat xaridida qonunbuzilish holati aniqlandi.

Agentlik xabarida aytilishicha, davlat muassasasi tomonidan Tanlov savdolarini tashkil etish konsalting markazi orqali Boysun tumanidagi boshlang‘ich narxi 38,5 mlrd so‘m bo‘lgan «Hangaronsoy» sel suv omboridan nasos stansiyasi va suv uzatish quvurlarini qurish orqali ekin maydonlarining suv ta’minotini yaxshilash obektiga bosh pudratchi aniqlash uchun “Shaffof qurilish” maxsus axborot platformasi tizimiga e’lon berilgan.

Elektron tartibda rasmiylashtirilgan bayonnomaga ko‘ra, ushbu davlat xaridida 36,5 mlrd so‘mlik taklif bilan «D.Y.T.» MChJ tanlov g‘olibi, 38,5 mlrd so‘mlik taklif bilan «M.I.T.» XK zaxiradagi g‘olib deb topilgan.

Aniqlanishicha, tenderning yana bir ishtirokchisi — «F.» MChJning soliq hisob varag‘iga noqonuniy aralashuv yo‘li bilan soliqdan qarzdorlik mavjudligi haqida soxta ma’lumot kiritilgan.

Natijada jamiyat “Shaffof qurilish” maxsus axborot platformasi orqali tender jarayonidan asossiz ravishda chetlashtirilgan.

Agentlik tomonidan ko‘rilgan choralar natijasida mazkur xaridning bekor qilinishi ta’minlandi.

Shuningdek, holat yuzasidan to‘plangan hujjatlar asosida hozirda huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan tegishli huquqiy baho berilmoqda.

Mavzuga oid