Sport | 20:08 / 17.11.2025
2642
3 daqiqa o‘qiladi

Florentino Peres «Real» boshqaruvini tark etishi mumkin

U keyingi yili ketishi aytilmoqda.

Foto: AFP

Madridning «Real» klubi prezidenti Florentino Peres o‘z lavozimini tark etishi mumkin. Bu haqda jurnalist Pepe Alvares ijtimoiy tarmoqdagi sahifalarida xabar qilgan. Insayderga ko‘ra, bu 2026 yilda ro‘y berishi mumkin, holbuki ushbu mulozimning vakolatlari 2028 yilgacha amal qilishi kerak.

Alvares Peres klubning bu boradagi pozitsiyasidan qat’i nazar, hokimiyatni rejali ravishda o‘tkazilishini ta’minlash haqida o‘ylayotganini aytgan. Shu bilan birga, ehtimoliy ketishning aniq sabablari keltirilmagan.

Bu mish-mishlar fonida esa «Real» ishonchli o‘yin namoyish etmoqda. Yangi bosh murabbiy Habi Alonsoning ilk mavsumida jamoa La ligada peshqadamlik qilmoqda hamda Chempionlar ligasida ham yaxshi ishtirok etmoqda.

Klub ichkarisida ham bu mavsumda tinchlik hukmron. Sezilarli hodisalar sifatida Vinisius o‘tgan oyda «Barselona»ga qarshi kechgan klasiko vaqtida almashtirilganidan ochiqchasiga norozilik bildirgani, shuningdek, futbolchilarning ayrimlariga Alonsoning haddan tashqari qattiqqo‘lligi ma’qul bo‘lmayotganini keltirish mumkin.

Yana bir epizod – «Oltin to‘p» topshirish marosimini boykot qilish davom etayotgani bilan bog‘liq. Bu yil ham «Real» delegatsiyasi Parijga bormadi, holbuki klub futbolchilaridan ayrimlari asosiy mukofot uchun da’vogarlar qatorida edi. Florentino Peres 2024 yilgi «Oltin to‘p» Vinisiusga emas, «Manchester Siti» yarimhimoyachisi Rodriga berilganidan qattiq norozi bo‘lgani tufayli Madriddagilar nufuzli tadbirni boykot qilishni boshlagandi.

Peres iste’foga chiqishi haqida tez-tez xabar chiqib turadi. Avvallari klub bunday xabarlarni muntazam ravishda rad etib kelgan. Ammo bu safar hozircha «Real»dan bu borada rasmiy munosabat bo‘lmadi. Ammo Alvaresning insaydi ortidan Onda Cero radiosi o‘z manbasiga tayanib, Peres lavozimidan ketmoqchi emasligini ma’lum qildi.

Florentino Peres 78 yoshda. U «Real»ni 22 yil davomida boshqarib kelmoqda – u dastlab 2000-2006 yillarda prezident bo‘lgan, 2009 yilda ushbu lavozimga qaytgandi. Uning boshqaruvi davrida «Real» jami 37 sovrin yutgan, jumladan, yetti bor Chempionlar ligasida g‘olib chiqqan.

2025 yil yanvarida Peres «Real» prezidentligiga qayta saylangandi. Uning vakolati muddati 2028 yilgacha amal qiladi.

Mavzuga oid