Jahon | 18:12 / 17.11.2025
2551
3 daqiqa o‘qiladi

Tom Kruz kinoga qo‘shgan hissasi uchun faxriy «Oskar» mukofotini oldi

63 yoshli aktyor uzoq yillik faoliyatiga qaramay, hech qachon asosiy «Oskar» mukofotini qo‘lga kiritmagan.

Foto: Reuters

Amerikalik aktyor Tom Kruz AQSh kinoakademiyasining faxriy «Oskar» mukofotiga sazovor bo‘ldi. Bu san’atkor faoliyatidagi bunday darajadagi birinchi mukofotdir.

Faxriy «Oskar» (Governors Awards) asosiy taqdirlash marosimidan tashqarida taqdim etiladi va mavjud nominatsiyalar doirasidan tashqarida bo‘lgan kinematografiya sohasidagi ajoyib xizmatlarni e’tirof etadi.

Mukofotni qabul qilishda 63 yoshli Kruz nutq so‘zlab, kinoga bo‘lgan munosabati va uning birlashtiruvchi kuchi haqida gapirdi. Aktyor so‘zlariga ko‘ra, kinematografiya odamlarga turli madaniyatlarni o‘rganish, xilma-xillikni qadrlash va shu bilan birga insoniyat tajribasining umumiyligini anglash imkonini beradi.

«Kinoga bo‘lgan muhabbatim juda erta boshlangan. Men qorong‘i kinozalda bola edim va yorug‘lik nuri xonani kesib o‘tib, ekranda porlaganini eslayman. To‘satdan dunyo ancha kengaydi, butun boshli madaniyatlar, hayotlar, manzaralar namoyon bo‘ldi va bu menda sarguzashtlarga, bilimga, insoniyatni tushunishga chanqoqlikni, qahramonlar yaratish va hikoyalar aytish istagini uyg‘otdi. Bu nur mening ko‘zim va tasavvurimni ochdi, hayot mening oldingi chegaralarimdan ancha kengroq bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatdi va men shundan beri bu istakka amal qilaman. Men filmlar bilan shug‘ullanmayman, men ular bilan yashayman», dedi Tom Kruz taqdimotda.

Shunisi e’tiborga loyiqki, Tom Kruz uzoq yillik faoliyatiga qaramay, hech qachon asosiy «Oskar» mukofotini qo‘lga kiritmagan. U to‘rt marta haykalchaga da’vogarlik qilgan: «4 iyulda tug‘ilgan» va «Jyerri Maguayr» filmlarida eng yaxshi aktyor, «Magnoliya» filmida ikkinchi plandagi eng yaxshi aktyor, shuningdek, «Top Gan: Maverik» filmida prodyuser sifatida eng yaxshi film.

Biz televizor orqali ko‘radigan har yili o‘tkaziladigan «Oskar» mukofoti kino, aktyor, rejissyor va boshqa mutaxassislarning ma’lum bir yildagi yutuqlari uchun taqdirlanadigan tadbirdir. Governors Awards esa Akademiyaning alohida tadbiri bo‘lib, unda kino sanoatiga qo‘shgan ulkan hissasi, ko‘pincha butun karerasi yoki gumanitar faoliyati uchun maxsus faxriy mukofotlar beriladi.

Faxriy «Oskar»ning o‘tmishdagi laureatlari orasida Charli Chaplin, Uolt Disney, Shirli Templ, Judi Garlend va kinoga hissa qo‘shgan boshqa ko‘plab taniqli shaxslar bor.

Mavzuga oid