Avto | 17:18 / 18.11.2025
2594
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston avtomobil bozorida talab tiklana boshladi

Oktyabr oyi yakunlariga ko‘ra, respublikada barcha turdagi avtotransport vositalari savdosi 112,5 ming donaga yetgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan oyga nisbatan 11 foizga ko‘p. Eng yuqori o‘sish Namangan, Jizzax va Buxoro viloyatlarida qayd etilgan.

Foto: Kun.uz

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi O‘zbekiston avtomobil bozoridagi faollik bo‘yicha yangilangan tahlilni e’lon qildi.

Oktyabr oyi yakunlariga ko‘ra, respublikada barcha turdagi avtotransport vositalari savdosi 112,5 ming donaga yetgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan oyga nisbatan 11 foiz yuqori. Savdo faolligi barcha asosiy bozor segmentlarida oshgani qayd etilgan.

Birlamchi va ikkilamchi bozorlarda yengil avtomobillar segmenti oylik 12,7 foiz o‘sishni ko‘rsatgan va 95,4 ming donani tashkil etgan. Eng yuqori o‘sish Namangan, Jizzax va Buxoro viloyatlarida qayd etilgan bo‘lib, bu hududlarda savdolar 20 foizdan ziyodga oshgan. Shu bilan birga, Samarqand viloyati va Qoraqalpog‘iston Respublikasida faollik biroz pasaygani kuzatilgan.

Birlamchi bozoridagi vaziyat

Oktyabr oyi natijalariga ko‘ra, birlamchi bozorda yengil avtomobillar savdosi qariyb 19 foizga oshdi, bu esa qo‘shimcha 6 ming dona avtomobil sotilganini ko‘rsatadi. Segment doirasida mahalliy ishlab chiqarilgan yangi yengil avtomobillar toifasida sotuvlar 33,4 ming donaga yetdi, bu o‘tgan oyga nisbatan 22 foizga ko‘p.

Yangi xorijiy avtomobillar sotuvi biroz o‘sish (+1,1 foiz) bilan sentabr oyi ko‘rsatkichlaridan oshib, 4,5 ming donani tashkil etdi.

Ikkilamchi bozor

Oktyabr oyida yengi avtomobillarining ikkilamchi bozorida sotuvlar o‘tgan oyga nisbatan 9 foizga oshib, 57,4 ming donani tashkil etgan.

Ikkilamchi bozorda elektromobillar sotuvi 3 ming donadan oshib, oylik hisobda 15,2 foiz o‘sish qayd etilgan. Ushbu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 2,3 barobar ko‘p.

Достон Аҳроров
Tayyorlagan Достон Аҳроров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid