Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) mutaxassislari noyabr oyida ikkilamchi bozordagi avtomobillarning o‘rtacha narxlarini tahlil qildi.

Oy davomida mahalliy ommabop avtomobillar hamda xorijiy lyuks avtomobillar o‘rtacha narxlari pasaygan bo‘lsa, mahalliy lyuks avtomobillar va elektromobillar narxlarida sezilarli o‘zgarish kuzatilmagan.

Mahalliy ommabop avtomobillar narxlari

Noyabr oyida ikkilamchi bozorda oktyabr oyiga nisbatan:

  • Onix: o‘rtacha foydalanilgani — 4,8 foizga (14 600 dollardan 13 900 gacha), kam foydalanilgani 5,4 foizga (14 900 dollardan 14 100 gacha);
  • Lacetti: o‘rtacha foydalanilgani 1,4 foizga (14 700 dollardan 14 500 gacha), kam foydalanilgani 1,1 foizga (15 200 dollardan 15 031 gacha);
  • Nexia: o‘rtacha foydalanilgani 0,9 foizga (11 500 dollardan 11 400 gacha);
  • Spark: o‘rtacha foydalanilgani 0,8 foizga (10 485 dollardan 10 400 gacha);
  • Labo: o‘rtacha foydalanilgani 2,4 foizga (8 300 dollardan 8 100 gacha);
  • Damas: o‘rtacha foydalanilgani 0,9 foizga (8 200 dollardan 8 125 gacha), ko‘p foydalanilgani 1 foizga (7 600 dollardan 7 527 gacha) arzonlagan.

Mahalliy lyuks avtomobillar

Noyabrda kam va o‘rtacha foydalanilgan Malibu avtomobilining o‘rtacha narxlari mos ravishda 3 foiz (30 100 dollardan 31 000 gacha) va 1,7 foizga (29 000 dollardan 29 500 gacha) oshgan bo‘lsa, ko‘p foydalanilgan Equinoxʼning o‘rtacha narxi 1,9 foizga (27 000 dollardan 26 500 gacha) tushdi. Tracker narxlarida esa o‘zgarish kuzatilmagan.

Elektomobillar

O‘tgan oyda o‘rtacha foydalanilgan BYD Han va BYD Yuan Up elektromobillarining o‘rtacha narxlari mos ravishda 1,6 foiz (36 500 dollardan 35 900 gacha) va 2,4 foizga (21 000 dollardan 20 500 gacha) pasaygan bo‘lsa, yangi BYD E2 elektromobili 3,1 foizga (16 700 dollardan 17 216 gacha) qimmatlagan. BYD Song Plus EV Chempionʼning narxi esa deyarli o‘zgarishsiz qoldi (yangisi — 29 000 dollar, o‘rtacha foydalanilgani — 26 600 dollar).

Xorijiy lyuks avtomobillar

Hyundai Elantra va Kia Sportage rusumli kam foydalanilgan avtomobillarning o‘rtacha narxlari mos ravishda 2,2 foiz (23 000 dollardan 22 500 gacha) va 1,5 foizga (32 500 dollardan 32 000 gacha), o‘rtacha foydalanilgani esa 1,6 foizga (Elantra — 22 000 dollardan 21 650 gacha va Kia Sportage — 31 500 dollardan 31 000 gacha) pasaygan.