Jahon | 13:16 / 19.11.2025
1197
4 daqiqa o‘qiladi

Litva: Belarus bilan yopilgan chegara yaqin kunlarda ochilishi mumkin

Litva oktyabr oyi oxirida meteozondlarning doimiy ravishda kirib kelishi sababli Belarus bilan chegarani noma’lum muddatga yopgan edi. Endi esa respublika tashqi ishlar vaziri Vilnyus bu chorani bekor qilish masalasini ko‘rib chiqayotganini ma’lum qildi.

Foto: Sputnik / Viktor Tolochko

Vilnyus oktyabr oyi oxirida yopib qo‘yilgan Belarus bilan chegara yaqin vaqt ichida qayta ochilishi mumkin, degan ehtimolga yo‘l qo‘ymoqda. Bu haqda 18 noyabr kuni DW'ga bergan intervyusida Litva tashqi ishlar vaziri Kyastutis Budris ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Belarus tomonidan kontrabanda uchun qo‘llanayotgan meteozondlar (havo sharlari) soni qisqarib bormoqda va hozirda Litva mamlakat havo hududidagi vaziyatni baholamoqda.

«Ha, biz bu masalani muhokama qilyapmiz va bu qattiq chorani – chegarani to‘liq yopish va ikki tomonlama harakatni butunlay to‘xtatishni – qayta ko‘rib chiqishimiz mumkin», – dedi Budris. Shu bilan birga, u agar shunday bo‘lsa ham, bu Minskka nisbatan boshqa choralar avtomatik tarzda bekor qilinishini anglatmasligini ta’kidladi.

Litva TIV rahbarining ta’kidlashicha, agar yana shunday vaziyat takrorlanib, havo sharlari Litva fuqarolik aviatsiyasi xavfsizligiga tahdid soladigan bo‘lsa, Vilnyus «o‘zida mavjud bo‘lgan milliy instrumentdan» yana foydalanadi. Shu bilan birga, Kyastutis Budris Belarusga nisbatan eng samarali chora sifatida Yevroittifoq darajasidagi sanksiyalarni tilga oldi. Uning fikricha, bu sanksiyalar YeIga qarshi gibrid hujumlar munosabati bilan joriy etilishi kerak.

Buni amalga oshirish uchun, uning aytishicha, bir nechta qadamlar qo‘yish lozim. Birinchidan, sanksiyalar qo‘llash mezonlarini qayta belgilash zarur. Ya’ni, Belarus tomonidan inson huquqlarining buzilishi va Rossiyaga Ukrainaga qarshi hujumda ko‘rsatilayotgan yordamdan tashqari, gibrid hujumlar uchun ham jazo choralari joriy etilishi kerak. Ikkinchidan, sanksiyalar qo‘llanishi lozim bo‘lgan iqtisodiy tarmoqlarni qayta ko‘rib chiqish zarur: «Eng avvalo, bu o‘g‘itlar, masalan, azotli o‘g‘itlar, shuningdek fuqarolik aviatsiyasi, chunki bu tarmoq YeI sanksiyalari ostida emas, garchi ular YeI fuqarolik aviatsiyasi faoliyatiga aralashsa ham», – dedi Budris.

U, shuningdek, Minskka nisbatan boshqa sohalarda ham sanksiyalar joriy etish ehtimolini istisno etmadi va, masalan, buxgalteriya hisobi, yuridik xizmatlar, audit kabi biznes xizmatlarini tilga oldi. «Biz bunday faoliyatga kelajakda to‘sqinlik qilish uchun qabul qilinishi lozim bo‘lgan choralarning keng qamrovli ro‘yxatini tuzdik. Biz sharlar muammosini hal qilamiz – ammo keyin yana boshqa narsa paydo bo‘ladi, ular chegaraning u tomonida bo‘layotgan voqealarni yangi vositalarga aylantirish va qurolga ko‘chirishning yangi yo‘llarini izlaydi», – dedi Litva tashqi ishlar vaziri.

Litva TIV oktyabr oyi oxirida Belarus bilan chegara keyingi alohida xabargacha yopilganini rasman e’lon qilgan va Minskka «havo hududining doimiy ravishda buzilishi» munosabati bilan norozilik bildirgan edi.

Litva Davlat chegarasini qo‘riqlash xizmatining ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yil boshidan beri mamlakat havo hududiga Belarus tomonidan yuborilgan, kontrabandachilar tamaki mahsulotlarini chegaradan olib o‘tish uchun foydalanayotgan havo sharlari, ya’ni yuzlab meteozondlar qayd etilgan. Kuzda meteozondlar Vilnyus va Kaunas xalqaro aeroportlariga bevosita yaqinlashgan, shu sababli bir necha bor parvozlarga cheklovlar joriy etilgan.

Shu orada, Polsha 17 noyabr kuni bir necha yillar davomida yopiq bo‘lgan Belarus bilan chegaradagi ikki nazorat-o‘tkazish punktlarini yana ochdi.

Mavzuga oid