Sport | 20:17 / 19.11.2025
24016
6 daqiqa o‘qiladi

Ronaldu Oq uyda mehmon bo‘ldi

Tramp ziyofat chog‘ida o‘z o‘g‘li Berron futbolchining katta muxlisi ekanini, endi kumiri bilan tanishtirib qo‘ygani uchun o‘g‘li uni ko‘proq hurmat qila boshlashini aytib hazil qilgan.

Foto: Reuters

Saudiya Arabistonining «An-Nasr» klubi hujumchisi Krishtianu Ronaldu AQSh prezidenti Donald Tramp bilan uchrashdi. Bu Oq uyda Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad ibn Salmon sharafiga uyushtirilgan ziyofatda ro‘y berdi.

«O‘g‘lim endi otasini ko‘proq hurmat qiladi»

Marosimga Amerika elitasi vakillari ham taklif etilgandid. Nufuzli mehmonlar orasida davlat kotibi Marko Rubio va vitse-prezident Jyey Di Vens, savdo vaziri Hovard Lyutnik, FIFA prezidenti Janni Infantino, Apple direktori Tim Kuk, Tesla asoschisi Ilon Mask, Amazon asoschisi Jyeff Bezos hamda yirik investor Devid Saks kabilar bor edi. Ulardan so‘nggisi portugaliyalik futbolchi tomonidan olingan selfini ijtimoiy tarmoqda tarqatgan.

Tramp minbarda turib, Ronalduga taklifni qabul qilgani uchun minnatdorchilik bildirgan va o‘z o‘g‘li, 19 yoshli Berron futbolchining muxlisi ekanini aytgan. «Bu yerda juda ko‘p yetakchilar to‘plandi – yulduzlar, sportchilar... Mening o‘g‘lim – Ronalduning katta fanati. Ronaldu esa shu yerda (qarsaklar). Berron u bilan tanishishga musharraf bo‘ldi va men o‘ylaymanki, u endi o‘z otasini ko‘proq hurmat qiladi – shunchaki men ularni bir-biri bilan tanishtirib qo‘yganim uchun», – dedi Tramp o‘z chiqishida.

U Ronalduni barcha davrlarning eng buyuk futbolchisi (G.O.A.T.) deb atagan.

Ronaldu bu uchrashuv yuzasidan munosabat bildirmadi, ammo oldinroq Pirs Morganga bergan intervyusida Tramp bilan muloqot qilishni istashini aytgandi. Futbolchi uni dunyoni o‘zgartirishga qodir shaxs deb atab, u bilan o‘xshashliklari borligini tan olgandi. Shu bilan birga, Krishtianu amerikalik prezidentdan mashhurroq ekanini qayd etgandi: «O‘ylaymanki, butun dunyoda, hatto kichik orollarda ham meni ko‘proq tanishadi».

Iyun oyida portugaliyalik hujumchi Trampga Portugaliya milliy jamoasining «Tinchlik uchun o‘ynaymiz» yozuvi hamda o‘z imzosi tushirilgan futbolkasini yuborgandi.

AQSh Kanada va Meksika bilan birgalikda 2026 yil yozida bo‘lib o‘tadigan futbol bo‘yicha jahon chempionati mezbonlaridan biri sanaladi. Shu kunlarda Portugaliya ham ushbu turnirga yo‘llanma oldi. 40 yoshli Ronaldu uchun bu faoliyatidagi so‘nggi mundial bo‘lib qoladi.

Tashrif haqida

Amerika matbuoti e’tibor qaratishicha, bu Ronaldu AQShga 2017 yildan buyon ilk bor kelishidir. U model Ketrin Mayorgining zo‘ravonlik bo‘yicha ayblovi tufayli anchadan buyon ushbu mamlakatga safar qilishdan tiyilib keladi. Ushbu ayol bu hodisa 2009 yilda Las-Vegasda ro‘y berganini iddao qiladi, ammo futbolchining o‘zi bunga iqror bo‘lmagan.

Portugaliya milliy jamoasi bosh murabbiyi Roberto Martines uchrashuvga ijobiy munosabat bildirdi: «Krishtianu – shunchaki futbolchi emas. U maydon tashqarisida ham ko‘p masalalarda yordam berishi mumkin. Bu barcha portugallar uchun quvonchli kun – ular Oq uyda mamlakat elchisini ko‘rishmoqda».

Diplomatik mojaro va futbol

Shu bilan birga, kechki ovqatning asosiy mehmoni Ronaldu emas, balki shayx Salmon edi. Bu Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasining 2018 yilda jurnalist Jamol Qoshiqchi o‘ldirilishi bilan bog‘liq yirik diplomatik mojarodan beri ilk bor AQShga tashrifi bo‘ldi.

Salmonning tanqidchisi sifatida tanilgan Qoshiqchi Saudiya Arabistonining Istanbuldagi elchixonasiga kirganidan keyin yo‘qolgan, u o‘sha yerda o‘ldirilgani gumon qilinadi. Amerika razvedkasi ma’lumotiga ko‘ra, valiahd shahzoda bu operatsiyaga rozilik bergan, lekin uning o‘zi bu ayblovni rad etadi.

Hozirga kelib AQSh va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi keskinlik yo‘qolgan – Oq uydagi muzokaralar chog‘ida jurnalistlardan biri Qoshiqchi haqida savol berganida, Tramp Salmonning tarafini olib chiqdi: «Siz gapirayotgan o‘sha kishini juda ko‘pchilik yoqtirmagan. Uni yoqtirgan bo‘lsangiz ham, yoqtirmagan bo‘lsangiz ham — voqealar sodir bo‘ladi, lekin u (valiahd shahzoda) bu voqeada hech narsani bilmagan va biz shu bilan yakunlaymiz. Siz esa mehmonlarimizni noqulay ahvolga solmang». Shahzodaning o‘zi o‘sha fojiani xatolik deb atagan va bunday holat boshqa takrorlanmasligi uchun barcha choralar ko‘rilganini aytgan.

Uchrashuv yakunlari

Saudiya delegatsiyasining tashrifi muvaffaqiyatli bo‘ldi: tomonlar mudofaa shartnomasini imzoladi va Amerika iqtisodiyotiga trillion dollar sarmoya kiritishga kelishib oldi.

Shayx Salmon futbolga faol sarmoya kiritishi bilan tanilgan. U nazorat qiladigan Saudiya Arabistoni suveren jamg‘armasi Pro liga klublariga, jumladan, Ronaldu o‘ynaydigan «An-Nasr» klubiga homiylik qiladi va 2023 yilda Angliyaning «Nyukasl» klubini sotib olgan. Shahzodaning sa’y-harakatlari Saudiya Arabistoniga 2034 yilda bo‘lib o‘tadigan jahon chempionatiga mezbonlik qilish huquqini qo‘lga kiritishga yordam berdi. Ronaldu bu taklifni faol qo‘llab-quvvatlagan, bu esa futbolchi va valiahd shahzodaning mustahkam ittifoqidan dalolat beradi.

Mavzuga oid