Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Sibir daryolarini Orolga burish. Bu qanchalik imkonli ish?
Rossiya Fanlar akademiyasi Ob daryosi suvining bir qismini Markaziy Osiyoga, jumladan, O‘zbekistonga yo‘naltirish imkoniyati o‘rganilayotgani haqida xabar berdi. Rossiyadan Orol dengiziga suv olib kelish mavjud reallikka qanchalik mos keladi? Bu imkonli ishmi?
Markaziy Osiyo mamlakatlari kun tartibidagi eng o‘tkir va dolzarb masala – suv tanqisligidir. Aholining tabiiy o‘sishi va suv iste’moli ko‘payishi, iqlim o‘zgarishi natijasida anomal issiq ob-havo yangi me’yorga aylanib borayotgani, qorli kunlar sonining qisqarishi, shuningdek, suv resurslaridan irratsional foydalanish bu muammoni chuqurlashtiryapti. Shu jihatdan vaziyatni yaxshilash uchun aytiladigan har qanday taklif yoki g‘oyalar mutaxassislar tomonidan ham, mintaqa xalqlari tomonidan ham jiddiy qabul qilinadi va o‘rganiladi. Xususan, Rossiya Fanlar akademiyasi Ob daryosi suvining bir qismini Markaziy Osiyoga, jumladan, O‘zbekistonga yo‘naltirish loyihasini amalga oshirish imkoniyatini o‘rganayotgani haqida xabar berildi. Sibir daryolaridan Orol dengiziga suv olib kelish qanchalik mavjud reallik mos keladi? Bu imkonli ishmi? Bugun shu haqida gaplashamiz.

Loyihaning paydo bo‘lishi
Rossiya daryolaridan Orolga kanal tortib kelish loyihasi kecha yoki bugun paydo bo‘lib qolmagan. 1868 yilda Kiyev universiteti bitiruvchisi Yakov Demchenko Ob va Irtish daryolari suvini Orol–Kaspiy pasttekisligiga oqizish rejasini ishlab chiqqandi. O‘sha paytda bu ishga ehtiyoj yo‘qligi sababli uning g‘oyalari qog‘ozda qolib ketadi. Uzoq tanaffusdan so‘ng, 1948 yilda akademik Vladimir Obruchev qurg‘oqchil O‘rta Osiyoni Sibir suvlari bilan «to‘yintirish» imkoniyatlari haqida Stalinga xat yozdi. «Xalqlar dohiysi» bu rejani e’tiborsiz qoldiradi.
Loyihaning ashaddiy tarafdorlaridan biri Qozog‘iston SSR Fanlar akademiyasi raisi Shafiq Shokin edi. U agar shimoldagi daryolar janubga burilmasa, yaqin yillarda Orol qurib bitib, cho‘l shamollari dengiz tubidagi minglab tonna tuzlarni havoga ko‘tarishi, atrofdagi yuzlab kilometr maydonlar yashashga yaroqsiz bo‘lib qolishi mumkinligini ta’kidlaydi.
1960 yillardan boshlab Sibir daryolarini janubga burish uchun real sabab paydo bo‘ladi: Markaziy Osiyoning tabiiy resurslari poyonlab borar, paxtaga ehtiyoj esa yil sayin ortayotgandi. Bir paytlar to‘lib-toshib oqqan Sirdaryo va Amudaryo suvlari Orolga deyarli yetmas, dengiz barchaning ko‘z o‘ngida ulkan tuzli ko‘lmakka aylanib borardi. Agar mazkur loyiha muvaffaqiyatli amalga oshirilsa, Qozog‘iston va O‘zbekistondagi juda katta hududlarni o‘zlashtirish va qishloq xo‘jaligida foydalanish mumkin bo‘lardi.
Sovet «mega proyekti»
1968 yilda KPSS Markaziy qo‘mitasi yig‘ilishida shaxsan Leonid Brejnev Gosplan, SSSR Fanlar akademiyasi va boshqa tashkilotlarga Irtish, Ob va Tobol daryolari suvlarini qayta taqsimlash bo‘yicha batafsil reja ishlab chiqish topshirig‘ini beradi. Kanal va suv omborlari qurilishini tezlashtirish uchun kerak bo‘lsa atom bombalarini qo‘llash ham istisno qilinmaydi. Chunki bu paytga kelib Kaspiy suvi ham jadal chekina boshlagani ma’lum bo‘ladi va bu Moskvaning o‘zida ham jiddiy xavotirlarni kuchaytiradi. Ayni shu paytda ishni jadallashtirish uchun kuchli dalil ham paydo bo‘ladi. Qozog‘istonning Qarag‘anda viloyatiga Irtish daryosidan 458 kmlik kanal tortiladi. Ishlarning juda ham tez tugallangani tashabbuskorlarni ruhlantirib yuboradi. Sibirdagi daryolar suvini Kaspiy va Orol dengizigacha ana shu kanalni davom ettirish orqali olib kelish reja qilinadi.
1976 yilga kelib Sibir daryolarini burish uchun texnik hujjatlar tayyorlanadi. Olimlar bo‘lajak kanal uchun to‘rtta – ikkita shimoliy va ikkita janubiy yo‘nalishni ishlab chiqishdi. «Janubiy yo‘nalish» Ob va Irtish qo‘shilgan joydan Amudaryo va Sirdaryoga qadar 2500 km uzunlikda yagona asosiy kanal qazishni nazarda tutardi. «Shimoliy yo‘nalish» mualliflari esa Xanti-Mansiysk hududida Ob daryosidan Irtish etagiga qadar, u yerdan esa Tobolgacha qisqaroq kanal qazishni tavsiya etishdi. Shundan so‘ng suv G‘arbiy Sibir pasttekisligini Shimoliy Orolbo‘yi bilan bog‘lovchi To‘rg‘ay soyi orqali oqib, katta kanaldan Amudaryo va Sirdaryoga haydalishi kerak edi.
Nisbatan arzonligi sababli dastlabki bosqichda «Shimoliy yo‘nalish» tasdiqlanadi. Loyihani amalga oshirish uchun SSSR Fanlar Akademiyasi, «Gosplan», «Gosstroy», «Minvodxoz» va Ministrlar Soveti qoshidagi davlat qo‘mitasi ishtirokida maxsus komissiya tashkil etiladi. Shu tariqa ishlar boshlab yuboriladi.
Loyihaning to‘xtatilishi
Loyiha ustida 20 yildan oshiqroq vaqt davomida SSSRdagi 160 dan oshiq turli tashkilotlar ish olib boradi. Qilingan materiallar hajmi 50 tom, tayyorlangan chizma va xaritalar 10 ta albomdan oshadi. Loyiha qiymati o‘sha paytda 32,8 milliard rublga baholangan. Bu SSSR kabi ulkan davlat uchun ham ancha katta pul edi.
Sibir daryolarini Markaziy Osiyoga oqizish masalasi ilk ko‘tarilgan va loyihalarni tayyorlash boshlanganda bu tashabbusga qarshilar ko‘p bo‘lgan. SSSRda yuritilgan qattiq siyosat bu loyihalarga qarshi chiqishga mutlaqo yo‘l qo‘ymagan. Keyinchalik Gorbachyov rahbarlikka kelib, siyosat liberallashgach, Moskvaning bu loyihasiga qarshi bo‘lgan ko‘plab kishilar paydo bo‘ladi. Matbuotda birin-ketin g‘azabnok maqolalar chop etiladi. 1986 yilda aynan Sibir daryolarini burish qator adabiy nashrlarning «navbatchi» mavzusiga aylandi.
Shu tariqa Afg‘onistondagi harbiy harakatlarga juda katta mablag‘ sarflangani tufayli bunday yirik loyihalar uchun yetarli pul topilmagani va qurilishga juda ko‘pchilik — olimlar, adiblar va boshqa ziyolilar qarshi bo‘lishi fonida 1986 yil 14 avgustda KPSS siyosiy byurosining maxsus yig‘ilishida Sibir daryolari suvlarini Markaziy Osiyoga oqizish loyihasi to‘xtatiladi.
Bugungi kundagi vaziyat
SSSR tarqab ketganidan so‘ng Qozog‘iston hukumati bir paytlar to‘xtatib qo‘yilgan bu loyihani mamlakat hududida amalga oshirish bo‘yicha Rossiya tomoni bilan muzokaralar o‘tkazadi, ammo ijobiy natijaga erisha olmagan. Kreml o‘zining ichki resurslarini tashqariga «sovg‘a qilish» tarafdori emas. Sibir daryolari — Rossiyaning strategik boyligi. Suv kelajakda neftga teng geopolitik resursga aylanishi mumkin, shuning uchun Moskva uni nazoratda ushlab turishni afzal ko‘radi.
Bundan tashqari, Sibir daryolari oqimining o‘zgarishi Arktika hududida ekologik balansni buzishi va Sibirning o‘rmon zonalariga ta’sir qilishi, Ob daryosining Shimoliy Muz okeaniga quyilish qismida sho‘rlanish darajasining oshirib yuborilishi qarshi argument sifatida keltiriladi. IES Engineering & Consulting kompaniyasi eksperti Dmitriy Sozonov hisob-kitoblariga ko‘ra, bugungi kunda Orolga suv olib kelish loyihasining qiymati eng kamida 100 mlrd dollarni tashkil etadi.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, Sibir daryolari oqimini Markaziy Osiyoga burish texnik jihatdan imkonli ish. Ulkan nasos stansiyalari, uzun quvurlar va zamonaviy suvni ko‘taruvchi mexanizmlar yordamida buni amalga oshirish mumkin. Lekin ekologik, moliyaviy va siyosiy jihatdan — deyarli imkonsiz. Markaziy Osiyo uchun eng to‘g‘ri va yagona yo‘l — mavjud suv resurslarini samarali boshqarish, suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish va mintaqaviy hamkorlikni kuchaytirishdir.
Mavzuga oid
23:00 / 04.12.2025
Amerika delegatsiyasi Zelenskiy bilan uchrashuvni bekor qilgan - OAV
21:09 / 04.12.2025
Birinchi «Markaziy Osiyo – Yaponiya» sammiti Tokioda o‘tkaziladi
16:03 / 04.12.2025
Markaziy Osiyo uchun beriladigan 12 mlrd yevroning asosiy qismi Trans-Kaspiy koridori uchun sarflanadi – YeI
15:46 / 04.12.2025