Rossiya Fanlar akademiyasi Ob daryosi suvining bir qismini Markaziy Osiyoga, jumladan, O‘zbekistonga yo‘naltirish imkoniyati o‘rganilayotgani haqida xabar berdi. Rossiyadan Orol dengiziga suv olib kelish mavjud reallikka qanchalik mos keladi? Bu imkonli ishmi?

Markaziy Osiyo mamlakatlari kun tartibidagi eng o‘tkir va dolzarb masala – suv tanqisligidir. Aholining tabiiy o‘sishi va suv iste’moli ko‘payishi, iqlim o‘zgarishi natijasida anomal issiq ob-havo yangi me’yorga aylanib borayotgani, qorli kunlar sonining qisqarishi, shuningdek, suv resurslaridan irratsional foydalanish bu muammoni chuqurlashtiryapti. Shu jihatdan vaziyatni yaxshilash uchun aytiladigan har qanday taklif yoki g‘oyalar mutaxassislar tomonidan ham, mintaqa xalqlari tomonidan ham jiddiy qabul qilinadi va o‘rganiladi. Xususan, Rossiya Fanlar akademiyasi Ob daryosi suvining bir qismini Markaziy Osiyoga, jumladan, O‘zbekistonga yo‘naltirish loyihasini amalga oshirish imkoniyatini o‘rganayotgani haqida xabar berildi. Sibir daryolaridan Orol dengiziga suv olib kelish qanchalik mavjud reallik mos keladi? Bu imkonli ishmi? Bugun shu haqida gaplashamiz.

Loyihaning paydo bo‘lishi

Rossiya daryolaridan Orolga kanal tortib kelish loyihasi kecha yoki bugun paydo bo‘lib qolmagan. 1868 yilda Kiyev universiteti bitiruvchisi Yakov Demchenko Ob va Irtish daryolari suvini Orol–Kaspiy pasttekisligiga oqizish rejasini ishlab chiqqandi. O‘sha paytda bu ishga ehtiyoj yo‘qligi sababli uning g‘oyalari qog‘ozda qolib ketadi. Uzoq tanaffusdan so‘ng, 1948 yilda akademik Vladimir Obruchev qurg‘oqchil O‘rta Osiyoni Sibir suvlari bilan «to‘yintirish» imkoniyatlari haqida Stalinga xat yozdi. «Xalqlar dohiysi» bu rejani e’tiborsiz qoldiradi.

Loyihaning ashaddiy tarafdorlaridan biri Qozog‘iston SSR Fanlar akademiyasi raisi Shafiq Shokin edi. U agar shimoldagi daryolar janubga burilmasa, yaqin yillarda Orol qurib bitib, cho‘l shamollari dengiz tubidagi minglab tonna tuzlarni havoga ko‘tarishi, atrofdagi yuzlab kilometr maydonlar yashashga yaroqsiz bo‘lib qolishi mumkinligini ta’kidlaydi.

1960 yillardan boshlab Sibir daryolarini janubga burish uchun real sabab paydo bo‘ladi: Markaziy Osiyoning tabiiy resurslari poyonlab borar, paxtaga ehtiyoj esa yil sayin ortayotgandi. Bir paytlar to‘lib-toshib oqqan Sirdaryo va Amudaryo suvlari Orolga deyarli yetmas, dengiz barchaning ko‘z o‘ngida ulkan tuzli ko‘lmakka aylanib borardi. Agar mazkur loyiha muvaffaqiyatli amalga oshirilsa, Qozog‘iston va O‘zbekistondagi juda katta hududlarni o‘zlashtirish va qishloq xo‘jaligida foydalanish mumkin bo‘lardi.