Jahon | 11:46 / 20.11.2025
2726
2 daqiqa o‘qiladi

Airbus rahbari Yevropada yadroviy qurol joylashtirishga chaqirdi

Yevropa mamlakatlari Rossiyani tiyib turish uchun yadroviy dastur ishlab chiqishi kerak, deb hisoblaydi Airbus rahbari Rene Oberman. Uning aytishicha, RF Kaliningradda joylashtirilgan «Iskander» raketalari orqali Yevropaga ochiqchasiga tahdid qilmoqda.

Rene Oberman Foto: Sean Gallup / Getty Images

Airbus aviasozlik konserni boshqaruv kengashi raisi Rene Oberman Kaliningradda joylashtirilgan, yadroviy kallak tashish qobiliyatiga ega Rossiyaning «Iskander» raketalari keltirib chiqarayotgan tahdidga javob sifatida Yevropa davlatlarini taktik yadroviy qurolga ega bo‘lishga chaqirdi.

«Bizning Axilles oyog‘imiz, ehtimol, shundaki, Rossiya bizga ancha ochiq tarzda aynan shu bilan tahdid qilyapti: Kaliningradda bevosita eshigimiz oldida joylashtirilgan “Iskander” raketalaridagi 500 dan ortiq taktik yadroviy kallaklar, buning ustiga, yaqinda Belarusda joylashtirilgan kallaklar ham bor», — dedi Oberman chorshanba, 19 noyabr kuni Berlin xavfsizlik konferensiyasida chiqish qilib.

Airbus rahbarining ta’kidlashicha, Germaniya, Fransiya, Buyuk Britaniya va boshqa manfaatdor davlatlar Rossiyani yadroviy yo‘l bilan tiyib turish bo‘yicha qo‘shma dastur ishlab chiqishi lozim.

NATO vakili esa Oberman bayonotini Reuters agentligiga izohlar ekan, ittifoq so‘nggi vaqtlarda «Rossiyaning yadroviy siyosatda qandaydir o‘zgarishlarini kuzatmaganini» qayd etdi.

Oktyabr oyi oxirida RF prezidenti Vladimir Putin Ukrainaga qarshi urush davom etayotgan bir paytda yadroviy kuch qurilmasiga ega, cheksiz masofaga uchishga qodir «Burevestnik» qanotli raketasi sinovdan o‘tkazilganini ma’lum qildi. Putin «Burevestnik»ni «dunyoda hech kimda bo‘lmagan o‘ziga xos ishlanma» deb atadi.

Yevropada yadroviy qurolga ega yagona davlatlar — Fransiya va Buyuk Britaniya. Fransiya ixtiyorida deyarli 300 ta, Britaniyada esa taxminan 250 ta yadroviy kallak bor. Germaniya esa allaqachon Fransiya bilan Parij yadroviy «soyabon»ni qanday shartlarda kengaytirishi mumkinligi haqida «strategik muzokaralar» olib bormoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid