Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Go‘zallik yo‘lida qurbonlik: baland poshna aslida qanchalik xavfli?
Baland poshnali poyabzal – ayollarning sevimli aksessuari. U moda ramzi, o‘ziga xoslik va ishonch timsoli. Ammo poshna taqdim etadigan latofatli ko‘rinish ortida bo‘g‘im, tizza va bel mushaklariga ortiqcha bosim tushishi, vaqt o‘tib tanada salbiy o‘zgarishlar kuzatilishi, suyaklar qiyshayishi kabi masalalar bor. Ushbu maqolada baland poshnaning tana uchun qanday xavflar tug‘dirishi va undan zararsiz foydalanish usullari tahlil qilinadi.
Foto: iStock
Bo‘g‘im va tovonlarga ortiqcha yuklama
Baland poshna kiygan odamning butun tana vazni tabiiy holatdan farqli o‘laroq oldinga siljiydi. Bu, eng avvalo, tizzalar va tovon suyaklariga bosimni keskin oshiradi. Har bir qadamda bo‘g‘imlar “ortiqcha yuk” ostida qoladi.
Ortiqcha yuk tufayli bo‘g‘imlardagi xondrositlar (bo‘g‘im suyaklarini qoplaydigan to‘qima) tezroq eskiradi, ushbu holat surunkali og‘riq, artrit va bo‘g‘im deformatsiyalarini keltirib chiqarishi mumkin. Shu bilan birga, oyoq suyaklari, xususan tovon va oyoq barmoqlaridagi suyaklarda deformatsiya rivojlanishi ehtimoli ortadi. Masalan, barmoqlarning egilib qolishi yoki oyoqlar tagida og‘riq paydo bo‘lishi kabi xastaliklar baland poshna tufayli yuzaga keladi
Mazkur jarayonda tizzalarga tushadigan yuk odatdagidan 20-30 foizga ortadi, ayniqsa, 7-10 sm balandlikdagi poshnalar bu ta’sirni kuchaytiradi. Kun davomida o‘zgarish bilinmaydi, ammo hafta, oy, yillar o‘tib, tizza bo‘g‘imlarida surunkali og‘riq, artrit va suyaklarda deformatsiya rivojlanishi xavfi ortadi.
Mutaxassislar tavsiyasiga ko‘ra, baland poshnada kuniga 2–3 soatdan ortiq yurish tavsiya etilmaydi.
Bel va bo‘yin mushaklariga stress
Baland poshnada yurganda faqat oyoqlar emas, butun orqa qismi ham “zo‘riqish rejimi”ga o‘tadi. Tana oldinga og‘ganidan so‘ng, bel mushaklari muvozanatni saqlash uchun ko‘proq ishlaydi. Bu esa charchoqni, belda og‘riqlarni keltirib chiqaradi.
Bo‘yin mushaklari esa, aksincha, tanani tik tutishga harakat qiladi va doimiy taranglik holatida qoladi. Oqibatda bo‘yin qismini bosgan og‘riq, kuchsizlanish, hatto bosh og‘rig‘iga olib kelishi mumkin. Mutaxassislar buni “zanjirli og‘riq” deb atashadi: oyoqdagi noqulaylik asta-sekin butun tana bo‘ylab yuqoriga ko‘tariladi.
Oyoq mushaklari, paylar va qon aylanishi
Baland poshnada oyoqlar tabiiy holatda ishlamaydi. Uning old qismi me’yordan ortiq siqiladi, paylar cho‘zilib-cho‘zilib charchaydi, oyoq mushaklari esa qisqaradi. Uzoq muddat bunday vaziyatda yurgan ayollarda:
- barmoqlar deformatsiyasi (hallux valgus);
- oyoq mushaklarining qisqarishi;
- oyoq shishi;
- varikoz tomirlar rivojlanishi;
- qon aylanishining sekinlashuvi kuzatiladi. Ayniqsa, tor uchli va juda baland poshnalar oyoqning old qismiga bosimni ikki baravar oshiradi. Shuning uchun shifokorlar baland poshnani “qisqa muddatli estetika, uzoq muddatli zarar” deb atashadi.
Muvozanat va jarohat xavfi
Poshna qanchalik baland bo‘lsa, odamning yer bilan aloqa nuqtasi shunchalik kichrayadi va muvozanat saqlash qiyinlashadi. Ustiga ustak, tor poshnalarda tananing tayanchi beqaror bo‘ladi. Oqibatda:
- toyish;
- yiqilish;
- tovon chiqishi;
- oyoq qayrilishi;
- mushak cho‘zilishi xavfi keskin oshadi. Ayniqsa, zinapoyadan tushayotganda, nam yerda yoki notekis shohko‘chalarda bu xavf bir necha baravar ko‘payadi. Shuning uchun baland poshna chiroyli ko‘rinsa ham, kundalik, uzoq masofaga yurishga mutlaqo mos emas.
Baland poshnada yurishdan kelib chiqadigan salbiy oqibatlarni kamaytirish uchun mutaxassislar quyidagi tavsiyalarni beradi:
- Vaqtni cheklash: Baland poshnada kuniga 2-3 soatdan ortiq yurmaslik, uzoq masofa bosib o‘tish zarur bo‘lsa qulay poyabzal kiyib olish.
- Oyoqlarni dam oldirish: Har 1-2 soatda oyoqlarni cho‘zish, yengil mashqlar qilish.
- To‘g‘ri poyabzal tanlash: 5-7 sm balandlikdagi, keng tovonli va oyoqni mustahkam tutib turuvchi poyabzal tanlash.
- Ortopedik ichliklar: Maxsus oyoq ichliklari bosimni kamaytiradi va oyoq shaklining to‘g‘ri turishiga yordam beradi.
Baland poshnali poyabzal ayollarga estetik va o‘ziga xos ko‘rinish berishi mumkin, ammo uning tanaga ta’sirini e’tiborsiz qoldirish surunkali salomatlik muammolariga olib keladi. Me’yorida va ehtiyotkorlik bilan kiyilsa, poshnaning salbiy oqibatlari kamayadi, muntazam va uzoq vaqt baland poshnada yurish esa tizzalar, bel, bo‘yin va oyoq sog‘lig‘ini xavf ostiga qo‘yadi.
Mavzuga oid
17:09 / 04.12.2025
Yo‘talni dorilarsiz ketkazish mumkinmi?
15:18 / 04.12.2025
Ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlashning yangi moliyaviy instrumentlari joriy etiladi
01:36 / 01.12.2025
Yurak uchun eng foydali mahsulotlar aytildi
16:06 / 29.11.2025