Jahon | 12:53 / 21.11.2025
2512
3 daqiqa o‘qiladi

Ukraina Rossiya qo‘shinlari Kupyanskni egallagani haqidagi xabarni rad etdi

Ukraina Bosh shtabi ma’lumotiga ko‘ra, Kupyansk Ukraina Mudofaa kuchlari nazorati ostida. Shahar va uning atrofida dushmanning shaharga kirgan diversiya-razvedka guruhlarini qidirish va yo‘q qilish bo‘yicha kontrdiversion tadbirlar va maxsus operatsiyalar davom etmoqda, deya ta’kidladi Bosh shtab.

Foto: AP

Ukraina Qurolli Kuchlari Bosh shtabi payshanba, 20 noyabr kechqurun Rossiya Qurolli Kuchlari Bosh shtabi boshlig‘i Valeriy Gerasimovning Rossiya qo‘shinlari Ukraina Xarkiv viloyatidagi Kupyansk shahrini nazoratga olgani haqidagi da’volarini rad etdi.

«Kupyansk Ukraina Mudofaa kuchlari nazorati ostida. Shahar va uning atrofida dushmanning shaharga kirgan diversiya-razvedka guruhlarini qidirish va yo‘q qilish bo‘yicha kontrdiversion tadbirlar va maxsus harakatlar davom etmoqda», — deyiladi Bosh shtab Facebook ijtimoiy tarmog‘ida e’lon qilgan bayonotda.

«Yampol bo‘yicha ham o‘xshash vaziyat. Bu aholi punkti hududida bizning qo‘shinlarimiz qidiruv-zarba tadbirlarini davom ettirmoqda. Shuningdek, Xarkiv viloyatidagi Volchansk shahrining go‘yoki 80 foizi va Pokrovsk shahrining 70 foizi egallangani haqidagi bayonotlar ham haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi», — deb qo‘shimcha qildi Ukraina Bosh shtabi.

Kupyanskning egallanishi haqidagi xabarni Gerasimov Rossiya prezidenti Vladimir Putinning «Zapad» guruhi qo‘mondonlik punktlaridan biriga tashrifi vaqtida bergan edi. U shuningdek, Xarkiv viloyatidagi Volchansk shahri hududining 80 foizidan ortig‘i va Donetsk viloyatidagi Pokrovsk shahri hududining 70 foizi Rossiya armiyasi nazoratida ekanini ma’lum qildi. Putin esa o‘z navbatida, Kupyansk atrofida Ukraina Qurolli Kuchlarining 15 ta bataloni bloklanganini aytdi. Unga ko‘ra, Donetsk viloyatidagi Konstantinovka shahrida ham janglar ketmoqda.

2022 yil 24 fevralda keng ko‘lamli urush boshlanishidan oldin Kupyanskda deyarli 27 ming aholi yashar edi, yaqin atrofdagi qishloq va posyolkalarni hisobga olganda, bu raqam qariyb 56 ming kishini tashkil etardi. 2022 yil 27 fevral kuni Rossiya armiyasi shaharni egallagan, ammo o‘sha yil sentabrida Ukraina tomoni Kupyansk ustidan nazoratni qayta tiklagan.

Kupyansk atrofidagi janglar 2023 yil yozida qaytadan avj oldi. O‘shanda bir qator aholi punktlarida fuqarolarni majburiy evakuatsiya qilish boshlangan edi. 2025 yil fevral oyida esa Kupyansk shahar harbiy ma’muriyati rahbari Andrey Besedin shahardagi vaziyatning jiddiy ekani haqida xabar berib, aholi soni 3,1 ming kishi atrofida qolganini ma’lum qilgan.

2025 yil sentabr oyida Kupyanskka aholi kirishi yopildi. Oktyabr oyida Ukraina shahar yaqinida joylashgan, Rossiya armiyasi bilan janglar ketayotgan o‘nlab qishloqlardan oilalarni evakuatsiya qilishni boshladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid