Jamiyat | 11:32 / 22.11.2025
17459
2 daqiqa o‘qiladi

Jizzaxda sodir bo‘lgan dahshatli YTHda 5 kishi vafot etdi

“Toshkent-Termiz” avtomobil yo‘lining Sharof Rashidov tumani hududidan o‘tgan qismida Lacetti yo‘lni kesib o‘tayotgan Isuzu yuk mashinasiga borib urilgan. To‘qnashuvdan so‘ng yong‘in chiqqan hamda Lacetti haydovchisi va 4 yo‘lovchisi voqea joyida halok bo‘lgan. Isuzu haydovchisi bir yil davomida 44 marta qoidabuzarliklar sodir qilgani aniqlandi.

Foto: Videodan kadr

Jizzaxda insonlar o‘limi bilan bog‘liq mudhish YTH sodir bo‘ldi. Bu haqda Kun.uz manbasi xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, YTH kecha, 21 noyabr kuni soat 23:40 larda Jizzax viloyatining Sharof Rashidov tumani hududida, M-39 “Toshkent-Termiz” avtomobil yo‘lining 989-km.da sodir bo‘lgan. 22 yoshli haydovchi o‘z boshqaruvidagi Isuzu avtomobilini “Toshkent–Samarqand” yo‘nalishida joylashgan “metan-zapravka”dan boshqarib chiqqan. So‘ngra yo‘lni kesib o‘tayotganda “Samarqand-Toshkent” yo‘nalishida harakatlanib kelayotgan, 23 yoshli haydovchi boshqaruvidagi Lacetti Isuzu’ga urilgan.

To‘qnashuvdan so‘ng Lacetti’da yong‘in chiqqan. YTH oqibatida Lacetti mashinasi haydovchisi va 4 yo‘lovchisi voqea joyida vafot etgan.

Isuzu haydovchisi bir yil davomida 44 marta qoidabuzarliklar sodir qilgani aniqlangan.

Jizzax viloyati IIB YHXB axborot xizmatining ma’lum qilishicha, Isuzu haydovchisi o‘rnatilgan 2.4 “Yo‘l bering” va 4.1.2 “Harakatlanish o‘nga” yo‘l belgisi talablariga bo‘ysunmasdan, belgilanmagan joydan Toshkent yo‘nalishiga burilish uchun yo‘lning qatnov qismiga chiqqan.

Holat yuzasidan Jizzax viloyati IIB Tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq Samarqandda Damas-2 va Onix to‘qnashuvi oqibatida bir kishi vafot etgandi.

Mavzuga oid