Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Namanganda YPX xodimi mashina urib ketishi oqibatida halok bo‘ldi
Davlatobod tumanida Onix mashinasini tegishli hujjatlarsiz boshqarib borayotgan haydovchi to‘xtash ishorasiga bo‘ysunmasdan, YPX xodimi Vahobjon Mo‘minovni katta tezlikda urib ketgan. Ko‘rilgan tezkor harakatlar natijasida mashina harakati cheklanib, haydovchi qo‘lga olingan. Og‘ir tan jarohati olgan xodim vafot etgan.
Foto: IIV
Namangan viloyatida YPX xodimi mashina urib ketishi oqibatida halok bo‘ldi. Bu haqda IIV matbuot kotibi Shoxruh G‘iyosov ta’ziya xabarida ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, holat 21 noyabr kuni soat 23:00 larda sodir bo‘lgan. YPX xodimlari tomonidan Davlatobod tumani hududida harakatlanib kelayotgan Onix mashinasiga to‘xtash ishorasi berilgan. Biroq tegishli hujjatga ega bo‘lmagan haydovchi xodimlarga bo‘ysunmasdan qochishga uringan.
Shu vaqtda ratsiya orqali oldinroqda xizmat olib borayotgan katta serjant Vahobjon Mo‘minovga mazkur mashinani to‘xtatish chorasini ko‘rish yuzasidan xabar berilgan. Vahobjon Mo‘minov haydovchiga to‘xtash ishorasini bergan vaqtda haydovchi yuqori tezlik bilan xodimni urib yuborib, unga og‘ir tan jarohati yetkazgan.
Ko‘rilgan tezkor harakatlar natijasida transport vositasining harakati cheklanib, haydovchi qo‘lga olingan. Katta serjant Vahobjon Mo‘minov shifoxonaga olib borilgan vaqtda vafot etgan.
“Ichki ishlar vazirligi rahbariyati va ko‘p sonli shaxsiy tarkibi Namangan viloyati IIB JXX YHXB yo‘l-patrul xizmati katta inspektori katta serjant Mo‘minov Vahobjon Abduvaliyevichning vafoti munosabati bilan marhumning oila a’zolari va yaqinlariga chuqur ta’ziya izhor etadi”, deyiladi ta’ziya xabarida.
Ikki qiz va bir o‘g‘ilning otasi bo‘lgan 42 yoshli Vahobjon Mo‘minov 2007 yildan ichki ishlar organlarida xizmat qilib kelgan.