Jahon | 22:45 / 23.11.2025
3135
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh hukumati samaradorlik departamenti (DOGE) endi yo‘q – OAV 

Shov-shuv bilan ish boshlagan va budjet xarajatlarini keng miqyosda qisqartirishga va’da bergan tashkilot endi markazlashgan tuzilma emasligi ta’kidlanmoqda.

Foto: Reuters

Yanvar oyida shov-shuv bilan ish boshlagan va budjet xarajatlarini keng miqyosda qisqartirish bilan tahdid qilgan AQSh Hukumat samaradorligi departamenti (DOGE) endi yo‘q. Bu haqda so‘nggi paytlarda deyarli eshitilmayotgan DOGE ishlarining ahvoli bilan qiziqqan Reuters agentligi ma’lum qildi. 

AQSh kadrlar xizmati rahbari Skott Kuporning agentlikka aytishicha, DOGE «mavjud emas», u endi «markazlashgan tuzilma» emas.

Agentlik DOGE funksiyalarining bir qismi endi AQSh kadrlar xizmati boshqaruvining o‘ziga o‘tganini aniqladi. DOGE sobiq xodimlarining bir qismi hozir prezident Donald Trampning joriy yil avgust oyidagi farmoni bilan tashkil etilgan National Design Studio yangi tuzilmasida ishlayapti va hukumat saytlarining tashqi ko‘rinishini yaxshilash bilan shug‘ullanmoqda. Xodimlarning yana bir qismi boshqa bo‘limlarga, jumladan, AQSh Davlat departamenti va Sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar vazirligiga tarqalgan.

DOGE 2025 yil yanvar oyida tashkil etilgan va hujjatlarga ko‘ra 2026 yil iyulgacha ishlashi kerak edi. DOGE birinchi rahbari Ilon Maskning davlat budjeti isrofgarchiligiga qarshi keskin kurash haqidagi balandparvoz bayonotlari asta-sekin yo‘qqa chiqdi, keyin esa uning o‘zi ham departamentdan ketdi. 

Budjet xarajatlarini 2 trln dollarga qisqartirish bo‘yicha dastlabki reja amalga oshmadi. Reuters ta’kidlaganidek, mustaqil ekspertlar DOGE «o‘nlab milliard dollarlik» xarajatlarni qisqartirishga muvaffaq bo‘lgani haqidagi da’volarini tekshira olmaydi, chunki idora o‘z ishi haqida batafsil moliyaviy hisobotlarni taqdim etmagan.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid