Jahon | 18:24 / 23.11.2025
2347
3 daqiqa o‘qiladi

Vetnamda suv toshqinlari oqibatida 100 ga yaqin kishi halok bo‘ldi

Ushbu mamlakat iqlim o‘zgarishi tufayli ekstremal ob-havo hodisalariga moyil bo‘lib qolgan: avvalroq Vetnamga bir necha hafta ichida ikki bor vayronkor to‘fonlar yopirilgandi.

Magdalena Chodownik/Anadolu via Getty Images

Vetnamda suv toshqinlari va ko‘chkilarga olib kelgan kuchli yomg‘irlar oqibatida kamida 90 kishi halok bo‘ldi va yana 12 kishi bedarak yo‘qoldi.

Vetnam hukumati ma’lumotlariga ko‘ra, butun mamlakat bo‘ylab 186 ming uy shikastlangan va uch milliondan ortiq chorva mollari nobud bo‘lgan.

Rasmiylarning hisob-kitoblariga ko‘ra, zarar 300 million dollardan ortiqni tashkil etgan.

AFP axborot agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, tog‘li Daklak provinsiyasi eng ko‘p zarar ko‘rgan: 16 noyabrdan buyon u yerda 60 dan ortiq o‘lim ro‘yxatga olingan.

Suv toshqinlari so‘nggi oylarda Vetnamda yuz bergan navbatdagi ekstremal ob-havo hodisasi bo‘ldi. Avvalroq mamlakat bir necha hafta oralig‘ida «Kalmaegi» va «Buala» to‘fonlari yopirilishidan aziyat chekkan edi.

Rasmiylarga ko‘ra, 258 mingga yaqin odam elektr ta’minotisiz qolgan, asosiy avtomagistral va temiryo‘l uchastkalarida harakat to‘xtatilgan.

Eng ko‘p zarar ko‘rgan hududlarga yordam ko‘rsatish uchun armiya va politsiya resurslari safarbar qilinmoqda.

Hukumat eng jiddiy oqibatlar Vetnam janubida joylashgan Kuangngay, Zyalay, Daklak, Kxanxoa va Lamdong kabi beshta provinsiyada qayd etilganini ma’lum qilgan.

«Bizning tumanimiz butunlay vayron bo‘ldi. Hech narsa qolmadi. Hammayoq loy ichida qoldi», – deydi daklaklik fermer Mah Van Si AFP agentligi muxbiriga.

Bosh vazir Fam Min Tin yakshanba kuni ertalab videoaloqa orqali favqulodda yig‘ilish o‘tkazdi. U bu vaqtda G20 sammitida ishtirok etish uchun Janubiy Afrikaga ketgandi.

Hozirgi kabi yog‘ingarchilik darajasi 1993 yildan beri kuzatilmagan. Yaqin kunlarda yomg‘irlar to‘xtashi prognoz qilinmoqda.

Olimlar ta’kidlashicha, Vetnam iqlimning antropogen o‘zgarishi tufayli ekstremal ob-havo hodisalariga ko‘proq moyil bo‘lib qolgan, bu esa to‘fonlar ko‘payishi va kuchayishiga olib kelmoqda.

Mavzuga oid