Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Davlat kompaniyalari 20 ta xizmatni autsorsingdan olishi belgilandi
Xizmat mashinalari, koll-markaz, buxgalteriya, klining, keytering, rekruting, marketing, reklama va jamoatchilik bilan aloqalar kabi ko‘plab xizmatlarni davlat kompaniyalari autsorsingdan sotib olishi belgilandi. Mebellar, maishiy texnikalar, kanselyariya buyumlari va IT-mahsulotlarning litsenziyalarini arzonroqqa olish maqsadida bir nechta kompaniya o‘zaro kelishgan holda bitta davlat xaridini amalga oshiradi.
Foto: Shutterstock
O‘zbekiston prezidentining 19 noyabr kungi farmoyishi bilan, davlat ulushi 50 foiz va undan yuqori bo‘lgan korxonalarda tannarxni kamaytirish choralari belgilandi.
Unga ko‘ra, qator funksiyalarni autsorsingga beriladi, bir nechta kompaniyaning asosiy vositalar bo‘yicha xaridlari birlashtiriladi, shuningdek, boshqaruv jarayonlari raqamlashtiriladi.
Autsorsing
Farmoyish bilan, davlat korxonalarida autsorsing asosida bajarilishi lozim bo‘lgan funksiya va xizmatlar ro‘yxati tasdiqlandi. Ro‘yxat quyidagicha:
- bino va hududlarni tozalash (klining) xizmati;
- qorovullik va obektlarni muhofaza qilish xizmati;
- ishchilar ovqatlanishini tashkil etish (keytering) xizmati;
- xodimlarni xizmat avtotransporti bilan ta’minlash xizmati (haydovchi bilan birga);
- bino va inshootlarni texnik qo‘llab-quvvatlash (santexnika, elektr ta’minoti va boshqa muhandislik xizmatlari);
- ishlab chiqarish uskunalariga texnik xizmat ko‘rsatish;
- axborot texnologiyalari infrastrukturasiga xizmat ko‘rsatish (IT-autsorsing);
- dasturiy ta’minotni ishlab chiqish va texnik qo‘llab-quvvatlash xizmati;
- buxgalteriya hisobi va moliyaviy hisobotni yuritish xizmati;
- yuridik maslahat va huquqiy hamrohlik xizmati;
- xodimlarni tanlash va ishga qabul qilish (rekruting) xizmati;
- ish haqini hisoblash va kadrlar bo‘yicha hujjat yuritish xizmati;
- marketing, reklama va jamoatchilik bilan aloqalar xizmati;
- mijozlar uchun koll-markaz va axborot xizmati;
- pochta-kurerlik va hujjat yetkazib berish xizmati;
- poligrafiya va bosmaxona xizmati (matbaachilik va nusxa ko‘paytirish ishlari);
- konferensiya, seminar va boshqa tadbirlarni tashkil etish xizmati;
- avtoparkni boshqarish va avtotransportlarga servis xizmati;
- laboratoriya sinovlari va sertifikatlash xizmatlari;
- ichki audit va konsalting xizmati.
2026 yil 1 martdan boshlab UzAssets tizimidagi yirik korxonalarda umumiy xizmat ko‘rsatish markazlari (Shared Service Centers) faoliyati yo‘lga qo‘yilib, ular orqali yordamchi xizmatlar va funksiyalar (xaridlar, kadrlar, buxgalteriya, axborot texnologiyalari, yuridik xizmatlar) markazlashtiriladi.
“Birgalikda xarid qilish” taomili
O‘xshash turdagi tovar va resurslarni birgalikda xarid qilish orqali tannarxni pasaytirish va logistikani takomillashtirish ko‘zda tutilmoqda.
Davlat korxonalari uchun birgalikda xarid qilinishi mumkin bo‘lgan asosiy tovarlar ro‘yxatiga quyidagilar kiritildi:
- ofis qog‘ozi (turli o‘lchamlardagi yozuv qog‘ozlari);
- kanselyariya buyumlari (ruchka, daftar va boshqalar);
- kompyuterlar va periferiya qurilmalari (monitorlar, printerlar, tashkilot uchun boshqa texnikalar);
- nusxa ko‘chirish va bosma uskunalari hamda ularning sarf materiallari (kartrij, toner va boshqalar);
- maxsus ish kiyimlari va shaxsiy himoya vositalari (formali kiyim-bosh, kaska, qo‘lqop va h.k.);
- ofis mebellari (stol, stul, shkaf va boshqalar);
- gigiyena va tozalash vositalari (sovun, yuvish va dezinfeksiyalash mahsulotlari);
- oziq-ovqat mahsulotlari (xodimlar oshxonasi va umumiy ovqatlanish ehtiyojlari uchun);
- yonilg‘i-moylash materiallari (benzin, dizel yoqilg‘isi, motor moylari);
- avtotransport vositalari uchun ehtiyot qismlar (shinalar, filtrlar va boshqalar);
- qurilish va ta’mirlash materiallari (sement, bo‘yoq va boshqalar);
- yorug‘lik chiroqlari va elektrotexnika tovarlari (lampochka, kabel, rozetka va boshqalar);
- konditsionerlar va ventilyatsiya uskunalari;
- aloqa va telekommunikatsiya vositalari (statsionar telefonlar, mobil aloqa qurilmalari);
- standart dasturiy ta’minot mahsulotlari uchun litsenziyalar (operatsion tizimlar, ofis dasturlari va boshqalar).
Birgalikdagi davlat xaridlarini amalga oshirishning vaqtinchalik tartibiga ko‘ra, ikki yoki undan ortiq davlat korxonalari birgalikdagi davlat xaridlarini amalga oshirishi uchun tomonlar o‘rtasida bitim tuzilishi talab etiladi. Bitimda davlat xaridini qaysi tashkilot o‘tkazishi ko‘rsatiladi.
Zarur hollarda, birgalikda xaridlarni amalga oshirish uchun ekspertlar, ekspert tashkilotlari yoki maxsus xarid tashkilotchilari (professional agentlar yoki xarid komissiyalari) jalb etilishi mumkin.
Raqamlashtirish
Davlat korxonalarida raqamlashtirish joriy etiladigan jarayonlar va axborot texnologiyalari mahsulotlari ham tasdiqlandi:
- ombor va zaxiralarni boshqarish axborot tizimi;
- ma’lumotlar bazasi va hisobotlarni vizualizatsiya qilish uchun yagona tahliliy tizim;
- ishlab chiqarish jarayonlarini real vaqt rejimida kuzatib borish va tahlil qilish tizimi (masalan, SCADA/MES platformalari);
- kompaniya budjeti va xarajatlarini rejalashtirish hamda tahlil qilish uchun biznes tahlil (Business Intelligence — BI) platformasi;
- energiya iste’molini monitoring qilish va tejamkorlikni tahlil qilish uchun axborot tizimi;
- buxgalteriya va moliyaviy hisobot jarayonlarini avtomatlashtirish tizimi (buxgalteriya uchun ERP moduli);
- xaridlar va tenderlarni elektron tarzda tashkil etish tizimi (elektron xaridlar e-procurement platformasi);
- elektron hujjatlar aylanish tizimi (Document Management System);
- kadrlar hisobi va maosh boshqaruvi uchun elektron HR-menejment tizimi;
- mijozlar bilan ishlash va sotuv jarayonlari uchun CRM (Customer Relationship Management) axborot tizimi;
- kompaniyaning veb-sayti va onlayn xizmatlar (raqamli marketing va kommunikatsiya) platformasi;
- axborot xavfsizligi va kiberxavfsizlikni ta’minlash tizimlari.
Raqamli texnologiyalar vazirligiga 1 oy muddatda yirik davlat korxonalari faoliyatida foydalanilayotgan axborot va raqamli mahsulotlarni xatlovdan o‘tkazish, raqamlashmagan jarayonlarni raqamlashtirish bo‘yicha dastur ishlab chiqib, Vazirlar Mahkamasiga kiritish vazifasi yuklatildi.
Yuqorida keltirib o‘tilgan 3 ta ro‘yxatga respublika komissiyasi tomonidan o‘zgartirishlar kiritilishi mumkin.
Mavzuga oid
17:25 / 24.11.2025
Davlat korxonalarida boshqaruv xodimlari soni qisqartiriladi
15:50 / 24.11.2025
Davlat kompaniyalari prezident ruxsatisiz homiylik bilan shug‘ullanishni to‘xtatadi
13:32 / 22.11.2025
Farmatsevtika mahsulotlari bo‘yicha davlat xaridlari yangi elektron modul orqali amalga oshiriladi
14:56 / 25.09.2025