Jahon | 12:21 / 24.11.2025
2027
3 daqiqa o‘qiladi

Isroil: G‘azo sektorida HAMAS qo‘mondoni yo‘q qilindi

Isroil harbiylari ma’lum qilishicha, HAMASning ta’minot tizimi bo‘yicha asosiy rahbari Alaa al-Hadidiy yo‘q qilingan. Isroil va HAMAS o‘t ochishni to‘xtatish rejimi buzilgani yuzasidan bir-birini ayblashni davom ettirmoqda.

Foto: Reuters

Isroil yakshanba kuni, 23 noyabrda, G‘azo sektorida Falastinning HAMAS harakati mahalliy qo‘mondonlaridan biri yo‘q qilinganini ma’lum qildi. Isroil harbiylari bayonotida qayd etilishicha, o‘ldirilgan shaxs HAMAS shtabida ta’minot xizmati rahbari bo‘lgan Alaa al-Hadidiydir. U shanba kuni butun G‘azo sektori bo‘ylab o‘tkazilgan amaliyotlardan biri chog‘ida yo‘q qilingan.

HAMAS al-Hadidiyning halok bo‘lgani haqidagi xabarlar yuzasidan hali biror bayonot bermadi. Shu orada Isroil va Falastin guruhi o‘t ochishni to‘xtatish rejimi buzilgani borasida bir-birini ayblashda davom etmoqda.

Isroil harbiylari bir kun oldin G‘azo sektoriga aviahujumlar uyushtirgan. Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahuning aytishicha, bu zarbalar HAMASning Isroil nazoratidagi hududga jangchi yuborgani uchun javob zarbasi bo‘lgan.

Netanyahuning so‘zlariga ko‘ra, aviahujumlar natijasida HAMASning besh nafar yuqori martabali a’zosi yo‘q qilingan. O‘z navbatida, HAMAS nazoratidagi G‘azo sog‘liqni saqlash organlari Isroil zarbalari natijasida kamida 20 nafar falastinlik halok bo‘lganini ma’lum qildi.

Yevroittifoq va AQShda terrorchi tashkilot deb e’tirof etilgan HAMAS harakatining 2023 yil 7 oktyabr kuni Isroilga qilgan hujumi Yaqin Sharqdagi mojaroning yangi bosqichi keskin avj olishi nuqtasi bo‘ldi. O‘shanda jangchilar Isroilga raketa zarbalari bergan, uning hududiga kirib borgan va taxminan 1200 kishini o‘ldirgan. Shuningdek, taxminan 250 nafar garovga olingan kishi G‘azo sektoriga olib ketilgan. Keyinchalik garovdagilarning bir qismi almashtirilgan yoki ozod qilingan, bir qismi esa halok bo‘lgan.

Isroil bu hujumga javoban HAMASga urush e’lon qildi. HAMAS nazoratidagi sog‘liqni saqlash vazirligiga ko‘ra, yerdagi harbiy amaliyotlar va G‘azo sektori bombardimon qilinishi vaqtida 67 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘lgan, yana 169 mingdan ko‘prog‘i yaralangan. 

Mavzuga oid