Jahon | 15:35 / 24.11.2025
3418
5 daqiqa o‘qiladi

​​​​​​​Isroil «Hizbulloh»ning yuqori martabali qo‘mondonini o‘ldirdi

Isroil armiyasi 23 noyabr kuni Livan poytaxtidagi ko‘p qavatli uyga zarba berib, 5 kishini o‘ldirdi. IDFʼga ko‘ra, nishon – «Hizbulloh bosh shtabi rahbari» Ali Tabtabaiy bo‘lgan. Guruh qo‘mondonning o‘limini tasdiqladi va «munosib javob masalasi» ko‘rilayotganini bildirdi.

Foto: AP

Isroil 23 noyabr kuni Livan poytaxti Bayrutga zarba berdi. Isroil armiyasi bayonotiga ko‘ra, iyun oyidan beri Bayrutga berilgan ilk zarbada «Hizbulloh bosh shtabi rahbari» Haysam Ali Tabtabaiy o‘ldirilgan. Shuningdek, Isroil guruhga – qayta qurollanmaslik va tiklanmaslik haqida ogohlantiruv yubordi.

Livan Sog‘liqni saqlash vazirligiga ko‘ra, Bayrutning janubiy chekkasidagi ko‘p qavatli uyga berilgan zarba oqibatida besh kishi halok bo‘ldi va 25 kishini yaraladi.

Foto: AP

AP nashrining yozishicha, zarbadan oldin evakuatsiya ogohlantiruvi berilmagan. Bir ko‘p qavatli uyning to‘rtinchi qavati zarar ko‘rgan. Favqulodda xizmatlar yetib kelganda olomonni tarqatish uchun o‘q ovozlari eshitildi. Portlash to‘lqini va uyning parchalari pastdagi bekatdan turgan ko‘plab avtomobillarga zarar yetkazgan.

Foto: Reuters

Nashrga ko‘ra, nishonga olingan bino yaqinida Isroil droni uchib yurgan edi.

Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyahu Tabtabaiyni Hizbullohning qayta qurollanish harakatlariga rahbarlik qilganlikda aybladi.

«Biz shimoliy hudud aholisi va Isroil davlatiga har qanday tahdidning oldini olish uchun qat’iy harakat qilishda davom etamiz», dedi Isroil mudofaa vaziri Isroil Kats. Harbiylar Livan chegarasiga yaqin Shimoliy Isroil aholisi kundalik hayotini davom ettirishi mumkinligini bildirdi. Bu – Hizbullohning harbiy javobi kutilmayotganidan darak beradi.

Hizbullohning javobi

Hizbulloh Ali Tabtabaiyning o‘limini tasdiqlab, uni «buyuk qo‘mondon» sifatida yodga oldi. Guruh qo‘mondonning «hayotining oxirgi onigacha isroillik dushmanga qarshi kurashgani»ni ta’kidlagan. Biroq uning aniq lavozim va vazifalari batafsil ochiqlanmadi.

Foto: Reuters

Reuters nashrining yozishicha, Tabtabaiy 2024 yil sentabr oyida Isroil hujumlarida o‘ldirilgan Ibrohim Aqilning vorisi edi. O‘sha hujumlarda Hizbulloh rahbariyati, jumladan, uzoq yillar rahbarlik qilgan Hasan Nasrulloh ham yo‘q qilingan edi.

Tabtabaiy shuningdek, Hizbullohning elita Razvon bo‘linmasiga boshchilik qilgan. 2016 yilda AQSh uni xorijdagi Hizbulloh maxsus kuchlarini boshqargan harbiy yetakchi sifatida terrorchi deb e’lon qilgan. Shuningdek, u haqidagi ma’lumot uchun 5 million dollargacha mukofot belgilangandi.

«Hizbulloh rahbariyati munosib javob masalasini ko‘rib chiqmoqda va tegishli qarorni qabul qiladi», dedi Hizbulloh siyosiy kengashi raisi o‘rinbosari Mahmud Qomati. Shuningdek, Qomati bu zarba «qizil chiziq»ni kesib o‘tganini, javob qanday shaklda bo‘lishi haqida qaror qabul qilinishini aytgan. «Bugungi janubiy chekkalarga qilingan zarba butun Livan bo‘ylab hujumlar kuchayishi uchun eshik ochmoqda».

Livan prezidenti Jozef Aun esa zarbani qoralashini bildirdi hamda Isroilni sulh shartlariga rioya qilmaslikda aybladi. U xalqaro hamjamiyatni «Livan va uning xalqiga qilingan hujumlarni to‘xtatish uchun qat’iy va jiddiy aralashuvga» chaqirdi.

Hujumlar kuchaymoqda

So‘nggi haftalarda Isroilning Janubiy Livandagi havo hujumlari kuchaydi. Shu bilan birga Isroil va AQSh Livanni Hizbullohni qurolsizlantirishga bosim qilmoqda. Isroil bu guruh harbiy salohiyatini qayta tiklamoqchi, deb da’vo qilib keladi. Hizbullohni qurolsizlantirishni qo‘llab-quvvatlaydigan Livan hukumati esa bu ayblovlarni rad etadi.

Foto: Reuters

Livan hukumati janubga qo‘shin joylashtirgan, biroq mablag‘i kam armiyaga qo‘shimcha resurslar kerak.

So‘nggi Isroil–Hizbulloh urushi 2023 yil oktyabrda, G‘azodagi urushdan keyin boshlandi. So‘nggi yillarda Hizbulloh ishtirokidagi eng yirik to‘qnashuvda 4 mingdan ortiq inson halok bo‘ldi. 2024 yil noyabrga kelib, AQSh vositachiligida sulh tuzildi.

Shunga qaramay, Isroil Livanga hujumlarni to‘xtatmayapti. Xususan, seshanba kuni Isroil zarbasi oqibatida Livandagi falastinlik qochqinlar lagerida 13 kishi vafot etdi. Bu sulh e’lon qilinganidan beri eng halokatli zarba bo‘ldi.

Hizbulloh esa sulh boshlanganidan beri Isroilga deyarli hujum qilmagan. Dekabr oyida u bir nechta raketa otgan, ular Isroil harbiy bazasi yaqinidagi bo‘sh hududga tushgan. Bu «ogohlantirish» sifatida talqin qilingan. 

Mavzuga oid