Jahon | 09:40 / 24.11.2025
2751
4 daqiqa o‘qiladi

Mers Ukrainada tinchlikka erishish yo‘li bo‘yicha o‘z taklifini ilgari surdi

Germaniya kansleri Donald Tramp talab qilganidek, Ukraina uchun mo‘ljallangan AQSh tinchlik rejasi 27 noyabrgacha qabul qilinishiga shubha bildirdi. Shu bois Fridrix Mers kamida «hech bo‘lmasa birinchi qadamni qo‘yish» uchun o‘z taklifini kiritdi.

Foto: AP /Markus Schreiber

Germaniya kansleri Fridrix Mers Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushiga chek qo‘yish bo‘yicha muzokaralar jarayonida o‘z taklifini ilgari surdi. Gap 28 banddan iborat AQSh «tinchlik rejasi»ning qisqartirilgan varianti haqida borayotganini u yakshanba, 23 noyabr kuni Yoxannesburgda bo‘lib o‘tgan G20 sammitida ma’lum qildi.

Siyosatchining ta’kidlashicha, u AQShning tinchlik bo‘yicha taklifini Ukraina uchun Donald Tramp belgilab qo‘ygan so‘nggi muddat — 27 noyabr, payshanba kuniga qadar kelishib olish imkoniyatiga shubha bilan qaraydi. «Agar 28 bandda sanab o‘tilganning barchasi besh kun uchun juda ko‘p bo‘lsa, men kamida amerikaliklar va yevropaliklar roziligi bilan Ukraina tomoni Rossiya bilan kelishishi mumkin bo‘lgan hech bo‘lmaganda bir bandni topishga urinib ko‘rmoqchiman», — dedi Mers.

U o‘zi taqdim etgan taklifning tafsilotlariga to‘xtalmadi, faqat gap «payshanba kuni hech bo‘lmaganda birinchi qadamni qo‘yish» haqida ketayotganini ta’kidlab o‘tdi.

Mersning so‘zlariga ko‘ra, bu taklif hozir Jyenevada YeI, AQSh va Ukraina vakillari o‘rtasidagi muzokaralarda ham muhokama qilinmoqda. «Ehtimol, biz olg‘a yurish imkoniyatiga ega bo‘larmiz, ammo buni eng qisqa muddat ichida amalga oshirishga hali ham shubha bilan qarayman», — deya qayd etdi Germaniya hukumati rahbari.

Germaniya kanslerining fikricha, Ukrainaga qarshi boshlangan urush tugagandan keyin bu mamlakat uchun kelgusi xavfsizlik kafolatlari masalasi ayniqsa muhim. «2025 yilda Rossiyaga 1995 yildagidek ishonib bo‘lmaydi», — dedi u, Budapesht memorandumiga ishora qilib.

Ushbu hujjatga ko‘ra, Rossiya Ukraina hududiy yaxlitligi va suverenitetiga tajovuz qilmasligi kerak edi. Biroq Kiyev uchun kafolatlar unda aniq tafsilotlar va kafil davlatlar — jumladan, Buyuk Britaniya va AQSh uchun aniq majburiyatlar belgilanmasdan bayon etilgan. Hujjat matni Rossiya hujumi yuz bergan taqdirda Ukrainaga to‘g‘ridan to‘g‘ri harbiy himoya ko‘rsatishni ham nazarda tutmagan.

23 noyabr kuni Jyenevada Ukrainadagi urushni to‘xtatish rejasi bo‘yicha xalqaro maslahatlashuvlar o‘tkazildi. Ukraina delegatsiyasi rahbari, prezident ofisining boshlig‘i Andrey Yermak ma’lum qilishicha, muzokaralarda ishtirok etish uchun, jumladan, AQSh davlat kotibi Marko Rubio va AQSh prezidentining maxsus vakili Stiv Uitkoff kelgan.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy konstruktiv muloqot va ijobiy natijaga umid bildirdi. «Ukraina va Amerika jamoalari, shuningdek, yevropalik hamkorlarimiz yaqin aloqada, va men umid qilamanki, natija bo‘ladi. Qon to‘kilishni to‘xtatish va urush yana qo‘zg‘atilmasligiga kafolat berish kerak», — deb yozdi Ukraina rahbari ijtimoiy tarmoqlarda.

Jyenevadagi muzokaralarda ishtirok etayotgan Ukraina Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi kotibi Rustem Umerov 23 noyabr kuni tinchlik rejasining yangi «tahriri» haqida ma’lum qildi, uning so‘zlariga ko‘ra, u «kelishuvning yakuniy bosqichida» turibdi va «ukrainaliklarning asosiy ustuvor maqsadlari aksariyat qismini aks ettiradi». Umerov hech qanday qo‘shimcha tafsilotlarni keltirmagan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid