Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Yaponiya Tayvan bo‘yicha bayonotlari bilan «qizil chiziqdan o‘tdi» – Xitoy
«Yaponiya rahbarlari aytmasligi kerak bo‘lgan gaplarni aytgani va tegilmasligi lozim bo‘lgan qizil chiziqdan o‘tgani hayratlanarli», deb yozdi Xitoy tashqi ishlar vaziri Van I. Avvalroq Yaponiya yangi bosh vaziri Sanae Takaichi Tayvan atrofida dengiz blokadasi - ehtimoliy harbiy aralashuvga olib kelishini aytgandi.
Xitoy tashqi ishlar vaziri Van I / Foto: Reuters
Yaponiya rasmiylarining Tayvan bo‘yicha ehtimoliy harbiy aralashuv haqida gapirgan gaplari Xitoy tomonidan «qizil chiziqdan o‘tish» deya baholanmoqda. Bu haqda Xitoy tashqi ishlar vaziri Van I tomonidan yakshanba kuni e’lon qilingan bayonotda so‘z boradi.
Yaponiya bosh vaziri Sanae Takaichi 7 noyabr kuni «Xitoyning Tayvan atrofida dengiz blokadasi yoki boshqa harakatlari Yaponiya tomonidan harbiy javob uchun asos bo‘lishi mumkinligi»ni aytgan edi. Van I bu izohlar «shok holatini keltirib chiqarganini» aytdi.
«Yaponiya hozirgi rahbarlarining Tayvan masalasiga harbiy aralashuvga urinish haqidagi noto‘g‘ri signalni ochiqchasiga yuborgani, aytmasligi kerak bo‘lgan gaplarni aytgani va tegilmasligi lozim bo‘lgan qizil chiziqdan o‘tgani hayratlanarli», deya Xitoy bosh diplomatining so‘zlarini keltirmoqda Associated Pres.
Bu bayonot – keskinlikka hozirgacha eng yuqori martabali Xitoy rasmiysi tomonidan bildirilgan munosabat bo‘ldi. Van Xitoy «qat’iy javob berishi» kerakligini, barcha davlatlar esa «yapon militarizmining qayta tiklanishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun mas’ul» ekanini qo‘shimcha qildi.
Yaponiya va Xitoy keskinligi
O‘tgan oyda Yaponiya hukumatiga kelgan Takaichining pozitsiyasi avvalgi bosh vazirlarga qaraganda ancha keskin ko‘rinmoqda. Oldingi rahbarlar Xitoyning Tayvanga tahdidi borasida xavotir bildirgan bo‘lsa-da, Yaponiya qanday javob berishi haqida ochiq gapirmagan edi.
Takaichining bayonotlari so‘nggi bir necha hafta ichida ikki davlat o‘rtasidagi keskinlikni oshirdi. Rasmiy Pekin BMT bosh kotibi Antoniu Guterrishga bu masalada xat yuborib, Takaichining «xalqaro huquq va diplomatik me’yorlarni qo‘pol buzganini» tanqid qildi.
«Agar Yaponiya – Tayvan bo‘g‘ozi bo‘yicha vaziyatga qurolli aralashuvga jur’at qilsa, bu tajovuz harakati bo‘ladi», deb yozdi Xitoyning BMTdagi elchisi Fu Tsung. Shuningdek, elchi, Xitoy xalqaro huquqqa muvofiq «suvereniteti hamda hududiy yaxlitligini qat’iy himoya qilishini» bildirgan.
Pekin – o‘zini o‘zi boshqarayotgan Tayvanni o‘z hududi deb biladi va zarur bo‘lsa kuch bilan qo‘shib olishga tayyor. Boshqa davlatlarning, ayniqsa orolning asosiy qurol yetkazib beruvchisi bo‘lgan AQSh, shuningdek, Yaponiya va Filippin davlatlarining Tayvan bilan shug‘ullanishiga Xitoy keskin qarshi chiqib keladi.
Sanae Takaichining Tayvandan boshqa da’volari ham xitoyliklarni tashvishga solmoqda. Xususan, u 1967 yilda qabul qilingan, yadro quroliga ega bo‘lmaslikka doir davlat siyosatining uchta tamoyilini qayta ko‘rib chiqishni rejalashtirmoqda. Unga ko‘ra, bosh vazir mamlakatga yadro qurolini olib kirishni taqiqlashdan voz kechishni taklif qilgan.
Xitoy tomoni Yaponiyadan bu pozitsiyadan voz kechishni talab qilmoqda. Shuningdek, Xitoy hukumati o‘z fuqarolariga Yaponiyaga safarlardan voz kechishni tavsiya etdi. Bu Tokioning turizm daromadlariga keskin ta’sir qilishi mumkin.
Bu keskinliklar – Xitoy qirg‘oqni qo‘riqlash xizmati kemalari Yaponiya nazoratida bo‘lgan suv hududlariga, Xitoy samolyotlarining Tayvan havo hududiga kirishiga olib keldi.
Mavzuga oid
21:09 / 04.12.2025
Birinchi «Markaziy Osiyo – Yaponiya» sammiti Tokioda o‘tkaziladi
18:54 / 04.12.2025
Sirdaryo viloyatida Xitoy bilan hamkorlikda avtomobil ishlab chiqariladi
17:37 / 04.12.2025
Sirdaryodagi 9 ta tuman-shahar hokimlari Xitoyga yo‘l oladi
11:22 / 04.12.2025