Jahon | 07:30 / 25.11.2025
9252
4 daqiqa o‘qiladi

Eng baland teleminoralar reytingi: top-10 ro‘yxat

Teleminoralar zamonaviy shaharlar va texnologiyalar rivojida muhim rol o‘ynaydi, ularda muhandislik mahorati, me’moriy ifoda va amaliy funksiyalar uyg‘unlashgan. Dunyodagi eng baland o‘nta teleminora ro‘yxati taqdim etildi.

Foto: Skyscrapercity

Tokyo Skytree, Yaponiya — 634 metr

Tokio shahrining Sumida tumanida joylashgan Tokyo Skytree teleradio minora, restoran va kuzatuv maydonchasi vazifasini bajaradi. Bu dunyodagi eng baland minora (634 metr) bo‘lib, Burj Xalifa (828 m) va Merdeka 118 (678,9 m) osmono‘par binolaridan keyin uchinchi eng baland inshoot hisoblanadi.

Canton Tower, Xitoy — 600 metr

Bu ko‘p funksiyali xitoy minorasi Guanchjou shahrining Xaychju tumanida joylashgan.

CN Tower, Toronto, Kanada — 553,3 metr

1976 yilda qurib bitkazilgan CN Tower o‘z vaqtida dunyodagi eng baland o‘zini o‘zi mustaqil ushlab turuvchi inshoot va eng baland minoraga aylangan. U 34 yil davomida shu ikki rekordni saqlab qoldi — 2010 yilda Burj Xalifa va Canton Tower barpo etilguncha. Bugungi kunda ham u g‘arbiy yarimshardagi eng baland o‘zini o‘zi mustaqil ushlab turuvchi konstruksiya hisoblanadi.

Ostankino teleminorasi, Moskva, Rossiya — 540,1 metr

1967 yilda ochilgan. U Moskvadagi televizion va radiotranslatsiya minorasi. Hozirda Yevropa hududidagi eng baland o‘zini o‘zi mustaqil ushlab turuvchi inshoot va dunyoda yettinchi eng baland minora hisoblanadi. Ostankino minorasi 500 metr balandlikdan oshgan birinchi inshoot bo‘lgan.

Oriental Pearl Tower, Xitoy — 468 metr

1994 yilda ochilgan. Shanhayda joylashgan bo‘lib, televizion minora sifatida foydalaniladi. Uning oson taniladigan futuristik silueti shahar ramzlaridan biriga aylangan va Xitoydagi eng mashhur sayyohlik joylaridan biri hisoblanadi.

Milad Tower, Eron — 435 metr

2007 yilda ochilgan. Tehronda joylashgan bu ko‘p funksiyali beton minora teleradioeshittirishdan tashqari kuzatuv maydonchasi, konferensiya zallari va aylanma restoranni ham o‘z ichiga oladi.

KL Tower, Malayziya — 421 metr

1995 yilda ochilgan va betondan qurilgan. Kuala-Lumpurda joylashgan KL Tower Janubi-Sharqiy Osiyodagi eng baland minora hisoblanadi. Minora telekommunikatsiya ehtiyojlari uchun va poytaxt manzarasini tomosha qilish mumkin bo‘lgan sayyohlik obekti sifatida xizmat qiladi.

Tianjin Radio and Television Tower, Xitoy — 415,2 metr

Tyanszin shahrida joylashgan beton teleradio minora bo‘lib, 1991 yilda ochilgan. Teleradio signallarini uzatish hamda kuzatuv maydonchasi sifatida xizmat qiladi.

Central Radio and TV Tower, Xitoy — 405 metr

Pekin shahrida joylashgan beton minora, 1992 yilda ochilgan. U teletranslatsiya uchun ishlatiladi, shuningdek, shahar panoramasini ko‘rish mumkin bo‘lgan ommabop kuzatuv maydonchasiga ega.

Zhongyuan Tower, Xitoy — 388 metr

Po‘latdan qurilgan bu minora 2011 yilda Chjenchjou shahrida ochilgan. U 200 nafar mijozga mo‘ljallangan aylanma restorani va kuzatuv maydonchasi bo‘lgan televizion minora. Qisqa vaqt mobaynida Zhongyuan Tower dunyodagi eng baland po‘lat minora unvonini ushlab turgan, keyinchalik bu unvonni Tokyo Skytree qo‘lga kiritgan.

Mavzuga oid