Jahon | 11:55 / 25.11.2025
2422
2 daqiqa o‘qiladi

Tramp va Si Jinping Ukrainadagi urushni muhokama qildi

AQSh prezidenti Donald Tramp Xitoy Xalq Respublikasi raisi Si Jinping bilan bo‘lgan telefon suhbati davomida Ukrainadagi urushni muhokama qilgani haqida xabar berdi. Si Ukrainada tinchlikka erishishni tezlashtirishga chaqirdi va Trampga Pekinning Tayvan masalasidagi pozitsiyasini eslatdi. Davlat tashriflarini almashish rejalashtirilgan.

Foto: Andrew Harnik/Getty Images

AQSh prezidenti Donald Tramp dushanba kuni, 24 noyabrda o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida Xitoy Xalq Respublikasi raisi Si Jinping bilan telefon orqali suhbatlashganini va ular «Ukraina va Rossiyani ham o‘z ichiga olgan holda ko‘plab mavzularni muhokama qilganini» yozdi. Tramp suhbatni «juda yaxshi» deb atadi. Ukrainadagi urushning aynan qaysi jihatlari muhokama qilinganiga Oq uy rahbari aniqlik kiritmagan.

Suhbatda tilga olingan boshqa mavzular qatorida AQSh prezidenti fentanil giyohvandlik moddasiga qarshi kurash va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari savdosini ham sanab o‘tdi. «Bizda Xitoy bilan munosabatlar juda ham mustahkam», — deya ta’kidladi u.

Respublikachining so‘zlariga ko‘ra, Si uni aprel oyida Pekinga taklif qilgan. Javoban Tramp Xitoy rahbarini 2026 yil mayidan dekabrigacha bo‘lgan davrda AQShga tashrif buyurishga chorlagan.

Xitoyning «Sinxua» davlat axborot agentligi suhbat bo‘lib o‘tganini tasdiqlab, xabar berishicha, Si Jinping Trampga Pekinning Tayvan bo‘yicha pozitsiyasini yetkazgan.

«Ikki rahbar shuningdek Ukrainadagi inqirozni muhokama qildi. Si Jinping Xitoy tinchlikka xizmat qiladigan barcha sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladi va tomonlar mumkin qadar tezroq yaqinlashib, adolatli, mustahkam va majburiy tinchlik kelishuviga erishishiga umid bildirdi, shu orqali inqirozni ildizi bilan hal qilish zarurligini qayd etdi», — deyiladi «Sinxua» xabarida.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid