Jahon | 13:23 / 26.11.2025
2855
2 daqiqa o‘qiladi

Dolzarbligini yo‘qotgan 800 ga yaqin hujjat bekor qilinadi

Prezidentning “Qonunchilikdagi huquqiy bo‘shliqlarni bartaraf etish va tartibga solish yukini kamaytirish to‘g‘risida”gi farmoni bilan amalda ahamiyatini yo‘qotgan 800 ga yaqin qonunchilik hujjatlari “tartibga solish gilotinasi” orqali bekor qilinadi, tadbirkorlik va boshqa sohalardagi qator majburiy talablar qisqartiriladi.

Foto: Pexels

Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan “Qonunchilikdagi huquqiy bo‘shliqlarni bartaraf etish va tartibga solish yukini kamaytirish to‘g‘risida”gi prezident farmoni qabul qilindi.

Farmonga muvofiq, amalda o‘z ahamiyati va dolzarbligini yo‘qotgan 800 ga yaqin qonunchilik hujjatlari “tartibga solish gilotinasi” mexanizmi orqali bekor qilinadi. Bu orqali ortiqcha byurokratik talablarni qisqartirish, huquqiy aniqlikni ta’minlash va qonunchilikni zamonaviy talablarga moslashtirish ko‘zda tutilgan.

Hujjat bilan tadbirkorlik va boshqa sohalardagi ayrim majburiy talablarni qisqartirish, tartibga solishni soddalashtirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” tasdiqlandi. Jumladan, u quyidagilarni nazarda tutadi:

  • tadbirkorlar uchun moliyaviy operatsiyalarni E-aktiv tizimida aks ettirish majburiyatini bekor qilish;
  • ko‘chmas mulkka nisbatan garov huquqini ro‘yxatga olishda davlat xizmati narxini 2 baravarga kamaytirish;
  • shaxsiy ehtiyoj uchun respublikaga olib kiriladigan tovarlarning bojsiz olib kirish normalarini to‘liq qayta ko‘rib chiqish;
  • yer uchastkasiga bo‘lgan huquqini o‘ziga bog‘liq bo‘lmagan sabablarga ko‘ra ro‘yxatdan o‘tkazmagan nogironligi bo‘lgan shaxslarga muqobil hujjatlar asosida soliq imtiyozlaridan foydalanish imkonini yaratish.

Farmonda belgilangan chora-tadbirlar qonunchilikdagi huquqiy bo‘shliqlarni bartaraf etish, tartibga solish yukini kamaytirish va tadbirkorlik faoliyati uchun yanada qulay huquqiy muhit yaratishga xizmat qilishi ko‘zda tutilgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid