Jahon | 16:52 / 26.11.2025
4537
3 daqiqa o‘qiladi

Hongkongdagi yirik turar-joy majmuasida yong‘in chiqdi

Chorshanba kuni Hongkongda, fasadi bambuk yog‘ochlari bilan o‘ralgan 2 ming kishilik turar-joy majmuasida yirik yong‘in ro‘y berdi. Ko‘plab odamlar ichkarida qamalib qolgan. Hozircha kamida to‘rt kishi halok bo‘lgani ma’lum.

Foto: Reuters

26 noyabr kuni Hongkongning Tai Po tumanida joylashgan turar-joy majmuasida bir nechta ko‘p qavatli uylarda yirik yong‘in kuzatildi. Associated Press nashrining mahalliy rasmiylarga tayanib yozishicha, yong‘in oqibatida to‘rt kishi halok bo‘lgan, boshqalar ichkarida qamalib qolgan.

Voqea joyidan olingan videoda bir-biriga yaqin joylashgan kamida beshta bino yonayotgani, ko‘plab kvartiralarning derazalaridan yorqin alangalar va tutun otilib chiqayotgani ko‘rinadi. Hududda kech tushishi bilan manzara yanada yaqqol ko‘ringani aks etgan. O‘t o‘chiruvchilar narvonli yuk mashinalaridan kuchli alangaga suv yo‘naltirmoqda.

Shiddatli yong‘in yuz bergan Tai Po tumanidagi majmua tashqi tomonida bambuk yog‘ochlari va yashil qurilish to‘rlari bilan o‘ralgani ko‘rinadi. Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu uy-joy majmuasi qariyb 2 000 ta xonadondan iborat sakkiz blokdan tashkil topgan.

Hongkong hukumati to‘rt kishi halok bo‘lganini va yana besh kishi shifoxonaga yotqizilganini ma’lum qildi.

Halok bo‘lganlar orasida bir o‘t o‘chiruvchi ham bor, yana bir o‘t o‘chiruvchi « kuchli issiq oqibatidagi holsizlikdan» davolanmoqda, dedi Yong‘in xizmati departamenti direktori Endi Ëung.

Foto: AP

AP nashrining yozishicha, politsiya jabrlangan binolarda qamalib qolgan odamlar haqida bir nechta murojaatlar tushganini aytgan, biroq tafsilot bermagan.

Yong‘in tushdan keyin xabar qilingan. Rasmiylar, u eng yuqori daraja – 5-darajali ogohlantirishga ko‘tarilganini ma’lum qildi.

Tai Po tumanidagi mahalliy amaldorlar yong‘in sabab uy-joysiz qolgan odamlar uchun vaqtinchalik boshpanalar tashkil qilmoqda.

Nashrning yozishicha, bambukdan yasalgan konstruksiyalar — Hongkongda qurilish va ta’mirlash loyihalarida keng uchraydi. Biroq hukumat joriy yilda xavfsizlik bilan bog‘liq xavotirlar sabab jamoat loyihalarida uni bosqichma-bosqich bekor qilishni boshlashini aytgandi.

Mavzuga oid