Jahon | 10:23 / 26.11.2025
2192
4 daqiqa o‘qiladi

Makron: Rossiya yangi tinchlik rejasini muhokama qilishga tayyor emas

RF Ukraina bo‘yicha yangilangan tinchlik rejasini muhokama qilishga tayyor ekanini ko‘rsatmayapti, dedi Fransiya prezidenti Emmanuel Makron. U Kiyev va Odessada xalqaro kuchlarni joylashtirishni taklif etdi. Bu g‘oyaga Sergey Lavrov qarshi chiqdi.

Foto: Thibault Camus/AP

Rossiya Ukraina, AQSh va Yevropa vakillari tomonidan kelishilgan tinchlik rejasining yangi variantini muhokama qilishga tayyor emas. Bu haqda Ukrainaga ko‘mak berayotgan davlatlardan tuzilgan «ko‘ngillilar koalitsiyasi»ning onlayn-yig‘ilishi yakunidan so‘ng, seshanba, 25 noyabr kuni Fransiya prezidenti Emmanuel Makron ma’lum qildi. Ushbu majlisda AQSh davlat kotibi Marko Rubio birinchi bor ishtirok etdi.

«Rossiya hozir otashkesim to‘g‘risida kelishishga yaqqol tayyor emas», — deya Makronning so‘zlarini keltiradi AFP agentligi. Siyosatchining ta’kidlashicha, Moskva yangi tinchlik rejasini «muhokama qilishga tayyorligini namoyon etmadi». Emmanuel Makron Moskvani muzokaralarga kirishishga undash uchun «bosimni davom ettirishga» chaqirdi.

Bir necha soat oldin Fransiya prezidenti RTL va M6 telekanallariga bergan intervyusida urush tugagandan so‘ng Ukrainaga xalqaro «xavfsizlik kuchlari»ni yuborishga chaqirdi. Uning fikricha, bu kuchlar Kiyev yoki Odessada joylashtirilishi kerak, ular «old chiziqda» turmasligi lozim.

«Fransuz, britan va turk harbiylari tinchlik shartnomasi imzolangandan keyin, urush payti emas, o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazish va xavfsizlikni ta’minlash operatsiyalarini amalga oshirish uchun u yerda bo‘ladi. Xuddi biz NATOning sharqiy qanotidagi ayrim mamlakatlarda qilayotganimiz kabi», — dedi Emmanuel Makron. U, shuningdek, «havoda, quruqlikda yoki dengizda bo‘ladimi, faol harakatlarga tayyor ekanini» allaqachon taxminan 20 ta davlat bildirganini qo‘shimcha qildi.

25 noyabr kuni Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer ham Ukrainaga xalqaro kontingent kiritish g‘oyasini qo‘llab-quvvatladi. «Biz tayyorlayotgan ko‘p millatli kuchlar bu jarayonda muhim rol o‘ynaydi. Oxirgi oylarda juda qattiq mehnat qilgan harbiy rejalashtiruvchilarimiz bu kuchlarning jangovar tayyorgarligi ustida ishlashda davom etadi», — dedi Starmer.

Rossiya TIV rahbari Sergey Lavrov esa Makron so‘zlarini «eng tajovuzkor bayonot» deb atadi va uning Kiyev hamda Odessa haqidagi taklifini «shunchaki xayollar» sifatida baholadi.

«Ko‘ngillilar koalitsiyasi»ning 25 noyabrdagi onlayn-yig‘ilishi ishtirokchilari «xavfsizlik kuchlari» bo‘yicha ishchi guruh tuzishga kelishib oldi. Unga Fransiya va Buyuk Britaniya rahbarlik qiladi, shuningdek AQSh ham ishtirok etadi, dengiz kuchlari masalalarida esa Turkiyaning faol ishtiroki kutilyapti. Emmanuel Makronning ta’kidlashicha, bu kuchlar Rossiya va Ukraina o‘rtasida kelishuvga erishilgan taqdirda «ukrain armiyasini mustahkamlash uchun» «mudofaa xatti-harakatlarining ikkinchi chizig‘i»ga aylanishi kerak.

«Bosim Rossiya tushunadigan yagona til bo‘lib qolmoqda. Biz uni haqiqiy ravishda tinchlik yo‘lidan borishga tayyorlik namoyon etilgunga qadar kuchaytirib boramiz», — deb yozdi Yevrokomissiya raisi Ursula fon der Lyayyen 25 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan uchrashuv haqida X ijtimoiy tarmog‘ida.

Mavzuga oid