Sog‘lom hayot | 20:21 / 27.11.2025
3879
6 daqiqa o‘qiladi

Ish samaradorligini pasaytiruvchi 5 omil

Mehnat unumdorligi faqatgina xodimning malaka va qobiliyatiga bog‘liq emas. Ish muhiti, ruhiy holat, aqliy yuklama, sog‘liq hamda vazifalarni rejalashtirish kabi omillar bu borada muhim rol o‘ynaydi. Ushbu maqolada eng ko‘p uchraydigan hamda ish samaradorligiga bevosita ta’sir qiluvchi 5 asosiy omil haqida so‘z boradi.

Foto: Getty images

Me’yordan ortiq aqliy mehnat

Doimiy va intensiv aqliy ish miya faoliyatini tez charchatadi. Xodim kun davomida faqat uzluksiz murakkab masalalar bilan shug‘ullansa, u qaror qabul qilish qobiliyatini yo‘qotadi, diqqatini jamlay olmaydi va vazifalarni samarali bajarish qobiliyati sezilarli darajada pasayadi.

Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, miya har bir vazifa uchun ma’lum miqdorda energiya sarflaydi va u energiya cheklangan. Haddan ortiq aqliy yuklama qaror qabul qilishda xatoliklar sonini oshiradi, ijodiy fikrlashni susaytiradi va motivatsiyani pasaytiradi. Masalan, kun davomida uzluksiz 8–10 soat murakkab hisob-kitoblar yoki tahliliy ish bilan shug‘ullangan xodim ertangi kunning o‘zida oddiy qarorlarni qabul qilishda ham qiyinchilikka duch keladi.

Bunday holatning oldini olish uchun aqliy mehnatni kuniga 6–8 soat bilan cheklash va har 50–60 daqiqada 10–15 daqiqalik qisqa tanaffus qilish muhim. Ushbu tanaffuslar miya faoliyatini tiklaydi, diqqatni qayta jamlash va keyingi ish segmentida yuqori natija berish imkonini oshiradi. Tanaffuslar davomida yengil jismoniy mashqlar qilish yoki qisqa yurish miyaga kislorod yetkazib, charchoqni kamaytiradi. Shu tarzda ish samaradorligi pasayishining oldini olish va aqliy energiyani to‘g‘ri taqsimlash mumkin.

Noqulay ish muhiti

Ish joyidagi sharoitlar ham samaradorlikka bevosita ta’sir qiladi. Shovqinli muhit, yetarlicha yorug‘lik bo‘lmasligi, noqulay stol va stul xodim diqqatini jamlashini qiyinlashtiradi, charchoqni tezlashtiradi va ish sifatini pasaytiradi. Masalan, noto‘g‘ri joylashtirilgan kompyuter monitori yoki mos kelmagan stul bel va bo‘yinni shikastlaydi, oqibatda ish vaqti davomida charchoq sezilarli darajada oshadi.

Tadqiqotlarga ko‘ra, ergonomik jihatdan qulay ish muhiti xodimning fokusini mustahkamlaydi, ishga bo‘lgan motivatsiyasini kuchaytiradi va samaradorlikni 20–40 foizgacha oshirish imkonini beradi.

Mutaxassislar tavsiyasiga ko‘ra, ish joyini shaxsiy ehtiyojlarga moslashtirish muhim. Masalan, stol balandligini to‘g‘ri sozlash, stulni ergonomik qilish, yetarli yorug‘lik va shovqinsiz muhit yaratish ish samaradorligini sezilarli darajada oshiradi. Shuningdek, ish joyini tartibli saqlash ham diqqatni jamlash va tezkor ish qilish imkonini beradi.

Ruhiy charchoq va stress

Doimiy ish bosimi, ortiqcha talablar va ustuvorliklarni noto‘g‘ri belgilash xodimlarda ruhiy charchoq va stressni keltirib chiqaradi. Bunday holat ishga bo‘lgan motivatsiyani kamaytirish bilan bir qatorda, diqqatni jamlash va murakkab vazifalarni bajarish qobiliyatini pasaytiradi.

Muntazam paydo bo‘ladigan stress ta’sirida tanadagi kortizol gormoni darajasi oshadi, bu esa konsentratsiya va ijodiy fikrlashni susaytiradi, uyqu sifatini pasaytiradi hamda immun tizimining faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Uzoq muddat stress ostida ishlash xodimning umumiy sog‘lig‘ini ham xavf ostiga qo‘yadi.

Sog‘liq bilan bog‘liq muammolar

Uyqu yetishmasligi, noto‘g‘ri ovqatlanish, ko‘z charchoqlari va mushaklardagi taranglik ish jarayonida energiyaning tez tugashiga olib keladi. Masalan, 6 soatdan kam uxlaydigan odamning diqqatni jamlash qobiliyati pasayishi ilmiy jihatdan isbotlangan. Ko‘zning charchashi esa kompyuterda ishlash tezligini sekinlashtiradi, xatoliklarni ko‘paytiradi va bosh og‘rig‘iga sabab bo‘ladi.

Noto‘g‘ri ovqatlanish ham kun davomida energiya pasayishiga sabab bo‘ladi. Shakar va yog‘ga boy ovqatlar energiyani tez ko‘taradi, lekin shiddat bilan pasaytiradi: bu holat “energiya cho‘kishi” deb ataladi. Muntazam jismoniy faollik bo‘lmasa, mushaklarda taranglik yuzaga keladi, orqa va bo‘yin og‘rig‘i kuchayadi va xodimning umumiy ish unumdorligi tushib ketadi. Mazkur holatlar asosan o‘tirib ishlaydiganlarga tegishli.

Sog‘lom uyqu, balansli ovqatlanish, yetarli miqdorda suv ichish va kun davomida eng kamida 10–15 daqiqalik yengil jismoniy mashqlarni bajarish xodim energiyasini tiklaydi.

Vazifalarning noto‘g‘ri taqsimlanishi

Bir vaqtning o‘zida bir nechta murakkab vazifani bajarishga urinish miya faoliyatini bo‘lib yuboradi, natijada hech bir ish to‘liq sifat bilan yakunlanmaydi.

Tadqiqotlarda ko‘p vazifalilik (multitasking) ishni 40 foizga sekinlashtirishi aniqlangan. Chunki miya birdan bir vazifadan boshqasiga o‘tishda energiyani yo‘qotadi, bu “kognitiv almashinuv xarajati” deb ataladi. Ustuvorliklarni belgilamaslik esa xodimni tartibsiz ishlashga majbur qiladi, stressni kuchaytiradi va ishlanayotgan loyihalarning sifatini pasaytiradi.

Ishlarni rejalashtirish, kun boshida ustuvor vazifalarni ajratish, “bir vaqtning o‘zida bitta ish” tamoyiliga amal qilish samaradorlikni oshiradi. Masalan, kunning eng sermahsul vaqtida eng muhim vazifani bajarish, kichik vazifalarni esa energiya pastlagan paytga qoldirish yaxshi natija beradi. Bundan tashqari, juda ko‘p mayda-chuyda ishlarni kun davomida yakunlashga urinish ham miyaning diqqatini bo‘lib yuboradi. Shu bois xodim va rahbar uchun eng yaxshi yo‘l vazifalarni to‘g‘ri yuklash, muddatlarni aniq belgilash va muhim sanalmagan multitaskingdan voz kechishdir.

Диёрахон Набижонова
Tayyorlagan Диёрахон Набижонова
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid